Вт, 21.08.2018, 03:44
Приветствую Вас, Mexmon

"XAROBADAGI ARVOH" 4-qism
Notanish ayol Keyingi uch kun shu zaylda o’tdi. Ajablanarlisi, bezovta arvoh uch kun ichida biror marta ham tushimga kirmadi. Umuman hech qanday tush ko’rmadim, uyqun tinch, uyg’oqligim tetik edi. Vaqt o’tib borar, bu sinoatlarga qiziqishim ham tobora kuchayib ketaverardi. Endi menda avvalgi qo’rquvdan asar qolmagan, to’g’rirog’I, arvoh beziyon ekanligiga cholning hikoyasidan keyin ishonch hosil qildim, endi unga rahmim kelardi. Meni faqat qanchalik qudratga ega ekanligi, nimalarga qodirligi noma’lum bo’lgan sirli maxluq biroz vahimaga solardi. O’tgan uch kun ichida cholni qidirib qal’aga borishni kanda qilmadim. Nazdimda hamma kalitlarning javobi cholda edi. Qariyani endi tepalikdan, yantoqzor kenglikdan ham, izlay boshladim. Yaqin orada qo’y qo’zilarini o’tlatib yurgan notanish cho’pondan ham chol haqida so’radim. Ammo, u ham men tasvirlagan qariyani tanimasligini, bunaqa odamni bu yaqin atrofda uchratmaganini aytdi. Qidiruvlarim besamar ketdi. Shu uch kun ichida hikoyamga ham biror arzirli gap yozmadim. Men uchun sinoatlarsiz hayot zerikarli edi. Qal’ada ham, tepalikda ham , uning atrofida ham, hatto isiriq va yantoqzordan iborat tekislikda ham, qari cho’ponning o’zini ko’rish u yoqda tursin izini ham topolmadim. Buning ustiga shunday yoshi ulug’ odamni hech kim tanimasligi g’alati. Nihoyat uchinchi kun deganda ,meni hayrat va hayajonga solgan, misli ko’rilmagan sinoat yuz berdi. Usha kuni ertalabki salqinda tepalik ortidagio eski qabristonga bormoqchi bo’ldim. Cholni topishdan deyarli umidimni uzgan bo’lsamda, ko’nglim taskin topishi uchun oxirgi manzil – go’ristondan ham uni qidirishni maqsad qildim. Baland tog’lar bilan o’ralgan qishloqda quyosh bosh ko’tara boshlaganida men ham hovlidan chiqdim. Tepalikni aylanib o’tgunimcha ancha vaqt ketib, havo isib ketishi mumkin edi. Shuning uchun, yuqoriga, qal’aga ko’tarilib.bepoyon go’ristonni obdon ko’zdan kechira boshladim. Mozorning katta qismi xaroba ahvolda, jangal, qurigan hashak va qamishlar biolan ko’milib ketgan, bir qismi obod qilingan, ayrimlariga xotira toshlari qo’yilgandi. Marmar toshlar endi chiqib kelayotgan quyoshning ilk qizg’ish nurlari ta’sirida yaltirab ko’rinardi. Eski qabrda yakkam dukkam o’sgan archa ,terak kabi daraxtlar go’ristondagi yaqona yashillik edi xolos. Qo’limga yaqin orada cho’ponlar unutib qoldirgan tayoqni olib, xuddi ulardek belimdan o’tkazib oldim. Qabristonda sukunat hukumron edi, atrof jimlikni yozda ham uchib ketmagan qarg’aning ovozi buzardi. Bepoyon go’ristonda bir zog’ ko’rinmasdi, faqat uzoq uzoqlarda qo’ylarini o’tlatib yurgan cho’ponlarning qorasi ko’rinardi. Katta kichik marmar toshlar qo’yilgan qabrlar oralab yurarkanman, menga nisbatan sal nariroqda turgan qabr e’tiborimni tortdi. Qabr baland panjara bilan o’ralgan bo’lib, bosh qismiga temirdan yasalgan inson panjasi uzun cho’pning uchiga qotirib qo’yilgandi. Boshqa qabrlardan ajralib turgan bu mozor kimga tegishli ekanligiga qiziqdim. Eski marmar toshga qarab, ham dahshatga tushdim, ham hayratdan yoqa ushladim. Qabr egasini darrov tanidim, marmar toshga men izlayotgan cholning yoshlikdagi surati chizilgandi. Uni ko’zlaridan tanidim, mohirlik bilan chizilgan suratdagi usha o’tkir va aqlli ko’zlar hozir ham menga qarab turardi. Yantoqzor tekislikga yong’oqdek sochilgan katta kichik qabrlar orasida bir zum nima qilishimni bilmay eski mozor boshida serrayib qoldim. Yuragimni bir zum qo’rquv changallagandek ezg’ilay boshladi. Yon atrofdagi barcha hashoratlar tanamga yopiriliub chiqayotgandek, vujudimni minglab chimchilashlar egallab oldi. Surat esa hamon xuddi tirik odamdek menga qarab turardi. Bu yana qanday sinoat bo’ldi? Kuni kecha ytuzma yuz gaplashgan cholning qabrini bugun xotira toshiga yoshlikdagi surati chizilgan eski qabrdan topsam. Yo alxazar! Tosh qarshisida o’tirib marxumning, jamiki o’tganlarning haqiga tilovat qildim. Eski qabrning boshiga pishiq g’ishtdan gumbazli xotira monumenti bunyod etilgan bo’lib, gumbazning qoq o’rtasidagi kichik marmar toshga cholning yoshlik surati, surat tagiga Xoliqov Rahim, uning tug’ilgan va vafot etgan yili yozilgan yozuv bor edi. Gumbaz bunyod etilganiga ancha vaqt bo’lgandi,chunki, uning pishiq g’ishtlari nurab, bir qismi to’kilib tushgan , qabr atrofiga o’rnatilgan temir panjara esa zanglab ketgandi. Qabrning boshqa mozorlarga nisbatan ozodaligi, tikanak va qamishlardan tozalab turilganiga qarab, marhumning yaqinlari tez tez bu yerga kelib, undan xabar olib turishini bilish mumkin edi. Lekin nega odam panjasi shaklidagi temir bo’lagining qabrga sanchib qo’yilganiga aqlim yetmadi. Umuman, hozir men duch kelgan g’aroyib holat fikrlarimni to’zg’itib yuborgandi, hozir biror narsani izohlashga qodir emasdim. Bu voqealarga qanchalik sho’ng’ib borsam, qiziqishim ham brogan sari ortib borardi. Nima bo’lganda ham cholni topdimku,dedim o’zimga o’zim, biroq, u mening savollarimga javob berishga ojiz edi. Endi nima qilishimni , qayerdan javob izlashni bilmasdan boshim qotib turganida, shundoqqina ortimda jaranglagan ayol kishining ovozi chop’chitib yubordi. O’rnimdan turib ming xil dahshatli hayol bilan ortimga o’girildim, hayriyatki, qarshimda arvoh emas tirik odam turardi. Bir zum dahshatga tushishim tabiiy edi, boshimdan o’tkazgan sirli hodisalar, bundan tashqari bu bepoyon, qarovsiz ko’hna qabriston ham yurakka vahima solib turardi. Agar hozir qarshimda o’rta yoshlardagi, xushbichim kiyingan. Boshiga yengil rangsiz ro’mol tashlagan, qo’lida gul ko’targan ayol kishi emas, oq ridoga o’ralgan, havoda muallaq turadigan dahshatli arvoh turganida ham ajablanmasdim. Go’ristonning o’zi ham hatto kunduzi yurakka vahima solib turardi. - Assalomu alaykum, dedim menga qarab hayratlanib turgan ayolga. - Vaalaykum salom, cho’chitib yuborganim uchun uzur yigitcha -dedi va aybini yuvmoqchi bo’lgandek sekin yelkamga urib qo’ydi. Men noqulay ahvolga tushib g’udrandim. Ayol esa sirli qabrning boshiga kelib, gumbazli toshga o’zi bilan olib kelgan gullarni omonatgina qo’ydi va sekin cho’kkallab tilovat uchun qo’lini ochdi. Men ham uning yoniga o’tirib, yana bir marta duo o’qidim. Baravariga omin qildik. Ayol mendan oldin gap boshladi: - Sizni ilgari bu yerlarda ko’rmaganman? Bu yerlikga o’xshamaysiz? - Ha to’g’ri, men bu yerlik emasman, dedim biroz o’ng’aysizlanib- journalistman, mana bu qal’a tarixini o’rganish uchun Toshkentdan keldim. Ayol qarshimizdagi qal’aga bir zum qarab oldi. - Bir haftadan buyon shu yerdaman, ilmiy maqola yozyapman, dedim so’zimni davom ettirib, aytishlaricha, qal’aning xarob bo’lish tarixi mana shu mozoristonning paydo bo’lishi bilan bir vaqtda sodir bo’lgan ekan. Dabussiya bilan qabriston tarixi bog’liq bo’lgani uchun bu yer haqida ham yozishim kerak. Shu sabab kun qizib ketmasdan tong saharlab mozorlarni oralab yurgandim, dedim ayol bu qabr boshida nima qilayotganim haqida so’rab ortiqcha qistovga tutmasligi uchun. - Tushunarli, dedi ayol temir panjara oralab qo’lini cho’zib endigina ko’kara boshlagan yashil o’simlikni sug’irib olarkan. - Siz esa asli shu yerlikga o’xshaysiz, dedim beparvo gap tashlab, lekin, shaharda yashaysiz, marhum akangiz bo’ladi. Bu yerga shaxsiy mashinangizda keldingizmi? Jurnalistik sinchkovligim qo’zib qoldi va bu xususiyatim begona ayol bilan yaqindan suhbatlashib, chol haqida ma’lumot olish imkonini tug’dirdi. Harholda, ayol cholga, to’g’rirog’I qabrdagi erkakga begona emasdi. - Qayerdan bildingiz?, dedi ayol jilmayib va qiziqish bilan menga boshdan oyoq razm soldi. - Juda oddiy, dedim ayolni qiziqtirib qo’yganimdan zavqlanib, sizni ko’rganimdayoq yuz ko’zingizda suratdagi insonga o’xshashlik borligini sezdim, marmar toshga imo qilarkanman so’zimda davom etdim, mozor eski bo’lishiga qaramay doimiy chim va tikanaklardan tozalab turilarkan, demak, siz bu yerga tez tez kelib turasiz. Ancha yillar oldin, yoshlik davridayoq vafot etgan marxumni yo’qlab kim tez tez kelishi mumkin? Albatta singlisi. Menimcha u farzandli bo’lishga ulgurmagan, juda yosh. Uning vafot etgan sanasini hisobga oladigan bo’lsak, ota onasi ham allaqachon dunyodan o’tganligi aniq. Shunday ekan, marxumning singlisidan boshqa yaqini emasligingizga ko’rishganimizdayoq ishonchim komil bo’ldi. Ayol mashg’ulotini to’xtatib menga qiziqib qarab turardi. Men esa so’zimda davom etdim: - Akangizning qabri ancha yillar oldin shu yerga dafn etilgan ekan, demak, siz ham akangiz ham asli shu qishloqlik – Dabussiyalik bo’lgansizlar. Lekin hozir shaharda yashaysiz, buni kiyinish uslubingiz va yuzingizning rangparligi aytib turibdi, dedim so’zimni tamomlab. - Sherlok Xolms bo’p ketingey, dedi ayol jilmayib qo’l siltarkan, barchasini to’g’ri topdingiz, haqiqatdan ham bu qabr mening akamga tegishli, men ham asli shu yerlikman, hozirda Ziyovuddin shahrida maktab direktori lavozimida ishlayman, o’qituvchiman. Ota onamiz ham ancha yillar oldin dunyodan o’tib ketishgan. Rahmatli akamning bu dunyoda mendan boshqa yaqin qarindoshi qolmagan, shuning uchun, bu yerga tez tez kelib uni yodga olib, haqiga duo o’qib ketaman. Bir zum g’amginlik yugurgan ayolning yuzi tezda quvnoq chehra bilan almashdi. - Lekin sizga qoyilman! Aytingchi, shaxsiy mashinamda kelganimni qayerdan bildingiz? - Cho’ntagingizdagi mashinaning kalitiga ko’zim tushuvdi, dedim beparvo ohangda. Garchi noqulay joy bo’lsa ham ayol kulib yubordi. Men esa u bilan bemalol gaplashish, akasi haqida o’zim qiziqqan savollarni so’rash imkoniyati tug’ilganidan mamnun edim. - Men esa biror joyimga mashinaning moyi tegibdimi deb o’ylabman, dedi ayol yana mashg’ulotini davom ettirarkan. Men ham unga qabrni yaqinda o’sib chiqqan tikanaklardan tozalashga yordamlasha boshladim. - Akangiz juda yosh vafot etgan ekanlar, dedim. - Hmm,dedi ayol xo’rsinib, yigirma bir yoshida dunyodan o’tgan. - Biron bir jiddiy kasallik bilan og’riganmidilar? - Yo’q… Akam nihoyatda sog’lom odam edi, dedi ayol biroz sukutdan so’ng. Usha yili men endigina institutga kirgan talaba qiz edim. Akam vafot etganlarida men Toshkentda Pedagogika bilim yurtida tahsil olardim. U kishining o’limidan xabar topib dahshatga tushdim, o’zimni qo’yishga joy topolmasdim. Imkoni bo’lsayu tezroq qanot chiqarib Toshkentga uchsam derdim. Yo’l bo’yi yig’lab keldim, ishonasizmi, hatto ko’zlarimda yosh qolmadi. Akamni juda yaxshi ko’rardim. Uning o’zi meni ko’rgani Toshkentga tez tez borib turardi. Uni oxirgi marta tirik ko’rganimda anchayin o’zini oldirib qo’ygan, xuddi og’ir kasallikni boshidan o’tkazgan kishidek oqarib ketgandi. Esimda, ushanda undan havotir olib, unga nima bo’layotganini, qayeri og’riyotganini so’raganimda, bunga parvo qilmasligimni tayinlab , shunchaki yomon tushlar ko’rib, yaxshi uxlolmayotganini aytgandi… - Bir ahvolda qishl;og’imga yetib keldim. Men kelganimda allaqachon akamni tuproqqa topshirishgan ekan. Usha paytdagi ota onamning dod faryodi haligacha quloqlarim ostida jaranglaydi. Ota onam ham yolg’iz o’g’illarining hasrtaida kuyib, tez orada birin ketin dunyodan o’tishdi. Meni esa endi bu qishloqda qolishimdan foyda yo’q edi. Toshkentda turadigan amakimning qo’lida qolgan hayotimni davom ettirdim. Institutni tamomlab maktabga o’qituvchi bo’lib ishga kirgunimcha amakimning oilasi menga mehribonlik qilishdi. Amakimdan ayrilganimdan so’ng mening bu dunyoda yurgan yaqin qarindoshim qolmadi. Bizning qishloqga yaqin bo’lgan Ziyovuddin shaharchasiga kelib, kichik bir maktabga muallima bo’lib ishga kirdim. Yillar o’tib usha maktabga director bo’ldim. Hanuzgacha shu shaharda yashab kelyapman va bu yerga tez tez kelib akamning qabridan xabar olib turishni kanda qilmayman. - Akangiz qanday vafot etgan? Ya’ni nima sabab bo’lgan? - Men qishloqda bo’lmaganim uchun bu voqealarni o’z ko’zim bilan ko’rmaganman. Lekin, rahmatli ota onam uni mana shu tomondan - dedi ayol qo’li bilan qabristonning jangal bo’talari qoplagan eski qismini ko’rsatib – chavaqlangan ahvolda topishgan. Ularning aytishicha akamga tunda bo’rilar to’dasi hujum qilishgan ekan, chunki jasadning yonidan yirtqich hayvonning izlarini topishgan. - Otamning aytishiga qaraganda, o’limidan bir hafta ilgari akamni mana shu Dabus qal’a xarobalaridan xushsiz ahvolda topishgan ekan, yeti kun deganda bazur oyoqqa turgan. Uni ko’rib qo’ygan domlalar o’g’lingizni qal’adagi ajinalar chalgan deyishgan ekan. Akam yeti kun ichida holsizlanib, tobora arvohdek rangini yo’qota boshlagan. Usha paytlar ota onamning qarshiligiga qaramasdan Toshkentga kelib ketgandi. O’ylab qarasam, ushanda akam meni oxirgi marta ko’rayotganini, tez orada bu yorug’ dunyoni tark etishini bilganm ekan. Ayol xomush ko’zlarini yillar shamoli uchirib, tuprog’I cho’kib bir hovuchgina bo’lib qolgan do’ppaygan qabrga qadab, uzoq o’yga toldi. Ayoldan eshitganlarim asosida cholning hikoyasi nima bilan tugaganligini hayolan miyamda tikladim. Demak, cho’pon chol, to’g’rirog’I yigit arvoh qizning da’vati bilan usha oy to’lgan kechada eski qabristonga kelgan. U yerda esa maxluqni uchratgan. Aftidan, yigit maxluq bilan jangda mag’lub bo’lgan ko’rinadi. Qanday dahshatli yakun! Chol meni bu yerdan tezroq ketishimga da’vat qilganining sababini endi tushundim. Men qizning arvohini ko’rganimni, tushlarimga kirib bezovta qilayotganini chol avval boshdan bilgan, o’zining dahshatli qismati takrorlanmasligi uchun ham o’zga dunyodan mo’ysafid chol ko’rinishida yerga tushib yonimga kelgan. Ushanda cholning ko’zlari xuddi yosh yigitnikidek o’tkir va tiniq ekanini , meni hayratga solgan oppoq tishlari sadafdek terilib turganining sababini hamm endi tushundim. - Aytingchi, dedim sekingina hayollari uzoq yoshligining maxsun kunlariga olib ketgan ayolning diqqatini bo’lib, uchiga inson panjasi shaklida kesilgan temir bo’lagi suqib qo’yilgan uzun yog’och tayoqni ko’rsatarkanman dedim- bu nima uchun kerak? - Bilasizmi, dedi ayol biroz sukutdan so’ng, akam vafot etganidan so’ng oradan yillar o’tib bir kuni tushimga kirdi. U avvalgidek yosh, navqiron va sog’lom holatda mana shu qal’a tepasida turardi. Yuzidan nur taralar, bir qo’lini ko’tarib, jilmayganchga botayotgan quyoshga qarab qo’l siltardi. - Bu g’alati tushning ta’birini bilish uchun yoshi ulug’ domlaning huzuriga bordim. Domlaga ko’rgan tushimni batafsil so’zlab berdim, u bo’lsa, biroz sukut saqlagandan so’ng, bu hammasi yaxshilikka deb qo’ya qoldi. Yana, odam panjasi shaklidagi temir parchasini qabrga qadab quyosh botar tomonga qaratib qo’yishimni tayinladi. Nega bunday qilishim kerak degan savolimga, akangning ruhi tinch bo’lishi uchun dedi. - Tushunarli, sizning ismingiz nima opa?- dedim ayolning qabrga termulib turgan g’amgin ko’zlariga qarab. - Saodat opa deb murojaat qiling, dedi u ham, siznikichi ukam? - Meniki Siroj, dedim qisqagina qilib. - Siz bilan tanishganimdan xursandman !, dedi ayol o’rnidan turarkan- hali zamon maktabda dars boshlanadi, buning ustiga kun ham qiziy boshladi, endi yo’lga otlansam ham bo’ladi. - Albatta, men ham siz bilan tanishganimdan xursandman Saodat opa, mazmunli suhbat uchun tashakkur!- dedim samimiy ohangda. - Ishlaringizga omad! Qal’aning tarixini o’rganishda muvaffaqiyat tilayman, agar bu haqda maqola yozsangiz albatta menga ham ilining. Xayr yigitcha, salomat bo’ling. - Saodat opa bilan shu yerda xayrlashdik. Biroz muddat uning ortidan kuzatib turdim. Ayol munkaygan eski qabrlar orasida tezda ko’zdan g’oyib bo’ldi.
Категория: SeriaL Hikoyalar | Добавил: Admin (25.07.2018)
Просмотров: 38 | Теги: XAROBADAGI ARVOH 4-qism | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar