Вт, 21.08.2018, 03:44
Приветствую Вас, Mexmon

"XAROBADAGI ARVOH" 2-qism
Cholning hikoyasi. Jazirama quyosh oftobi pasaya boshlagan ,osmondagi yakkam dukkam bulutlar pishgan quymoqdek qizara boshlagan paytda qal’a tepasida issiq,lekin,mayi yel esdi. Keng yalanglik bo’ylab do’ppaygan qabrlar boshiga qo’yilgan marmar toshlar,yog’och panjaralar,mungli qiyshayib,qurigan yantoq va tikanaklarga burkangancha atrofga hazing va sirli jimlik solib turardi. Bu sukunatni ortimdan eshitilgan qariyaning ovozi buzdi. - Xush kelibsiz mehmon!, degan tiniq ovoz eshitildi. Quloqlarim ovoz signallarini yuborganida miyamning allaqaysi joyida tiniq ovoz egasi o’rta yoshlardagi erkak kishi sifatida gavdalandi. Lekin bu taxmin lahzaning ma’lum ulushidayoq o’zini oqlamadi. Ortimga o’girilganimda esa yaqin oradagi taroshlangan tosh ustida keksa mo’ysafid o’tirardi. Ko’rinishidan cho’pon ekan shekilli qo’lida qo’ychivonlarning uzun tayog’i bor edi. - Rahmat hushvaqt bo’ling, dedim hayollarga berilib ketganimdan uning shundoqqina ortimga kelib o’tirganini ham sezmaganimdan hayratlanib. - Salomat bo’ling, dedi mo’ysafid qo’li bilan qordek oppoq uzun soqolini silarkan- siz usha rais buvanikida turgan jurnalist yigit bo’lsangiz kerak?! - Topdingiz otaxon,men usha jurnalist yigitman. - Xush bizning biyobonlarga qaysi shamol uchirdi sizni?-dedi qo’li bilan qarshisidagi omonatgina eski kundaga o’tirishimni imo qilib- qayerlardan keldingiz? Cholning savoli menda men haqimda hamma narsani biladi- yu,lekin,o’zini bilmaganga solib,gumonlarini tasdiqlamoqchi bo’lgan kishidek taassurot uyg’otdi. Balki,rostdan ham nima maqsadda kelganimni ,kimligimni bilmas,yana kim biladi deysiz! - Men azim Toshkentdan keldim,kasbim journalist-dediim cholning oppoq,o’siq qoshlari orasidan termulib turgan o’tkir ko’zlariga tikilarkanman-ismim Siroj, sizning qishlog’ingiz qanaqadur biyobon emas,aksincha shinamgina manzil, go’zal go’sha, buning ustiga hali o’rganilmagan sirli tarix. Qishlog’ingizning dovrug’I poytaxtgacha yetib bordiki, men kabi qiziqqon jurnalistni yetaklab, mana ko’rib turibsiz shu yergacha olib keldi. Chol miyig’ida kulib qo’ydi. Lablari orasidan hali taxi buzilmagan sadafdek tishlari ko’rindi. - Maqsadim qishlog’ingiz tarixini,qolaversa-dedim qo’lim bilan xaroba devorlarni ko’rsatib-mana bu ko’hna Dabussiya qal’asini o’rganish. Bundan tashqari meni bu yerdagi turli sir sinoatlar,bir biridan qiziqarli asotir va afsonalar ham juda qiziqtiradi. Men ko’hna qal’a va undagi sinoatlar haqida maqola yozmoqchiman,shu sabab uni o’z ko’zim bilan ko’rish, yerlik aholi bilan suhbatlashib,qal’a haqidagi qiziqarli ma’lumotlar, sirli afsona va voqealarni bilish uchun ham yo’lga otlandim. - Xush maqsadingizga yetdingizmi?, so’radi chol sinchkovlik bilan menga qarab turarkan-sizni qiziqtirgan hamma narsani bilvoldingizmi? - Yoq hali ulgurmadim,uzoq yo’l holdan toydirgan ekanmi, kelganimdan so’ng bir necha kun lohas bo’lib yurdim,mana bugun ko’chaga chiqib , qal’aga ekskursiya uyushtirdim. To’g’risi, qishlog’ingiz va undagi mehribon odamlar menga juda yoqdi. Lekin, bu ko’hna qal’a menga haligacha sirliligicha qolmoqda, u haqida biror kimsadan batafsil ma’lumot eshitganim yo’q. siz ko’pni ko’rgan kishiga o’xsar mumkin bo’lsa Dabussiya haqidagi barcha bilganlaringizni menga so’zlab bersangiz otaxon. Mo’ysafidning soqolini shamol silab o’tdi, o’tkir ko’zlarini avvaliga xaroba paxsa devorlarga,undan keyin pastda yastanib yotgan qabristonga, so’ng peshinga tomon og’a boshlagan quyoshga qadadi. - Albatta agar qo’y qo’zilaringiz uzoqqa ketib qolmasa,dedim uning harakatidan kech tushyapti,qo’ylarni ortga qaytarish kerak,degan ma’noni o’qiganim uchun. - Yo’q dedi chol qat’iy ohangda-men qal’a haqida o’zim bilganlarimning hammasini senga gapirib beraman dedi. Men bu hikoyalarni ajdodlarimdan eshitganman, ularni o’zim bilan olib ketish niyatim yo’q. agar ular kitoblarga miuhrlanib kimlargadur foydasi tegsa,maqsadga muvofiq bo’ladi. Mo’ysafidning ovozini yozib olish uchun tezda telefonim menyusidan kerakli dasturni topib,aktiv holatga qo’ydim. - Bu ko’hna qal’a ikki ming yillik tarixga ega. U qadim ajdodlarimizning ilk manzillaridan biri bo’lgan bo’lsa ajabmas. Ko’rib turganingizdek obida tepalik ustida bunyod etilgan- so’zida davom etti chol, bu xarobalar qachonlardir mustahkam, inshoot bo’lgan, teplikda bunyod etilgani qal’adagilarga atrofni bemalol kuzatish imkonini bergan. Mobodo dushman xavfi tug’ilgudek bo’lsa,askarlar ulrnio ancha avval payqashgan, dushman yetib kelgunicha ular kerakli harbiy tayyorgarlikni ko’rishga ulgurishgan. Bundan tashqari qal’a ostidan oqib o’tuvchi mana bu chuqur va keng ariq ham dushmanga yaxshigina to’siq, qal’adagilarga esa ishonchli himoya vazifasini o’tagan. Darhaqiqat, qal’a devorlari bo’ylab oqib o’tgan loyqa aralash to’lib oqayotgan katta ariqqa endi e’tibor berdim. - Qal’a qanday qilib xarobaga aylangan,uni kimdur buzganmi?- deb so’radim o’tkir ko’zlarini nuragan devorlarga qadab hikoya so’zlayotgan mo’ysafidga qarab. - Shunday , deb ma’qulladi chol, mo’g’ullar hukumdori Chingizxon Buxoroni egallash uchun ketayotganida shu qal’ani ham bosib olgan ,ayovsiz jang bo’lgan. Mana bu ko’rib turganingiz ulkan toshlar katapulta yordamida qal’aga uloqtirilgan va u xarobaga aylangan. Qamaldagilar mardonavor qarshilik ko’rsatishgan,biroq, kuchlar teng bo’lmagani uchun qal’a yengilgan. Atrofga nazar tashladim va butun qal’a bo’ylab hali yo’limda uchratgan toshlar betartib sochilib, yarim tuproqqa ko’milib yotardi. Qarshimdagi otaxon ham shu toshlardan birining ustida o’tirardi. - Shu tariqa qal’a xarobaga aylangan – biroz sukutdan so’ng so’zida davom etdi chol. Qirg’in shu qadar dahshatli bo’ganki, mo’g’ul hukumdori bu yerda shavqatsiz qatliom uyushtirgan. Qal’a vayron etilgandan keyin bu yerdagi yuzlab begunoh odamlar qilichdan o’tkazilgan, hatto, ayollar va bolalarga ham shavqat qilinmagan. Chol xuddi qatliomni o’z ko’zi biloan ko’rayotgandek g’azabdan yuzlari qizardi. Qo’llari musht bo’lib tuguldi. Aqlli ko’zlari bir nuqtaga tikildi. - Shundan so’ng ,dedi nihoyat chol- qal’a yonida mana siz pastda ko’rib turgan go’riston paydo bo’lgan. Bu – bepoyon go’riston! Har bir qarichida begunoh qoni to’kilgan ajdodlarimizning hoki bor. Aytishlaricha, go’ristonning tarixi mo’g’ul bosqini bilan boshlanarkan. Demak, bu joy usha qatliom sabab paydo bo’lgan. - Otaxon, moi’g’ullar nega bu qal’ani bunchalik xarobaga aylantirgan, nega odamlarni qilichdan o’tkazgan, umuman nega qal’ani bosib olgan. - Aytishlaricha, qal’a hukumdorining go’zallikda tengi yo’q yakkayu yolg’iz Maknuna ismli qizi bo’lgan. Mo’g’ul hukumdori Chingizxon qaysi mamlakatni bosib olsa, u yerdagi eng suluv qizlarni xaramiga olgan ekan. Husn bobida tengi yo’q Dabussiya malikasining dovrug’I ham Buxoro tomonga yo’la olgan Chingizxonning qulog’iga yetib boradi. Mo’g’ul hukumdori avvaliga qal’aga elchi yuboradi. Tinch yo’l bilan taslim bo’lishni ,yo’qsa, qal’aning kulini ko’kka sovurishini ham ta’kidlaydi. Elchilarni Maknunaning o’zi qabul qiladi,chunki,bu paytda uzoq yillar davlatni boshqargan malikaning otasi og’ir kasallikka chalinib o’lim to’shagida yotardi. Onasi esa ancha yillar oldin dunyodan o’tgan edi. Maknuna elchilarga keskin rad javobini beradi. Qonxo’r hukumdorga bo’yin eggandan ko’ra yirtqichlarga yem bo’lishni afzal bilaman. Mening orqamda xalqimning sha’ni ,iymoni turibdi, shunday ekan nomus va or uchun oxirgi qonimiz qolguncha kurashamiz-degan ekan usha paytda malika elchi orqali mo’g’ul hukumdoriga. Keskin rad javobnini olgan elchilar Chingizxon huzuriga qaytib unga bo’lgan voqeani aytib berishibdi, elchilar malikaning chiroyda tengi yo’q go’zal eknaligini ham o’z ko’zlari bilan ko’rishgan edi. ‘’Oliy himmat”i keskin rad etilgan hukumdor g’azab otiga minibdi va qo’shinni jangga tayyorgarlik ko’rishga buyruq beribdi. Tepalik yaqiniga istehkom qurishibdi. Qal’a ancha mustahkam bo’lgani uchun uni osongina bosib olib bo’lmasligini tushungan Chingizxon bir hafta tinimsiz harbiy tayyorgarlik ko’radi. Bu orada qal’a himoyachilar ham jim turishmaydi, ular ham qo’rg’’onni yanada mustakamlab, qurol yarog’ tayyorlashadi. Askarlardan tashqari ko’ngilli xalq qo’shini to’planadi. Qal’aning baland devorlari bo’ylab sipohlar qo’yiladi va ular yetarli qurol- yarog’ bilan ta’minlanadi. Barcha darvozalar tanballanib, ariq ustidagi temir ko’priklar ko’tariladi. Qal’a mustahkam harbiy inshootga aylanadi. Bu ishlarga shaxsan Maknunaning o’zi rahbarlik qiladi. Lekin , qanchalik dovyurak bo’lishiga qramay, u ham ayol edi. Malika harbiy ishda tajribasi kam bo’lgani uchun g’animga yetarli baho bermaydi. Kuchlar noteng, dushman himoyachilarga qaraganda katta ustunlikka ega edi; ham qo’shin jihatidan ham harbiy texnika tomonidan ustunlik ularda edi. Balki ushanda malika baribir mag’lub bo’lishini, kuchlar orasidagi farq nihoyatda katta ekanligini ich ichidan anglagandur,lekin, vatanparvarlik tuyg’usi, or va nomusini himoya qilish uning jasoratiga jasorat, kuchiga kuch qo’shgan bo’lishi tayin. Qal’a mardonavor qarshilik ko’rsatdi. Dushman himoyachilar uchun mutlaqo begona qurol- katapulta yordamida qal’aga sanoqsiz ulkan toshlarni irg’itar, har bir tosh qal’ada kuchli portlashdek xarobalardan iborat iz qoldirardi. Toshlar qo’rg’onni ilma teshik qildi, odamlarni bosib qoldi, qal’a devorlarini ayovsiz qulatdi. Temir darvozalar buzildi, yog’och darvozalar chil chil sindi. Mo’g’ul hukumdori shaharni egallagandan so’ng aholini qilichdan o’tkazadi, Maknunaga esa bosh egib xoqonning taklifini qabul qilish uchun yana bir imkoniyat beriladi. Malika esa qotlga bo’ysunishdan ko’ra o’limni afzal biladi. G’azabga mingan hukumdor jahl ustida malikani qafasida saqlayotgan yirtqich maxluqga yem qilishni buyuradi. - Sen shakkok qiz mening himmatimni rad etib, nonko’rlik qilding. Senga oily jazo beraman, o’zing xohlaganingdek yirtqichga yem qilaman, degan ekan usha paytda mo’g’ul hukumdori. Qizni ushlab, hukumdorning qafasida saqlanayotgan dahshatli maxluq tomon olib ketishayotganda ham malika o’zining g’ururi va nomusini saqlab qolgan edi. - Men sen zolimni duoibad qilaman, sen oxir oqibat yer yuzidan nom nishonsiz yo’q bo’lib ketasan, kelgusi avlod sening hatto qabringni ham topisholmaydi-degan edi malika o’limidan oldin. Mo’g’ul qo’shinlari qal’ani tashlab ketishganida bu yerda ulardan faqat xarobalar qolgan edi. Qal’a uchun mardonavor kurashgan qal’a himoyachilarining yuzlab jasadlari mana shu qabristonga dafn etilgan, shu tariqa bu yer odamlarning so’nggi manziliga aylangan. Aytishlaricha, malika hali hanuz dahshatli maxluqning changalidan qutilolmagan, yirtqich hanuzgacha malikaning ruhini ta’qib qilib yurar, qizning arvohi esa goh-gohida odamlarga ko’rinib uni qutqarishini so’rab yolvorarkan. Mo’ysafid shu gaplarni aytayotganida hayollarimni allaqachon o’zim boshimdan o’tkazgan usha dahshatli tun olib qochgan edi. Demak, malika mendan uni qutqarishimni so’raganida afsonaviy maxluqni nazarda tutgan ekan. Usha jonzot malikaning hamrohi emas,balki, uning ruhini haligacha ta’qib qilib yurgan o’zga dunyo maxluqi ekan. Usha dahshatli tunda men malikaning arvohidan emas, ortimda turgan dahshatli maxluqotdan qo’rqishim kerak ekan. Tuman pardasi qoplagan zulmatda haqiqat sekin asta oydinlasha boshladi. - Siz ham Maknunaning arvohini ko’rganmisiz, deb so’radim men kabi xotiralari olib kletgan rangpar cholga tikilib. - Ko’rganman, dedi nihoyat chol. Sendek navqiron paytimda men uni deyarli har kuni ko’rardim. Asosiy ishim qo’y qo’zilarni boqish, cho’pon bo’lganim uchun butun umrim mana shu tepalik va xarobalarda o’tgan. Ayni navqiron kunlarimning birida , tunda uni mana shu go’ristonda ko’rdim, deya bir qo’li bilan pastga imo qildi. Shu tobda katta qismini oddiy xalq tilida jangal deydigan tikanakli qurigan butalar bilan qoplangan go’riston menga vahimali tuyilib ketdi. - Arvoh havoda muallaq turar, uning ortidan kelayotgan maxluq dahshatli ko’rinishda ekanligi xira shirada ko’rinib turar, ko’zlari qip qizil cho’g’dek yonardi. Men dahshatdan muzlab qolayozdim, usha paytda qurigan xashak ustiga yiqilganimni eslayman xolos, keyin uyda ko’zimni ochdim, rahmatli ota onam meni kech qolib ketganimdan havotirlanib tepalikgacha qidirib kelishgan va mana shu yerdan xushsiz holda topishgan ekan. Ota onamning qaratmagan domlasi, ko’rsatmagan folbini qolmagan edi ushanda. Naqd bir hafta deganda o’zimni o’nglab oldim, lekin usha voqeadan keyin malikaning arvohi har kecha tushimga kirib uni qutqarishimni so’rab yolvorardi. Folbinlar tili bilan aytganda, tepalikda meni “jinlar chalgan”dan so’ng ota onam meni hech qayerga chiqarmay qo’ydi. Lekin, arvohning yolvorishlari kundan kun kuchaysa kuchayardiki, also kamaymas, uyqumni, tunlarimni, halovatimni o’g’irlagan edi. Bir kuni tushimda uni nimadan qutqarishimni, buning uchun nima qilishim kerakligini so’radim. Arvoh ming yillardan beri o’zini ta’qib qilib kelayotgan dahshatli maxluqdan qutqarishini, ruhini uning changalidan ozod qilishini so’radi. Buning uchun nima qilishim kerak, dedim. U esa, oy to’lgan kechada jangal bosgan ko’han qabristonga kelishimni tayinladi. Oy to’lgan kechada maxluq haqiqatga aylanadi, haqiqiy yirtqichdek real hayotga qaytadi. Uni faqat to’lin oy yog’dusida mag’lub etish mumkin, oxirgi so’zlarini arvoh qayta qayta takrorladi. Chol hikoyasining shu joyiga kelganida to’xtab qoldi. Oppoq yuzidan ikkilanish ifodasini ilg’adim. Chol menga hikoyaning davomini aytish yoki aytmaslik haqida o’ylayotgandek tuyulib ketdi. Ko’rinishiga nisbatan ancha yosh bo’lgan sergak , aqlli ko’zlari menga qadalgan ,lekin, hayollari olis yoshligining dahshatli xotiralari qamrovida edi. U hozir usha paytdagi hayajonini boshidan o’tkazayotgandek edi go’yo. - Keyinchi ?! – dedim nihoyat uzoq jimlikni buzishga jur’at etib. - U menga faqat shu so’zlarnigina aytdi – dedi , ovozining qaltirashini sezib qoldim. - Xo’sh, keyin arvoh aytgan joyga bordingizmi?, dedim so’zlarimni yovvoyi tikanak butalar qoplagan eski go’ristonga qadab. - Uzur boloajonim, dedi chol qo’llari bilan tizzasini silarkan- buyog’ini senga aytolmayman! - Nega?, dedim sirli voqea nima bilan tugaganini bilishga qiziqib qolgan edim. Chol savolimga javob bermadi. Yana usha bir necha daqiqalik sukut davom etdi. Uning ko’zlaridan hikoyaning davomi nima bilan tugaganligini bilib olishga urindim, lekin, qat’iy ko’zlar meni biror ma’no uqib olishimga yo’l bermadi. Chol dahshatli kechinmalarining oxiri nima bilan tugaganligini aytishni xohlamadi, demnak, uni bunday qilishga undagan arzirli sabab bo’lishi kerak, lekinj, qanday sabab? U arvoh chaqirgan joyga bordimi? Maxluqni mag’lub etaoldimi? Yoki bo’lmasa vahimadan yuragini hovuchlab uyida biqinib yottimikan? Agar, chol chol aytib bergan hikoya rost bo’lsa, maxluq hanuzgacha oy to’lgan kechada haqiqatga aylanadimi? Miyamda bir biridan sirli va dahshatli savollar guvillay boshladi. Agar, qizning arvohini ko’zim bilan ko’rmaganimda hozir bu mo’ysafid aytib bergan sinoatni shunchaki cho’pchakka yo’yishim, unga ishonmagan bo’lishim mumkin edi. Balki, avval boshdan,ya’ni buy yerlarga kelmasimdan oldin arvoh borligiga ishongandurman,balki, shuning uchun u mening ham ko’zimga ko’ringandur?! Bu paytda quyosh g’arbdagi olis tog’lar tomon bosh qo’yayotgan, ufni qizg’ish xiralik egallab, atrof mungli sukunatga cho’mgan edi. Cholning hikoyani davomini aytishidan umid yo’q. O’rnimdan turib sevimli manzaram- quyosh botishini tomosha qilish uchun osmon tandirida qip qizil bo’lib pishgan, olis tog’lar tobora yutib yuborayotgandek g’arbga tomon bota boshlagan quyoshni tomosha qildim. Negadur shu manzarani ko’rsam vujudimni allanechuk tuyg’ular egallab oladi… Jonli fotosuratni tomosha qilib bahra olayotganimda quloqlarim ostida tanish ovoz yangradi. - O’g’lim bu yerdan tezroq ket!
Категория: SeriaL Hikoyalar | Добавил: Admin (25.07.2018)
Просмотров: 39 | Теги: XAROBADAGI ARVOH 2-qism | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar