Вс, 22.07.2018, 11:32
Приветствую Вас, Mexmon

Taqdir taqozosi…
Shaharda yashaydigan singlisining uyiga borish niyatida yo'lga chiqqan Maktuba opa boshbekatga keldi-yu, avtobus hali-veri jo'namasligini eshitib hafsalasi pir bo'ldi. Havo isib ketmasidan singlisinikiga yetib olish uchun vaqtli yo'lga chiqqandi. Yo'lovchilar kamligi bois haydovchining hali-veri qo'zg'almasligi aniq. Noiloj biroz qimmatroq bo'lsa-da, taksida ketish niyatida nariroqdagi avtomashinalar tomonga yo'naldi.

— Opajon, assalomu alaykum. Shahargami? Keling, sizni o'zim olib ketaman. — dedi birdaniga opaning yonida paydo bo'lib qolgan baland bo'yli, qoraqosh yigit. — 2 ta yo'lovchim bor. Sizni olaman, bo'ldi ketamiz.

— Yo'rkira qancha bo'ladi? — so'radi Maktuba opa.

— Avtobus narxini beraverasiz. Chunki men kirakash emasman. Faqat shu benzin pulimga ozgina yordam bo'lsin deb yo'lovchi olyapman, opajon. — dedi jilmayib yigit.

Maktuba opa oqqushday chiroyli «Lasetti»ning orqa o'rindig'iga o'tirarkan, bola quchoqlab o'tirgan yoshgina kelinchakka ko'zi tushdi. Haydovchining yonidagi o'rindiqda bo'lsa, bir chol ko'zlarini yumib mudrayapti. Opaga chiroyli kiyingan, qosh ko'zlari porlab turgan kelinchakning nimasidir tanish ko'rindi.

— Assalomu alaykum. — kelinchak bolasini yoniga o'tirg'izarkan so'rashdi. — Yaxshimisiz, opajon? Meni tanimadingiz-a?

— Nimangizdir tanish ko'rinyapti-yu, lekin hech eslolmayapman, — dedi Maktuba opa xijolatomuz.

— Opajon, men Adibaman-ku. Olima opaning qizlari. Oyijonim singlingiz Matluba opa bilan sinfdosh, jonajon o'rtoq bo'lishgan. Sizlar devor -darmiyon qo'shni yashagansizlar-ku.

Maktuba opa birdan sergak tortdi.»Ha, bu Adiba-ku. To'yidan bir hafta o'tmay kuyovi ko'ch-ko'ronini keltirib tashlagandi. Odamlar» iffatsiz ekan..» deb qancha gap-so'z qilishgandi. Tanimabman ham.»

Bu mish-mishlar sabab, Olimaning yuragi kasallanib, necha marta kasalxonaga tushib chiqqanidan Maktuba opaning xabari bor edi. Chunki singlisi Matluba dugonasining sog'ligidan xavotirlanib, shahardan necha marta kelib ketdi. Maktuba opa ham Olimani singlisiday yaxshi ko'rar, birga o'sishgani uchunmi, o'ziga yaqin olardi.

— Ha, bo'ldi esladim, — dedi u quruqqina. -Hozir Matlubanikiga bormoqchiman. Qizini uzatmoqchi. Bu kecha qudalari kelisharkan, to'y kunini belgilashga.

— Buncha yaxshi. Demak Farangiz ham kap-katta qiz bo'lib qolibdi-da. — Adiba astoydil quvonib ketdi. — Baxtli bo'lsin, ilohim.

Maktuba opaning ensasi qotib»rahmat»deb qo'ydi-da, yuzini burdi.»Xayriyat bu qiz turmushga chiqibdi. Qiziq, kimga tekkan ekan?» — xayolidan o'tkazdi u. Shu payt haydovchi yigit ham joyiga o'tirdi-da»,Lasetti» joyidan qo'zg'aldi.

— Dadasi, ehtiyot bo'lib haydang. — dedi Adiba.

***



«Ha, shu yigit eri ekan-da. Ikkinchi xotin bo'lib tekkandir-da, — ijirg'anib xayolidan o'tkazdi ayol. — Hozir qo'sh xotinli boyvachchalar ko'paygan.» U Adibaning hayoti haqida bilgisi kelayotgan bo'lsa-da, o'zini xuddi beparvoday tutdi.

— Bu kishi kuyovingiz bo'ladilar, — uning fikrini o'qiganday gap boshladi Adiba jajjigina shishasimon idishda qizchasiga suv tutarkan.

Maktuba opa chidab turolmadi.

— Bu kishiga ikkinchi xotin bo'lib turmushga chiqdingizmi? — ayollarcha qiziqishi ustun chiqib so'radi u.

— Yo'g'-e, — Adibaning o'rniga haydovchi yigit javob berdi. — Keliningiz mening yakkayu-yagona xotinim.

— Mening hayotimni eshitsangiz, butun bir kitob bo'ladi opajon. Savolingizdan tushundimki, sizam men haqimdagi bo'htonlarni eshitgansiz. Aslida esa nima bo'lganligini bilganingizda edi.

Shu so'zlarni aytayotganda, Adibaning ko'zlarida yosh g'iltilladi. Maktuba opaning ko'ngli g'alati bo'lib ketdi.

— Yo'g'-e, qizim men sizni bilmasam ham onangizni bilaman-ku!

— Onam mening o'shandagi baxtsizligimga sabab bo'lganlarini ham bilasizmi? -dedi Adiba. — Xohlasangiz, hammasini gapirib beraman.

— Mayli qizim, yo'limiz uzoq. Bemalol gaplashib ketsak bo'ladi, — dedi Maktuba opa rozilik ohangida.

Yoqimli kuy hamrohligida mashinani hushyorlik bilan haydab ketayotgan kuyov yigit shu gapdan keyin oynadan o'ziga qarab qo'yganini his qildi. Boshini o'rindiqqa tiragancha ketayotgan chol bo'lsa, yengilgina xurrak otib uxlardi.

***



— O'shanda tibbiyot kollejining 1 kursida o'qirdim, — deb so'z boshladi Adiba. — Bir kuni oyijonim ishdan kelib «seni turmushga beraman, yaxshi joydan sovchi chiqyapti», deb qoldilar. Qanaqadir tanishlarini og'izlaridan bol tomib maqtadilar.»Rosa badavlat, otasi zavod direktori, onasining ham o'z biznesi bor. Yigitning sendan yoshi sal kattarog'-u, mayli. Chunki oilada erkak kishining yoshi ulug'roq bo'lgani yaxshi. Seni so'rab kelishibdi. Qizim, sen u yerda kamchilik ko'rmay yashaysan. Menga o'xshab qiynalib uchastka qurmaysan, tayyor uy-joyga kelin bo'lib tushasan», — dedilar quvonib.

Dadamga ham ular ma'qul tushdimi, to'y deganlari tezlashib ketdi. Kuyov bo'lmish Odil aka bilan esa bir martagina ko'rishdik. Undayam tog'amni xotinlari hamrohligida bir joyda o'tirib biroz gaplashdik, xolos. Ular qo'shni viloyatning bizga yaqin shahrida turisharkan. Bizning shaharda ham dang'illama hovlilari borligini onam aytib qoldilar. Odil aka onam aytganiday mendan ozgina emas, rosa 10 yosh katta ekan. Tasavvur qiling, 16 yoshli kelin bilan 26 yoshli kuyovni. Qisqasi, 15 kunning ichida to'yimiz bo'lib o'tdi.

— Xo'sh, unda nega ketib qoldingiz kuyovning uyidan? — Maktuba opa beixtiyor shu savolni berdi-yu, izza bo'lganidan yuziga qizil yugurganini his etdi.

— To'y tugadi. Hamma udumlar, rasm-rusumlar bajarildi. Bizni chimildiqqa kirgizib qo'yib, yangalar ham mizg'ib olishga kirib ketishdi. — deb so'z boshladi. Adiba. — Odil aka qaergadir chiqdi-yu, ko'p o'tmay qo'lida suratlar yopishtirilgan fotoalbom bilan kirib keldi. Men bilan uyoq-buyoqdan gaplashdi. Harbiy xizmatda bo'lgan paytida tushgan suratlarini ko'rsatdi.

— Bilasanmi, Adiba, — dedi bir payt u qandaydir g'alati ovozda. — Senga bir gapni aytishim kerak. Chunki turmushimizni yolg'on bilan boshlagim kelmayapti.

Uning bu gapidan so'ng ko'nglimga g'ashlik oraladi.. «Nima gap o'zi Odil aka? — deya so'radim. — Qanaqa yolg'on?»

***



— Men 5 yildan beri bir rus ayoli bilan birga yashayman, — dedi Odil aka. — Hatto bir qizim ham bor undan. Ularni judayam yaxshi ko'raman.

Men bu so'zlarni eshitib hangu-mang bo'lib qoldim. Avval uylangan bo'lsa, unda nega yana menga uylandi? Yo hazillashyaptimikan?

— Unda menga nega uylandingiz? — dedim alam bilan. — Bu gaplarni nimaga endi aytyapsiz? Shu dardingizni to'ydan oldin aytsangiz bo'lmasmidi?

O'zim to'yda juda charchagandim. Qolaversa, tomdan tarasha tushganday kuyovning dabdurustdan aytgan bu gaplari boshimga tosh bilan urgandek bo'ldi, go'yo. Miyam karaxt bo'lib qolgan, nima qilishni bilmasdim.

— Xullas men o'sha ayol Tanya bilan bir umr birga yashashimni aytgan bo'lsam ham, ota-onam meni eshitishni istashmadi. Meni senga uylanishga majburlashdi. Agar sen meni undan ajrata olsang, seniki bo'laman. Hozir tanla, yo men bilan yashab hammasiga ko'nikasan, chidaysan. Har ikking bilan ham yashayveraman. Buni hohlamasang, uyingga qaytib ketaverishing mumkin.

Men juda qaltis vaziyatda qolgan edim. Bu yerda ota-onamning or-nomusi, o'zimning qiz bolalik sha'nim turgan bo'lsa-da, uyga qaytishga qaror qildim. Faqat Odil akaning nega bunday qilganligi sababini tushunolmasdim. O'ylayverib, boshim og'rib ketdi.

»Men uni qanday qilib qaytaraman? Ota-onasi uni bu yo'ldan qaytarolmagan bo'lsa, men yoshgina qiz buni qanday qilib eplayman?»

— Meni kechir, — dedi nihoyat Odil aka. — Buyog'ini qanday hal qilsang, o'zing bilasan. Men senga barmog'imning uchini ham tekkizmayman. Hohlasang ket, hohlamasang qol. O'zing bilasan…

U shu so'zlarni aytdi-da, chimildiqli xonadan chiqib ketdi.

Men boshqa o'ylab o'tirmadim. Yosh emasmanmi, uning bu gapi g'azabimni keltirdi.

***



“Odamlar nima desa der”, dedim-u, hovliga chiqdim. Shu qadar jahlim chiqqandiki… Darvozaning ilgagini tushirdim-u, chiqib ketdim. Ketganimni hech kim bilmay ham qoldi. Sahar yaqinlashib qolgani uchunmi, salgina yurmasdan kirakash mashina ham uchray qoldi.

Uyga kelinchaklarning yaltiroq libosida, yakka o'zim kirib kelganimni ko'rgan onam qotib qoldi. Nima bo'lganini eshitgach, rosa yig'ladi. Onam yig'lagani sayin yuragim to'kilgudek ezilardim. Dadam esa hamma gapni eshitdi-yu, onamni urisha ketdi.

— Mana sen topgan odamlaring aslida qanday ekan? Nega surishtirmading? Gulday qizimning hayoti nima bo'ladi endi?..

—Men bunday bo'lishini qaerdan bilay? — battar yig'lab koyinardi onam. Qizim baxtli bo'lsin, menga o'xshab azob chekmasin, degandim xolos…

— Keyin-chi, nima bo'ldi qizim, — so'radi beixtiyor Maktuba opa.

— Ammo meni ularni tinglashga holim kelmas, kipriklarimni bosib kelayotgan uyquga bas kelolmayotgandim. O'ylab ko'ring, o'shanda bor-yo'g'i 16 yoshli qizaloq edim-da. Ishonasizmi, shuncha shovqin ichida xonamga kirib uxlab qolibman. Yoki o'shanda bu noxush voqea oqibatlarini yaxshi anglamagan bo'lsam kerak…

— Qizim, taqdiringizda bor ekan-da, -Maktuba opa o'zining ovozi endi achinish bilan yangraganini sezdi.

— Odil akaning ota-onasi yakka-yu yagona o'g'lini boshqaga uylantirib, shu yo'l bilan rus xotinidan ajratib olmoqchi bo'lgan ekan. Shu sabab ham boshqa viloyatdagi tanish-bilishlari orqali kelin izlashgan. Aslida Odil aka 20 yoshidanoq haligi xotin bilan topishib, avval yashirin, keyin oshkora yashab yurgan ekan. Uning ota-onasi ikki marta kelib, meni qaytarib olib ketishga harakat qilishdi. Onam: “Qizim, ehtimol hammasi yaxshi bo'lib ketar. Yashab ko'r”, — deb zorlandi. Ammo men qaytishni hohlamadim. Xullas ular harakatlari foydasizligini bilgach, ko'ch-ko'ronimni keltirib tashlashdi. Qaytib bormaganim alam qildimi, har xil gaplar chiqarib yuborishdi orqamdan. Bu gaplar amma-xolalarimga ham yetib borib, qancha dilxiraliklar bo'lib o'tdi. Ishonasizmi, hatto ko'chaga ham chiqolmay qoldim. Ko'p o'ylaganimdan asabim charchab, kasalxonaga ham tushib chiqdim. Mening ahvolimga qarab, onamning ham yuraklari tez-tez xuruz qiladigan bo'ldi. O'qigim kelmay qoldi. Kollejga borsam, qizlarimiz pichirlab mening orqamdan gapirishayotganini, qo'llari bilan imlab ko'rsatishayotganini sezib qolardim.

***



Onam bilan maslahatlashib, o'qishimni shaharga ko'chirdim. O'qishim tugagach, viloyat markazidagi kasalxonalardan birida hamshira bo'lib ishlay boshladim. Xuddi shu paytda Botir akani uchratib qoldim. Aslida maktabdosh ham ekanmiz. U meni maktab davridan yoqtirib yurarkan-u, o'qish, ish bilan bo'lib, hech xoli gaplasholmagan ekan. Harbiy bo'lganligi uchun biz maktabdan keyin ko'risholmagan ham ekanmiz. Xullas menga chippa yopishdi-qoldi…

***



Adibaning gapi chala qoldi. Qizchasi uyqudan uyg'onib, g'ingshiy boshladi.

— Maylimi, bu yog'ini men davom ettirsam, — dedi Adibaning turmush o'rtog'i Botirjon suhbatga aralashib, mashina old oynasidan Maktuba opaga jilmayib qararkan. So'ng xotiniga yuzlandi:

— Sen Gulyuzga qara, buyog'ini o'zim gapirib beraman.

— Mayli, o'g'lim bemalol. — dedi Maktuba opa kulimsirab. — Yosh bo'lsalaring ham ancha-muncha narsani boshingizdan o'tkazgan ekansizlar.

— Ha, opajon so'ramang. Sport bilan shug'ullanaman deb belimni zo'riqtirib qo'yibman. Og'riqlar o'tib ketavermadi, oxiri kasalxonada yotib davolanishga majbur bo'ldim.. Va shu yerda Adibani uchratdim.. Bir maktabda o'qiganmiz, ammo ancha yillar boshqa shaharda o'qiganim, ishlaganim uchun uning boshidan kechgan ko'rguliklardan bexabar edim. Uni yoqtirib qoldim. Buyoqda uydagilar»uylanishing kerak»deb ko'z ochirmayotgan kunlar edi. Faqat o'qish, ish deb bironta qiz bilan anishib, ko'nglini ovlashga ham urinmaganim shunda bilinib qoldi. Adibaga muhabbat izhor qilganim ham kulgili bo'lgan. Unga borib «Uydagilar kelin izlayapti, sizni ko'rsatmoqchiman» — deb uylanish taklifini bildirdim. U bo'lsa menga»siz uylanmagan bo'z yigitsiz. Meni bo'lsa «turmush qurgan» degan nomim bor»deb yig'lagancha, hamma voqeani gapirib berdi. Uydagilarga uylansam, faqat Adibaga uylanishimni aytganimda, shunaqa to's-to'polon boshlandiki, asti qo'yaverasiz.

— Oyilari kasalxonaga kelib, men bilan janjallashib ham ketdilar, — dedi Adiba sekingina.

— Men hatto Odilbek bilan ham uchrashib, hamma gapni gapirib berishini talab qildim. Adibaning bokira qizligiga ishonardim. — deya go'yo uni eshitmagandek gapida davom etdi Botirjon. — Ammo uyimdagilar boshida meni tushunishni istashmadi. Axiyri keksa bobomning oldilariga borib yordam so'radim. Faqat Adibani sevishimni aytdim. Uning boshidan o'tgan voqealarni so'zlab berdim. Bobom: “Shu qiz bilan bir umr yashab ketishingga ishonasanmi, tuyg'ularing o'zgarmaydimi?” deb so'radi. Men ishonishimni aytdim. Bobom meni tushundi. Ota-onam bilan gaplashib, ularni rozi qilib, Adibaning uyiga o'zi sovchi bo'lib bordi.

***



Keyin to'y bo'ldi. To'g'ri, ungacha yana qancha tortishuvlar, gap-so'zlar bo'ldi, ikki o'rtada. Ammo shularni hammasini yengib o'tdik. Mana, Ollohga shukr, biz birgamiz. Qizalog'imiz bor…

— Bugun o'sha najotkor bobojonimizni ko'rishga boryapmiz, — dedi Adiba kulimsirab, — Bugun u kishining tug'ilgan kuni, 72 yoshga to'ladi, nasib bo'lsa. Biz hammadan oldin borib tabriklamoqchimiz…

Maktuba opa bir-biriga uzukka ko'z qo'yganday yarashgan er-xotinga boqarkan, ko'ngli yorishib ketdi. Bir soat oldin hech narsani bilmay turib, Adiba haqidagi shubha-gumonga qorishiq noxush xayollaridan o'zi uyalib ketdi. Xayolan ularga “Iloyo, baxtli, saodatli bo'linglar, bolalarim!..” — deb qo'ydi.

Shu tobda «Lasetti» manzilga yaqinlashib kelar, quyoshning zarrin nurlari ostida elas-elas ko'zga tashlanayotgan shahar manzarasi ko'ngilga juda ham yoqimli tuyg'ular ulasha boshlagandi.

Mohigul NAZAROVA
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 30 | Теги: Taqdir taqozosi… | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar