Вс, 22.07.2018, 11:30
Приветствую Вас, Mexmon

«Sevganimga tegmaganimdan baxtliman!»
— Bundan o'n besh yil avvalgi voqealarni xuddi kechagidek xotirlayman. Ayni o'ynab-kuladigan yoshlik davrim edi. Yigirmaga kirib ham hali birov ko'nglimni jiz ettirmagandi. Bir kuni qarindoshim bilan tug'ilgan kunga bordik. O'sha yerda qoshu ko'zlari qop-qora bir yigitga nigohim tushdi-yu, yuragim hapriqib ketdi. Harchand harakat qilmayin, uni bosib ololmasdim. Bu muhabbatligini o'shandayoq his etganman. U yigit bilan gaplashmagan bo'lsam-da, o'sha kundan keyin uni unutolmadim.

Yillar o'tdi, men boshqa viloyatda o'qiy boshladim. Bir kuni tasodifan bir tadbirda o'sha yigitni ko'rib qoldim. Vaqt o'tgan bo'lsa-da, bir ko'rishda uni tanidim. Yuragim yana o'sha paytdagiday gupirlab ketdi. O'zim istamagan holda qalbimdagi cho'g' alanga oldi. Umumiy tanishlar bizni tanishtirib qo'ydi. O'shanda u ham menga o'zgacha boqqanini sezdim. Suyganing nigohi senga qadalganini bilish esa baxt edi. O'sha kuni u meni uchrashuvga taklif etdi. Kutilmagan baxt boshimga qo'nganidan baxtiyor edim. Bu saodat yuragimni orzularga to'ldirdi. Uchrashuvga yurib emas, go'yo uchib bordim. Xiyobonda biz kabi aylanib yurgan yigit-qizlar ko'p edi. Men o'zimni ulardan baxtliroq hisoblardim. O'sha kungi hayajon va baxtni sira-sira unutolmayman. Shu-shu, ikkimizning dillarimiz bog'landi. Men usiz hayotimni tasavvur qila olmasdim. O'qishni tugatib, bir idoraga ishga kirdim. U ish joyimga tez-tez kelib turardi. Ikkimizning qo'l ushlashib yurganimizni qishloqdoshlardan kimdir ko'ribdi. Qishloq joyda esa gap tez tarqaydi… Ko'p o'tmay mening «yurib ketganim» haqidagi xabar uyimizgacha yetib boribdi. Ammo ota-onam menga ishonardi. Hatto «Bir yigit Dilraboni o'g'irlab ketibdi», degan gaplar ham chiqdi. Bu mish-mishlardan dilim og'rib, darhol suyganimning yoniga bordim.

— Men haqimda qo'shnilar gapiryapti… — deb gap boshladim.

U:

— Seni menchalik hech kim bilmaydi, qo'y, e'tibor berma… — dedi-da, gapimni oxirigacha ham tinglamadi.

Sevganim ishonsa bo'ldi, degan xayol bilan bu so'zlarga parvo qilmay qo'ydim. Ammo… mening faqat unga turmushga chiqaman, degan xayolim sarobga aylandi.

Bir kuni kutilmaganda:

— Onam meni boshqa qizga uylantirmoqchi… — deya gap boshlab qoldi u.

Ustimdan kimdir sovuq suv quyganday bo'ldi. Vujudim muzlab qoldi. Uni boshqa qiz tugul, hatto o'zimdan ham qizg'anardim. Umrbod birga bo'lishimizga ishonganim uchun bu gapdan tosh qotib qoldim. Ammo g'ururimni asradim, ko'z yosh va diydiyo qilmay, tilimdan shu so'zlar uchdi:

— Ota-ona farzandiga yomonlik tilamaydi. Baxtli bo'ling!..

— O'zga bilan yashasam-da, seni unutmayman… — dedi u ham.

Men undan boshqa so'zlarni kutgandim. «Men sen uchun kurashaman. Seni hech kimga bermayman. Onamga sen haqingda aytaman. Uni o'z xohishimga ko'ndiraman. U mening ko'nglimni desa, seni uyimizga kelin qilib olib keladi. Hali hammasi yaxshi bo'ladi», deyishiga umid qilgandim. U esa indamadi. Muhabbatimiz shu tariqa yakun topdi.

Uning to'yi bo'lgan kun hayotimdagi eng baxtsiz kun edi. O'sha kecha to'yib-to'yib yig'ladim. Muhabbat shirin tuyg'u ekan-ku, lekin iztirobi juda og'ir ekan. Uning qiynog'iga dosh berish qiyin bo'ldi. O'zimni arang qo'lga oldim. Ammo nima bo'lganda ham, men suyganimga faqat yaxshilik tilardim. Vaqt o'tib, uning farzandli bo'lganini eshitdim. O'shanda ayozli bir kun edi. Ikkimiz o'tiradigan o'rindiq tomon yo'l oldim. Qancha o'tirganimni bilmayman, tanim sovuqdan qotib qoldi, biroq qalbimdagi alanga o'chmasdi. Meni dard kuydirardi… Muhabbat dardi, sog'inch dardi. To'rt kun isitmalab yotdim. Hozirga qadar esa sovuq tushsa, tomirlarim zirqirab og'riydi. Necha marta davolandim, foydasi yo'q. Sevgim menga ham ruhan, ham jismonan zarb berib ketgandi.

Bir yildan so'ng uydagilar meni uzatishdi. Men uchun kimga turmushga chiqishning ahamiyati yo'q edi. Shukr, baxtimga turmush o'rtog'im yomon odam bo'lib chiqmadi. Uning ham o'z sirlari bordir, ammo o'n to'rt yilki men bilan birga. Ko'nglimda unga bo'lgan muhabbat uyg'onmaganday. Ba'zan turmush o'rtog'imning oldida vijdonim qiynaladi. U menga mehr ko'rsatgani-ko'rsatgan, biroq mening qalbim jiz etmaydi. Farzandlarim tug'ilgach, hayotimga yangicha ma'no, orzular kirib keldi. Ha, uch farzandim meni azobli xotiralardan yulib oldi. Balki, sevgilimni hamon unutmagandirman, ammo bolalarim tufayli hayot zavqini tuydim. Yaqinda o'sha muhabbatimni uchratib qoldim. To'yidan beri uni ko'rmagandim. Ko'zlariga boqib, undan avvalgi mehrni topolmadim. U o'zga inson edi… Shunda taqdir hukmi to'g'ri bo'lganini tushundim. Men turmush o'rtog'imga atalgan ekanman. Taqdirimdan juda minnatdorman. Hozir “Xayriyat, o'sha yigitga tegmabman”, deyman. Umr yo'ldoshim bilan meni muhabbatdan azizroq tuyg'ular bog'laganini tushundim.

DILRABO

Xorazm viloyati



— Bir yosh yigit kelajakda o'ziga hamroh bo'ladigan juft izlashga kirishibdi. Ammo uchratgan qizlarining hech biri ko'ngliga o'tirmabdi: birining qomati hipcha emas, biri esa o'ta ozg'in, yana birida istara yetishmaydi… Qachon o'z ko'nglimdagi yorni uchrataman, deb nolib o'tirgan vaqtda qarshisidan bir mo'ysafid chiqib qolibdi.

— Dilingdagini uqib turibman, o'g'lim. Xafa bo'lma, senga yordam beraman.

— Ammo qanday qilib? — jonlanibdi yigit.

— Muammolaring yechimi mana bu gugurtda. Uni ol va orzuingdagi go'zalni uchratganingda uning qarshisida gugurtni yoq! Shunda u bir umr shu holicha qoladi va yoningda bo'ladi.

Yigit gugurt donasini olgancha xursand bo'lib, cholga rahmat aytibdi. Ko'p o'tmay bir qizni uchratibdi. Uning qaddi-qomati ham, aql-hushi ham havas qilsa arzigulik edi. Yoshlar bir-biriga ko'ngil qo'yishibdi. Shunda yigit o'sha gugurt donasini chaqibdi va yonidagi hurliqo shu holicha qolibdi: vaqt o'tsa-da, uning husni malohati o'zgarmas edi. Yigitning do'stlari va oilasi ham bu muhabbatdan xabar topib, juftlikni qutlashibdi. Ko'pchilik davrasida chiroyli to'y bo'lib o'tibdi.

Ammo bir yildan so'ng yigitning xotinidan ko'ngli to'lmay qolibdi. Ayol kundan-kun semirib, yuzi ham so'lib borardi. Bundan ko'ngli buzilgan yigit o'sha mo'ysafidni izlashga tushibdi va topibdi ham.

— Siz meni aldabsiz! Gururt sehri kor qilmay qoldi. Atigi bir yil ichida xotinim o'zgarib ketdi. Nega bunday bo'ldi, ayting?!

— Sehr kuchi o'z joyida, — xotirjam javob beribdi chol, — ammo sening nigohlaring o'zgargan. Ayoling bir yil avval ham shunday edi. Ammo sen uning faqatgina yaxshi tomonlarini ko'rishga intilgansan. To'ydan so'ng esa kamchiliklarini izlay boshlading va ularni topding ham. Unutma, nimani ko'rishni istasang shuni ko'rasan! Atrofdagilarga chiroyli boqsang, ular ham go'zal ko'rinadi. Maslahatim, undan nuqson izlama. Shunda ayoling yana go'zallashadi.

Sevgi dardi tuzalmas… Bizga hayotingizni so'zlab berganingizda dardingiz yangilangani tabiiy. Biroq hayot ato etgan ne'matlarning qadriga yetgan ma'qul. Hayotda muhabbatdan qadrliroq va azizroq tuyg'ular bor. Oila esa muqaddas. Hech kim bir umr azobda yashamaydi. O'tmish qanchalik shirin bo'lmasin, kelajak ham nurli bo'lishiga ishoning!



Shahnoza RAHMONOVA

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 32 | Теги: «Sevganimga tegmaganimdan baxtliman | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar