Вт, 17.07.2018, 06:57
Приветствую Вас, Mexmon

Qo'sh kelinlarni quvontirgan baxt
Erta tong. Hali quyosh nurlarini yer uzra yozmasidanoq hovlida supur-sidirning ovozi eshitilib turardi. Shodiya asta pardani ko'tardiyu «Voy, o'lmasam, yana uxlab qolibman», deya apil-tapil kiyinib, tashqariga yo'naldi. Qarasa, ovsini Umida hovlini supurishga tushib ketibdi. Katta karavotda joy tayyorlangan, gazda choy qaynab turardi.

— Umidaxon, erta turib barchasiga ulguribsiz-a, rahmat sizga…

Yaxshiyam shu Umida bor. Mana, qo'sh kelin bo'lib tushishganiga bir hafta bo'lsa ham Umida uni qo'llab-quvvatlab, uxlab qolganini bildirmaydi. Aksiga olib, eri ham juda uyquchi. Uyg'otay, demaydi. Mana, oqibat. Qaynonasining oldida uyalib qoladigan bo'ldi.

Shodiya asta qaynonasi yotadigan uyga ishora qildi. Umida ovsinining zinadan tushayotganini ko'rib «Hammasi joyida», degandek boshini irg'agach, oshxonaga yo'l oldi. Ovsini issiqqina qatlamalarni dasturxonga o'rab qo'yibdi. Shodiya shu topda ovsinini quchib, rahmat aytgisi keldi. Ammo u allaqachon tashqarini supurishga chiqib ketgan edi.

Ertalabki nonushtaga yig'ilgan oila a'zolari kelinlarning chaqqonligiga tasannolar aytishdi. «Ayniqsa, qatlamalar juda shirin chiqibdi-ya, bay-bay-bay, naq og'izda eriydi», dedi qaynota qo'llarini sochiqqa artarkan.

— Shodiya opam pishirdilar, — dedi Umida asta yer ostidan ovsiniga qarab.

Shodiya shunday ovsinga uchraganidan minnatdor bo'ldi. Kelinlarning ahilligini ko'rgan qaynona ham shod edi.

Shodiya oilada tantiqroq bo'lib o'sgani uchun ham ro'zg'or ishlariga uquvsizligi shundoqqina bilinib turardi. Qaynonasi Lola opa buni yaxshi anglab tursa-da, kelini Umida uni yo'lga solib olishiga ishonardi. Kelinlar birga-birga, ahil va inoq bo'lib ovqat tayyorlashar, bir-birining o'rnini to'ldirib, kezi kelganda, chaq-chaqlashib, bolalik damlarini eslab, uzoq kulishardi. Kelinlarning shodon kulgisi hovli uzra yoyilib, qo'ni-qo'shnilarning tomorqasiga qadar eshitilib turardi. Lola opaning azaliy qo'shnisi Xurshida xola: «Voy-ey, bunchalar ahil-a bu ovsinlar, ilohim, ko'z tegmasin! Allohim birini biridan kam qilmasin», deya duo qilardi. Xotinlarining opa-singildek chiqishib ketganini ko'rgan aka-uka — Vahob va Suhroblar ham ularning qah-qahasini bir chekkada kuzatib, jilmayib qo'yishardi.

— Hoy, sekinroq, nima senlardan boshqa odam yo'qmi hovlida?

Suhrob sal jahldor bo'lgani uchun ularni ba'zida tergab ham qo'yardi. Ammo Lola opa darrov kelinlarining yoniga tushardi.

— Voy, bolam-a, «Qiz — tilagan joyida aziz», deyishadi. Qo'y, bir maza qilishsin. Ilohim, ko'z tegmasin bolalarimga.

Ikkala ovsin navbati bilan ota uyiga borib kelishardi. Ota-onasiga ovsinini og'zidan bol tomib maqtayotgan Shodiyani kuzatib turgan onasi:

— Baraka topsin ovsining, shunday yaxshi qizni tarbiya qilgan ota-onasiga rahmat. Boshida biroz cho'chigandim, ammo hammasi o'tib ketdi, — derdi.

Umidaning ota-onasi ham ularni tushungan qudalar uchraganidan juda mamnun edi.

— Qizim, agar ovsining birorta xato qilsa, albatta, unga yordam ber, — deya bot-bot takrorlardi onasi.

Bir kuni ovqat pishirayotgan Umidaning to'satdan mazasi qochdi. Hovli orqasiga yugurib o'tib ketgan ovsinini ko'rgan Shodiya suv ko'tarib, uning ortidan bordi.

— Voy, ovsinjon, nima bo'ldi? Rangingiz oqarib ketibdi-ku, mana, mana, bu suvni ichib oling.

— Bilmasam, birdan ko'nglim alag'da bo'lib ketdi.

— Umidaxon, bu yaxshilikka-ku, muborak bo'lsin!

Umida vujudi tagida yana bir vujud paydo bo'lganidan mamnun jilmayib qo'ydi. Ikki ovsin bir-birini uzoq quchoqlab turishdi.

Shodiya bu yangilikni Lola opaga yetkazganida qaynona darrov keliniga suyunchi uzatdi: — Mana, bolam, ilohim, umri va rizqi bilan bergan bo'lsin…

Shodiya suyunchini olarkan, ich-ichidan xursand bo'ldi. «Ilohim, menga ham bu baxt tezroq nasib etsin», deya tilak bildirdi. O'sha kundan boshlab osh-ovqat Shodiyaning zimmasiga tushdi. U ovsinining ko'ngli tusagan narsani pishirib berar, oy-kuni yaqinlashgani sari Umida yana ham chiroyli bo'lib, to'lin oydek tovlanardi. Hamma uni asrab-avaylar, ko'ngliga qarardi.

Lola opa esa tezroq ikkinchi keliniga ham tirnoq so'rab, kunda Allohga iltijo qilardi. Bir kuni qo'shnisi Dilbar opa chaqib oldi:

— Sizga aytdim-a, qo'sh kelin tushirmang, deb. Bir oydan keyin qilardingiz ukasining to'yini… Axir bir kunda tushgan kelinlar bir-birining baxtini o'g'irlaydi, demabmidim?

Lola opaning «Nahotki xato qildim?» degan o'y miyasini chulg'ab olganidan qon bosimi oshib, kasalxonaga yotib qoldi. Uni ko'rgani kelgan o'g'li Vahobga: «Meni kechir, bolam, agar ikkingizning to'yingizni bir kunda qilmaganimda…» — deya yig'lab berdi.

— Oyi, nimalar deyapsiz? Bu irim-sirimga ishonmang, men aslo bu haqda o'ylayotganim yo'q. Bu gapni Shodiya eshitsa, tushkunlikka tushib qoladi-ku!

Lola opa bu haqda o'ylamagan ekan. Oyog'idan o't chaqnab, ovsinining issiq-sovug'idan xabar olib turgan shaddodgina kelini tushkunlikka tushib qolsa, nima bo'ladi? Shuni o'ylab, qo'shnisining gaplarini unutishga harakat qildi.

Nihoyat, Umidaning ko'zi yoridi. Tug'ruqxonaga kelgan Shodiya ovsinining xursandchiligiga sherik bo'ldi.

* * *

Shodiya endi hovliga kiray deb turganida Dilbar opaga ko'zi tushdiyu, shoshib salom berdi.

— Hoy, kelin, shoshmang, ortingizdan shuncha chaqiraman, qaramaysiz-a! — nafasi bo'g'ildi qo'shni ayolning.

— Ovsiningiz tuzukmi, muborak bo'lsin, endi jiyanchangiz…

— Rahmat, xolajon, hozirgina atala tashlab kelyapman. Voy, biram polvon o'g'il ko'rdi, umri bilan bergan bo'lsin…

— Ha, mushtipar-a, o'zingga tilasang-chi farzandni. Xudoyim, o'zimga ber, degin…

— Ie, xolajon, nega unaqa deysiz, hali kelin bo'lib tushganimga bir yil ham bo'lmadi-ku?! Allohning karami keng, xohlagan paytda O'zi beradi. Axir farzandning erta-kechi yo'q-ku…

— Shundayku-ya, ammo men qaynonangiz to'y boshlaganida aytganman, qo'sh kelin qilmang, birortasiga musibat keladi, deb. Axir buning xosiyati yomon-da. Mana, mening singlimni olaylik. Qo'sh kelin qildi ja-a dabdabali qilib. Nima bo'ldi? Bitta kelini ikki yil tug'madi. Oxiri ajrashib ketishdi…

Oxirgi gap Shodiyaning ko'ngliga qattiq botdi. Xuddi qaynonasi ham uni hoziroq ajratib yuborayotgandek, ko'zlari ola-kula bo'lib, ichkariga kirib ketdi.

Shodiyaning hovliga o'qdek uchib kirganini ko'rgan qaynonasi unga tikilib qoldi.

— Tinchlikmi, bolam, Umida yaxshi ekanmi?

— Ha, oyijon, tuzuk, salom dedi… — dediyu, xonasiga kirib o'pkasi to'lib-to'lib yig'ladi.

Ortidan kirib kelgan turmush o'rtog'i:

— Nima bo'ldi, sog'lig'ing joyidami? — deb so'radi.

— Vahob aka, meni qo'yib yubormaysiz-a, meni yaxshi ko'rasiz-a… — deya piqillab yig'lardi Shodiya.

— Jinni bo'ldingmi, bu nima deganing?

— Agar tug'masam, tug'olmasam… — Shodiya battar avjiga chiqdi.

Va bor gapni aytdi. «Qo'sh kelinlikning musibati»ni eshitgan Vahobjon gap nimadaligini tushundiyu, kulib yubordi.

— Jinnivoy, sen odamlarga emas, Allohga ishon! U qachon istasa, o'shanda farzandli bo'lamiz. Ungacha, ana, Umidaning bolasini boqishvor…

Erkak kula-kula hovliga chiqdi va hamon gap nimadaligini bilmay hayron bo'lib turgan onasiga qarab, «Qo'shnilar…»deb qo'ydi.

Lola opa turgan joyida qotib qoldi. Shunday chiroyli oilasiga ko'z tegdimi? Agar Shodiyaning ko'ngli oilasidan sovib ketsa, nima bo'ladi? El og'ziga elak tutib bo'larmidi?

Umida tug'ruqxonadan chiqadigan kuni Shodiya yelib-yugurib xizmat qilsa-da, ko'ngli allanechuk bo'lib kelaverdi. Eshikdan kirib kelgan onasini ko'rgach, o'pkasi to'lib, yig'lab yubordi. Axir shunday ovsini, oilasi, Vahob akasini qanday qilib tashlab ketadi?

Qizining shashqator ko'z yoshini ko'rgan ona uni bir zumdayoq tushundi.

— Ona qizim, sabrli bo'l, Alloh senga ham farzand beradi, hali ularni eplay olmay qolasan. Ko'z yoshingni art, mehmonlar ko'rsa, yomon xayolga borishadi…

* * *

Oradan kunlar o'tdi. Umida bolasini yo'rgaklab bo'lgach, Shodiyaning qo'liga tutqazdi.

— Mana, Shodiyaxon, polvoningizni ushlab turing, men hozir…

Shodiya chaqaloqning yuz-ko'zlariga, shiringina tamshanib turgan bo'rsiqqina lablariga suqlanib qararkan, «Allohim, meni ham shu baxt­ga muyassar qil», deya iltijo qildi.

— Shodiya, ertaga onangiz kelarkan, qudaginamdan aylanay, Umidaxonni yo'qlab kelmoqchi…

Shodiya bu xabarni eshitib, xursand bo'ldi.

— Unda, ertaga katta qozonda osh qilaylik. O'choqda pishgan oshni sog'indim…

Bu gapni eshitgan Lola opa asta jilmayib qo'ydi. Shodiyaning hali boshqorong'iligidan xabari yo'q edi.

Ozoda
TURSUNBOYEVA
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 20 | Теги: Qo'sh kelinlarni quvontirgan baxt | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar