Вс, 22.07.2018, 11:22
Приветствую Вас, Mexmon

OTA-BUVALAR ODATINI BUZIShGA JAZM ETGAN BAQALOQ…
“Uyquni buzding-ku, nomard!!!”






Alyaskaning so'ngsiz muzliklari bahor nafasi ufurishi bilan asta-sekin eriy boshlaydi. Bu, shubhasiz, shu hududda hayot kechiradigan yirtqichlarga sezilarli qiyinchilik tug'diradi. Ular erib borayotgan muz ustida ov qila olishmaydi. Tubsiz okean suvi qa'riga tortib ketishidan qo'rqishadi.

Lekin muz erishi yirtqichlar, dengiz mushuklarining o'laksaxo'r go'shti bilan oziqlanuvchi qushlarga juda qo'l keladi. Ular bo'rilar, ayiqlar yeta olmaydigan joylarga qo'nib, nafsini qondirishadi.

Bahorning muzdek shabadasi qish bo'yi shirin uyqu gashtini surgan yirtqich ayiq Normandni ham indan chiqishga majbur etdi.

U kerisha-kerisha inidan tashqariga chiqdi-da, past-baland butalar osha muzliklar tomon boqdi.

U hozir faqat yemish haqida o'ylardi. Qish bo'yi davom etgan uyqu tufayli tanasidagi ortiqcha yog'lardan deyarli ayrilgan. Birmuncha ozib, holsizlangan. Ammo hanuz uncha-muncha o'ljani tutib, inigacha sudrab kelishga qurbi yetadi.

Normand shoshilmasdan butazorlarni titkilab qurt-qumursqalarni qidirgan bo'ldi. Ko'ngli to'lmagach, yarim tonnalik og'ir gavdasi chayqalgancha sohil tomon yurdi. Okeanning chamasi ikki-uch metrcha ichkarisida bir to'da bo'rilar nimanidir suv ostidan tortib olishga urinar, erib bo'laklarga ajralgan muz har tomonga qalqib, erkin harakatlanishga imkon bermasdi.

— Obbo itdan tarqaganlar-ey! — so'kingan kabi irillab qo'ydi Normand. — Qo'lingdan keladigan ishni qilmaysanlarmi? Allambaloday to'planib olganlari-chi?!. Hozir oyog'ing toyib ketsa, tamomsan, suv ostiga tushib akulalarga yem bo'lasan.

Normand juda yaqin qolganda, bo'rilar uni ko'rishdi-yu, o'zlarini nari olishdi.

Bilishadi. Normand faqat yoz oylaridagina bo'rilarga tegmasligi mumkin. Chunki u vaqtda yemish ko'p bo'ladi. Kayfiyati tushkun bo'lmaydi. Hozir esa uyqudan uyg'ongan. Nihoyatda asabiy. Bir hamla bilan g'ajib tashlashi hech gap emas. Bu yirtqich manaman degan oq ayiqlarni yenga oladi. Bo'rilar nima bo'pti?..

Normand ko'rdiki, suvda kattakon dengiz mushugining jasadi qalqib turibdi. Uni yuqoriga chiqarib olish uchun baquvvat panjalar zarur. Buning ustiga muz bo'laklari pand berib qo'yishi ham mumkin. Agar o'ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilinmasa, suv ostiga g'arq bo'ladi.

— Yo'qollaring, tekintomoqlar! — pishqirdi Normand bo'rilar, muzdan-muzga sakrab qocha boshlagan o'laksaxo'r qushlarga qarab. — Senlarga kim qo'yibdi mening rizqimni qiyishni?

Normand avval jasadni chamalab ko'rdi. Agar oyoqlari muzda sirpanib ketmasa, bir siltashda ko'tarib olsa bo'larkan. U suv yuzida qalqib turgan dengiz mushugining boshidan mahkam tishladi-da, bir zarb bilan yuqoriga oldi va sudraklay-sudraklay ortga qaytdi.

Bo'rilar, qushlar hanuz umidvor edilar.

Normand o'ljani yeb bitirguncha atrofda izg'ib yurishdi…





O't-o'lanning mazasi bo'lakcha





Alyaska bahori va yozi nari borsa bir oycha davom etadi. Hali muzliklar to'liq erib ulgurmay, yerga yana qor tushadi. Endigina ko'm-ko'k tus ola boshlagan maysalar qor ostida qoladi.

Normand ozmi-ko'pmi maysalarning totli mazasidan bahramand bo'lib, irmoqlarni to'ldirib o'tadigan baliqlardan tanovul qilishga ulgurdi.

Baliq o'z yo'liga, ayiqlar sulolasi yetarlicha maysa yeyishi shart. Maysaning mazasi, gashti boshqacha bo'ladi. Tana yayrab, og'irdan-og'ir jonivor o'zini go'yo qushdek yengil his etadi.

Biroq baribir bu go'sht o'rnini bosmasligi yomon. Normand navbatdagi qish uyqusiga ketishi uchun keragidan ortiq go'sht yeb bitirishi, shu yo'l bilan tanasiga zahira yog'lar yig'ishi shart. Aks holda ochlik tufayli uyqudan uyg'onmasligi hech gap emas.

“Qorning och bo'lsa, uyqu qaerdan kelardi, — o'yladi Normand gupirib yog'ayotgan qor bo'roniga hissiz nigoh tashlab. — Dengiz mushuklarini ovlashga erinsam… Qaniydi mayda-chuyda bo'lsa-da yemish chiqib qolsa. O'shalarni ermak qilib o'tirgan bo'lardim. Yo'q, bo'rilarni kutaman. Hov anavi tepalikka chiqaman-da, o'tiraveraman, o'tiraveraman. Bo'rivachchalar o'z oyog'i bilan keladi. Agar ovim baroridan kelsa, xotirjam uyquga yotardim…”

Normand istar-istamas o'rnidan qo'zg'aldi-da, ko'zlangan manzil tomon yo'l oldi.





Tekintomoq






Normand tepalikdagi daraxt to'nkasiga old panjalarini qo'ygan ko'yi ikki soatcha o'tirib qoldi. Gohi-gohida atrofiga tasodifan qo'nib qoladigan qushlarni kuzatib vaqt o'tkazdi. Baribir bo'rilar to'dasi shu yerga kelishiga ishondi.

Ana, oq, kulrang, qora bo'rilarning o'n beshtachasi oldinma-ketin Normandga yaqinlasha boshladi. Yirtqichlar ko'pchilik bo'lishsa-da, Normandni aylanib o'tishga majbur. Ayiq vaqti kelganda bir hamla bilan uch-beshtalab bo'rini yer tishlatgan. Shu sababli barchalari yigirma-yigirma besh metr naridan Normandga zimdan nigoh tashlagancha qo'rqa-pisa o'tib ketishdi.

“Kelarkansan-ku, ovsarlar! — o'yladi Normand asta gavdasini ko'tarib. — Mendek sabr-toqatli akangga qulluq qilsang arziydi! Baribir ovlagan o'ljangni talashib o'lasanlar! Bir-biring bilan yovlashib qolmasliging uchun men kamarbasta bo'laman…”

Bo'rilar daydiy-daydiy oxiri butalar oralab chopib borayotgan kiyikni o'rtaga olishdi va ko'z ochib yumguncha qorga qulatishdi.

Bu tekintomoq Normand uchun ayni muddao edi.

— Xayriyat, shuncha kutganim zoe ketmadi, — pishqirgancha bo'rilar tomon yugura ketdi ayiq. — Dushmanlarim butun qishga yetadigan go'shtni hadya etishmoqchi shekilli…

Bo'rilarga ayiqning bu usuli oyday ravshan bo'lib qolgan. Normand har qishda shunday yo'l tutadi. Ovlari baroridan kelishini kutib yotadi-da, kutilmaganda yetib borib o'ljani zo'rlik bilan tortib oladi.

Yirtqichlar jonholatda yaqinlashib kelayotgan ayiqqa ko'zlari tushdi deguncha tiraqaylab qochdi. Normand esa kiyik jasadi ustida paydo bo'lgach, bir-ikki kerishdi va o'ljani bo'g'zidan olib ini tomon sudraklay ketdi.



Nafs balosi



Kiyik Normand uchun ham ko'plik qiladigan darajada yirik edi. Ayiq uning atigi yarmini yeb bitira oldi. Ammo qolgan go'shtni o'zgalarga berib qo'yishni ham xohlamasdi. Nima qilish kerak? Qishki uyqu onlari yaqinlashmoqda. Buyoqda esa tayyor yemish. Agar buni butalar orasida qoldirsa, shu atrofda is olib yurgan yirtqichlar ilib ketishadi.

— Yo'q, — jasadning ustiga yotib oldi Normand. — Men bu qish uxlamayman. Yemishimni qo'riqlab yotaman. Bunday mazali taomni faqat o'zim tanovul qilishim kerak. Bo'rilarga berib ketadigan ahmoq yo'q.

Normand bir qarorga kelgandek esnay-esnay butadan butaga sakrab chug'urlashayotgan qushlarga g'azab aralash nazar tashladi-da, o'ljasini qattiqroq quchdi.

Ha, yirtqich ayiqning nafsi ustun keldi. U umrida ilk bor ajdodlar odatiga zid ish tutdi.

Qishni inida emas, butazorda mudrab o'tkazishga ahd qildi.
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 34 | Теги: OTA-BUVALAR ODATINI BUZIShGA JAZM E | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar