Вс, 22.07.2018, 11:36
Приветствую Вас, Mexmon

O'gay haqiqat
— Bu qanday nohaqlik? Sizlarni gugurt qutiday joyga tiqib, o'zlari yayrab-yashnab ota hovlimda qolishga kim ularga huquq berdi?

— Norposhshaning fig'oni falakka chiqqan sayin ukasi Iskandar vazmin tortardi.

— Opa, qo'ying! Onasining qabri sovimay aka-ukalar meros talashyapti, deyishib yuzimizga aytishmasa ham orqamizdan gap-so'z qilib kulishadi. Bunyodni bizga berishganda ham uy talashsak arzirdi. Uniyam olib qolishdi. Er-xotinga yetadi-da mana shu ikki xona uy, ot minib choparmidik. To'y qilmasak…

— Sen shunday deb turganingdan keyin, xotining sening ra'yingga qarab, og'zini ochmagandan so'ng Samandar bilan anavi yeb to'ymagur xotini har narsa qiladi-da. «Qazisan, qartasan, asl naslingga tortasan», deb shunga aytsalar kerak-da. Harna qilsayam, ming onamning mehrini ko'rgan bo'lsayam, baribir, zinoning bolasi-da!

Norposhsha achchig'idan qizarib, bo'g'riqib ketgan, ora-sira qo'lidagi guldor yelpig'ichi bilan yelpinsa-da, o'zini bosolmasdi. Iskandarning qovoqlari uyulib, qoshlari chimirildi. O'rnidan sakrab turib, yopiq eshikni ochib, qaytadan zichlab yopdi. Xotini Qumrining oshxonada ekaniga, opasining gaplarini eshitmayotganiga ishonch hosil qilgan bo'lsa-da, baribir, ovozini balandlatmadi.

— Opa, bunaqa gaplarni bir gapirdingiz, ikkinchi tilingizga chiqarmang. Dadamning ruhi bezovta bo'ladi, biz Samandarni oilamizga o'z jigarimiz, deb qabul qilganmiz. Qonimiz bir axir. Onam uni yelkasida ko'tarib katta qilgan. Buni hech kim bilmasa ham siz bilasiz. Endi yoshimiz qirqqa yaqinlashganda ukamizga: «Sen begonasan. Sen otamizning ko'ngil ko'chalarida topgan xotinining tashlandiq bolasisan. Sening ota hovlimizda mutlaqo haqing yo'q», deb qaysi yuzimiz bilan aytamiz?! Buning ustiga, to'rtta o'g'li bo'lsa… Bunyod ham shu sanoqda. Hademay ularni uylantirish, uy-joyli qilish kerak…

— O'zidan ketgandan so'ng ularga haqiqatni aytish kerak, ko'zlarini moshday ochmasa bo'lmaydi, ayniqsa, anavi to'rt o'g'il tug'dim, to'ra xotinman, deya gerdayadigan kelinga rost gapni aytib, popugini pasaytirib qo'ymasa bo'lmaydi. Xo'p, uydan haydabdi, haydabdi! Yana qanaqa uydan? O'z ota-onasiga tegishli uydan! Unda Bunyodni nega olib qoladi? Axir uni go'dakligidan Qumri katta qilgan-ku. «Bu meniki emas, sizniki», degan gapi ham onamning ko'zicha aytilgan gap ekan-da! Yo'-o'-q, men opa bo'la turib, haqiqatni bila turib, hamma narsani shu holda qoldirmayman. Jigarim deb jigarlarim titilib ketyapti axir! — Norposhsha yig'lab yubordi.

Iskandar opasining qo'llarini ushlab, yuziga bosdi.

— Opa, jon opa, tinchlaning! Samandar ham, kelin ham bizga bir og'iz «Ket!» degan gapni aytishmadi. Ularning siqilayotganini ko'rib, o'zimiz shu qarorga keldik. Siz bu ishga aralashmang, desam, ranjiysiz, bilaman. Lekin arzimagan narsa uchun o'zingizni qiynamang. Uy-joy hammadan qoladi. Kim o'zi bilan birga hovlisini ko'tarib, go'rga olib ketardi?! Biz faqat Bunyodni olib qolishganiga sal xafa bo'ldik. Unga o'rganib qolgan ekanmiz. Men-ku erkak odamman, kunim ko'chada o'tadi. «Bunyodga dars tayyorlatishim kerak. Bunyodni to'garakka olib borishim kerak» deb kunini o'tkazadigan xotinimga ozgina qiyin bo'lyapti, xolos. Mayli, uyam o'rganib ketar, odamzotning ko'nikmaydigan narsasi bormi?

— Bunyodlaring ham «Qol», desa, qolaverdimi? «Katta oyim, katta dadam», deb esi ketardi-ku! «Ketaman», demadimi? O'shalarning avlodi-da, baribir! Qonida zino bor!

— Opa, hadeb shu la'nati so'zni takrorlayvermang, hammayoqni nahs bosib ketayotganga o'xshaydi. Bunyod tinmay qo'ng'iroq qilyapti. «O'qishim tugashi, ta'til boshlanishi bilan boraman», deyapti. Ular hozircha Bunyodning o'qishini bahona qilishdi. «Maktabi uzoqlik qiladi, sizlarda mashina bo'lmasa, ta'tilga chiqsa, borar», deyishdi. Lekin «Ta'tilga chiqsa, maktabini ko'chirib ketasizlar», demaganiga qaraganda bolani berishmoqchi emas!

— Iskandar, men senga o'sha paytdayoq, Bunyodni o'g'il qilib olmoqchi bo'lganlaringdayoq aytganman, agar eslaringda bo'lsa! «Begonani olib boqinglar, bola bo'ladi. Bu — o'zlaringniki, o'zining aka-ukalariga tortib ketadi», deganman…

Norposhsha ukasining qo'llarini qo'yib yuborib, yana yelpina boshladi. Bu orada Qumri choyni yangilab ketdi. U kirib-chiqqunicha opa-uka gaplarini kelgan joyida to'xtatib, jim qolishdi. Baribir, Qumri ularning nima haqdadir qattiq tortishayotganligini sezdi, shekilli, eriga qarab: «Nima gap?» degandek imlab qo'ydi. Iskandar sezmaganga oldi. Ha, opasi uni ko'p marta ogohlantirgan. Bunyod borasida ham, hovli to'g'risida ham. Lekin Iskandar Samandarni o'zidan itargisi, begonalashtirgisi kelmaydi. Hatto dadasining nikohsiz xotinidan tug'ilgan farzand ekanini bilgach ham.

— Bu bizning ukamiz emas. Onasi dadamning boshini aylantirib, tegib olgan. Lekin Xudoyim uni jazolagan, o'g'ilchasi besh oylik bo'lganida bedavo dardga yo'liqib o'lib qolgan. Shundan so'ng dadam onamga xiyonat qilganini, boshqa ayoldan farzand ko'rganini, u endi onadan yetim bo'lib qolganini aytib, uzr so'ragan. «Agar sen bolani yetimxonaga topshir, desang, shunday qilaman. Lekin bu bola mening pushti kamarimdan tug'ilgan, agar sen «Begonasiramayman, o'z bolalarim qatori ungayam onalik qilaman», desang uyga olib kelaman», degan dadam. Onamiz rahmatli yonayotgan ko'ksiga bir musht urib «Olib kelavering. Qanaqa qilib siz tirik turib, bolangiz yetimxonada yuradi?» degan. Shu tarzda Samandar bizning oilaga kelib qolgan, — Norposhsha shu tarzda Samandarning tarixini Iskandar ukasiga gapirib berganida o'smir qiz edi. O'shanda onasi rahmatli hurpayib turgan Norposhshani toza koyigan edi.

— Mayli, sen qiz bolasan. Qiz bolalar o'zi azaldan ota-onasi, ukalarini hammadan, ayniqsa, o'gaylardan qattiq qizg'anadi. Lekin bu gaplarni ukangga nega aytding? Nega uning ko'nglini bo'lding?

Norposhsha onasining so'roqlariga: «— Haqiqatni bilsin-da!» — deya bir jumla bilan javob qaytargan edi. Iskandar esa haqiqatdan qochardi. Shu bugungacha hamisha: «Ukam begona ekanini bilmasin», deb keldi. Ayniqsa, Xudoyim ularga tirnoq bermagach, Samandar o'rtancha o'g'li Bunyodni:
«— Aka, kelinoyi, Xudoyim menga bejizga to'rtta o'g'il bermagandir. Manavi to'polonchi Bunyod sizlarniki!» — degach, azaldan ham ukasiga bog'langan ko'ngli yanayam qattiqroq bog'landi.

To onalari (dadalari ancha avval vafot etgan edi) dunyodan o'tib, o'rtalariga hovli mojarosi tushmaguncha, qattiq-quruq gap bo'lmagan edi. Onalarining qirqi o'tgach, Samandarning xotini Lazokat bir-ikki marta gap kelsa-kelmasa: «— Hovli odatda, kichik o'g'ilga qoladi», — deydigan bo'ldi.

Iskandarga avvaliga uning gapi oddiy chuldirash bo'lib tuyuldi. Chunki ukasining xotini gapdongina, hatto Samandarning o'zi ham Lazokat gapga tusha boshlasa:

— Chuldira, jonim, chuldira! — deb hammani kuldirar edi.

Akaga kelinining hovli haqidagi gaplariga ukasining indamagani alam qildi. Har gal Lazokat hovlidan gap ochganida Iskandar ukasiga qarardi, undan: «— Sen bu uyning kelinisan. Bu xonadonning kattasi akam. Hovli kimga qoladi, domga kim chiqadi — bu masalani o'sha kishi hal qiladi», degan gapni kutardi.

Biroq ukasi shu gapni aytmadi, har gal mum tishlab o'tiraverdi. Samandar ana shu alam ustida Qumriga: «— Chiqib ketamiz. Bizga ana shu ikki xona yetadi», — deb yubordi. Faqat shundagina, er-xotin ko'ch-ko'ronini yig'ishtira boshlaganidagina ukasi: «— Aka, hali bolalar kamolga yetguncha ancha vaqt bor-ku, turaversalaring bo'lardi», — dedi.

Shunda ham: «— Bu hovli sizning ham hovlingiz. Biz o'zimizcha bu uy-joy haqida qaror chiqarishga haqimiz yo'q», — demadi.

Iskandar shu alam ustida bir paytlar otasiga berilgan, ana shu uy tufayli otasi boshi aylanib, yo'ldan ozgan, xotini, bolalariga xiyonat qilgan, ko'pdan buyon bo'sh yotgan domga ko'chib keldi. U «Bu bir to'rt devor bo'lsa, uyda nima gunoh», desa-da, xotinidan bu uy bilan bog'liq barcha voqealarni yashirsa-da, uning ham ichida bir ovoz: «Aslida, bu domga sen emas, Samandar ko'chib chiqishi kerak, shunda adolatdan bo'ladi», deb chinqirardi. Lekin Iskandar o'zini bosar, bu hayotning azaliy va abadiy haqiqatiga ishonar, u aqli bilan ana shu haqiqatga bo'ysunib yashab kelayotgan edi. Kengliklarga o'rgangan ko'ngli diqqinafas joyda siqilayotgan bo'lsa-da, Bunyodsiz hayot nihoyatda mazmunsiz tuyulayotgan esa-da, hammasiga chidayotgandi. Bugun opasi kelib yana bosilgan ko'nglini qo'zg'atdi, o'chgan alamlariga o't yoqdi. Ammo Iskandar bunday holatlarni yenga oladigan yoshga yetgan edi. Shuning uchun fig'oni falakka chiqayotgan Norposhshani o'sha bosiqlik bilan kuzatdi va:

— Agar Samandarning o'tmishini aytish kerak bo'lsa, dadam aytardi. Mayli, u kishi o'z gunohi bilan takror yuzma-yuz bo'lishni istamadi, deylik. Unda bu haqda mavridini topib, onam aytardi. Madomiki, onam ham bu haqda og'iz ochmadi, Samandarni o'z farzandlari qatori parvarishlab, kelin, nabiralarini o'ziniki qatori bag'riga bosdi, demak, sizu bizning bu sirni bitta hovlini deb ochishga haqimiz yo'q, — dedi opasini taksiga chiqarayotib.

— Bilmadim, uka. Men hali Samandarni ham, xotini, bolalarini ham ko'rmadim. Bolalari ham «Ammajon, ammajon»lab tez-tez kelib turishardi. Hammasi onam tirikligi uchun, onamning ko'ziga, keyin ham mana shu hovliga ega bo'lish uchun ekan, deb o'ylab qoldim. O'zlarini ko'rsam, jag'im ochilib, o'zimni tuta olmasam kerak…

— Opa, ko'rganda ham avvalgidek bo'lavering. «Sening onang boshqa», deya Samandarni, uning bolalarini o'zimizdan itarganimiz bilan Xudo bizga boshqa tug'ishgan uka, tug'ishgan jiyan berarmidi? Dunyoda aka-ukasiz, jigarlarsiz yolg'iz, ko'ngli huvillab yashayotganlar ham bor-ku. Ota-onamiz dunyodan o'tganida tobutlarining bir yog'ini men, bir yog'ini Samandar ko'tardik. Odamlar «Ikki o'g'li bor ekan», deyishdi. Agar Samandar bo'lmaganda, sizning eringiz — kuyov ko'tararmidi tobutni?

Opa-uka ancha gaplashdi. Taksichi yigit ularga diqqat bilan quloq solib jim o'tirdi. Quchoqlashib, xayrlashgachgina, mashinani yurgizdi. Iskandar yo'l chekkasida ancha turib qoldi.

* * *

— Oyi, dadam amakimning o'z ukasi emas, o'gay ukasi ekan-da. Bilarmidingiz buni?

Samandarning katta o'g'li Sherzod stadiondagi navbatdagi mashg'ulotdan qaytiboq bo'shab qolgan uyni to'ldirish xayoli bilan band Lazokatni so'roqqa tutdi.

— Bu nima deganing? Qaerdan olding bunaqa bema'ni gapni? — Lazokat qilayotgan ishini taqqa to'xtatib, o'g'lining ro'parasida qaqqayib turib qoldi.

— Bir o'rtog'imning akasi taksi haydaydi. Amakim ammamni taksiga kuzatib qo'yayotib, «Samandarni o'z ukamiz emassan, o'gaysan, deganimiz bilan Xudo endi bizga bir joydan tug'ishgan uka beradimi?» debdi. Lazokat birpas angrayib turdi-da, keyin hushini yig'ib olgandek bo'ldi.

— Sen o'sha o'rtog'ingga «Bunaqa gapni har qaerda gapirib yurish yaxshi emas. O'g'il bolalar maydakash bo'lmaydi», demadingmi?

— Yo'q, borib bu gap to'g'rimi, noto'g'rimi, dadamdan so'rab ko'raman, dedim…

Lazokat Sherzodni boshqa gapirtirmadi.

— Sher, o'g'lim, sen zinhor, bazinhor bu gapni dadangga ayta ko'rma! Agar rostdan ham shunday bo'lsa, hovlidan ayrilamiz!

Ammo Sherzod qaerdandir kelib, onasining orqasida turgan dadasini ko'rib turardi. Dadasining rangi oqarib ketganiga qaraganda u ona-bola orasida o'tgan bu gaplarni eshitgan edi.

— Sherzod, o'rtog'ingning akasi nimalar debdi, bu yoqqa yur-chi!

Lazokat erining g'uldiragan ovozini eshitib, orqasiga qayrildi-da, gandiraklab ketdi. Birozdan so'ng o'zini tutib olgan bo'lsa-da, o'g'lini hovlining burchagiga yetaklab ketayotgan erini to'xtata olmadi.

«Yo'q, u mening akam. Mening boshqa onam yo'q. Onam tepalik mozorda — dadamning yonida yotibdi. Iskandar mening o'z akam…» Samandar, ehtimol, yuzinchi martadir shu gaplarni ichida takrorlardi. U o'g'lidan taksichining gaplarini eshitganidan so'ng akasiga qo'ng'iroq qilib chaqirgan, Iskandar: «Ishlarim bor, bir-ikki soatdan so'ng o'taman», — degan edi. Endi esa xotinining:

— Akangizga hech narsa demang, taksichining ham, ukasining ham og'zini o'zim yopaman, — degan gapiga javob ham bermas, yolvorishlariga ham quloq solmas, tikanning ustida o'tirgandek o'tirardi.

«Eh, Samandar, agar sen akangga nisbatan adolatsizlik qilmaganingda, ehtimol, bu haqiqatni eshitmasding. Adolatga daxl qilingan joyda haqiqat bosh ko'taradi. Sen ham, xotining ham endi bu haqiqatning yo'lini to'sa olmaydi»… Samandarga hozircha hech kim bunday demagan, lekin ertami, kechmi, shu gapni eshitishi muqarrar edi.

Qutlibeka
RAHIMBOYEVA
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 27 | Теги: O'gay haqiqat | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar