Вт, 17.07.2018, 06:51
Приветствую Вас, Mexmon

O'G'RIGINA QIZ… (Voqea real hayotdan olingan)
* * *

Salomat ham bir paytlar uchar edi. yomon yo'llarga yuraverib, oxiri erining boshini yedi. Bir kuni janjallashib qolganlarida bilmasdan erning boshiga o'qlog' bilan tushirgandi. Miyasiga tekkan ekan. Kasalxonaga yetmay jon berdi. Salomat o'n yilga qamalib ketdi. yolg'iz qizi Nodira birovlarning qo'lida qoldi.

Qondan o'tadi deganlari rost ekan. Qishloqdagilar unisi qo'yib bunisi Nodirani qancha yedirib-ichirib, tarbiya qilishmasin baribir onasiga tortib ketdi. Turishi ham erkakshoda qiz edi. Ko'chalarda o'g'il bolalar bilan daydib, qarta o'yiniga o'rgandi.

Ona o'n yoshida qamoqdan qaytib kelganda, Nodira allaqachon yo'ldan chiqib bo'lgandi…

Qamoq ko'rgan ona nima qilishni bilmasdi. Qizining ahvolini ko'rib ming asabiylashmasin, foydasi yo'q. Ustiga ustak, qishloqdagilar qachon qarasa, bu oilani barmoq bilan ko'rsatishar, keksalar ularning yonidan «attang» deya bosh chayqab o'tishardi…

— Xudoyo qiz bo'lmay har narsa bo'lgin sen! — derdi kuyib ketgan paytlarida ona. — Bo'yingni qara, erkakshoda bo'lmay o'lgur! Nimaga boshqa qizlarga o'xshagan nozikkina, uyatchangina emassan?.. Bu turishda g'irt qimorboz bo'lib ketasan-ku, juvonmarg!..

— O'zingiz-chi? — derdi shartta Nodira ham. — Qamalib chiqdingiz-ku!.. Otamning boshini yedingiz-ku!.. Gapirgiligingiz bormi sizning?..

Bu gaplar Salomatning jon-jonidan o'tib, qo'l siltadi. Taqdirga tan berdi…



***





Nodira bo'lsa, qarta o'yiniga berilgandan berildi. Hatto, tushlarida ham kimlar bilandir yutuq talashib chiqadigan bo'ldi. Kunduzlarini-ku, gapirmasa ham bo'ladi. Har gal qaysidir bolaning cho'ntagidagi pullarni quritganda rohat qilardi…

Ana shu o'yin uni pulga ruju qo'ydirdi. Pulni ko'rsa, ko'zlari yonib ketadigan, hatto kechalari ham bog'lam-bog'lam qog'oz pullari bo'lishini orzu qilib chiqadigan bo'ldi…

Bo'y yigitlar orasida birgina Vali unga yoqardi. Juda uddaburon, tili o'tkir bo'lgani sabab, faqat o'shanigina xush ko'rardi. Vali ham u nima desa qaytarmasdi. Aytgan vaqtida bolalarni to'plar, qimor boshlangandan keyin ham ko'pincha Nodiraning yonini olib, yutishga yordam berib turardi.

— Vali, bir ish qilmaymizmi? — deb qoldi bir kuni Nodira ko'chada gaplashib o'tirib.

— Nima?

— Sen menga avval ayt. Puling ko'-o'p bo'lishini istaysanmi?

— Kim istamaydi? Istayman.

— Unda yur, o'g'irlik qilib ko'ramiz!..

— Q-qanday qilib? — so'radi Vali tutila-tutila.

— Ie, kim aytadi seni «shustriy» deb?.. Boshlanishiga-chi… Orzi xolaning tovug'i ko'p. O'shalardan bir-ikkitasini o'g'irlaymiz. Bozorga oborib sotsak, pul-da shuyam!..

Vali Nodiraning gapiga laqqa tushdi. Ikkovlari qorong'i tushishini poylashdi. Nihoyat machitda xufton namoziga azon chaqirilgach, tayin etilgan yerda — Orzi kampirning tomorqasi yonida uchrashishdi.

Hammayoq suv quygandek jim-jit. Ahyon-ahyonda mahalladagi itlarning akillashi eshitilib qoladi xolos…

Tovuqxona aynan tomorqaga yaqin yerda edi. Orzi kampir yolg'iz turgani uchun qorong'i tushgandan keyin tashqariga deyarli chiqmaydi…

Birinchi bo'lib Nodira katakka yaqin bordi. Ketidan Vali ham ko'chani bir kuzatib olgan bo'ldi-da, ichkariga kirdi.

— Sen mana shu yerda turib atrofni kuzatasan! — dedi shivirlab Nodira. — Mabodo kampirning tovushini sezib qolsang, sekin hushtak chalasan.

— Xo'p…

Nodira ehtiyotkorlik bilan katak eshigini ochib ichkariga o'zini urdi. Tovuqlar yigirmatacha bor edi. Begona ovozni payqab uyoqdan-buyoqqa o'zlarini ura boshlashdi. Nodira bularga e'tibor qilmay, hash-pash deguncha to'rtta tovuqni qo'ltig'iga qisib tashqariga chiqdi.

— Ketdik! — buyurdi u Valini turtib. — Ma, ikkitasi seniki!..

Ular oyoq uchida yurib katta ko'chaga chiqib olishdi-da, narigi mahalladagi Mamat cholnikiga yo'l olishdi. U bozorda tovuqfurushlik qilardi…





* * *





Ertasi kuni Nodira tovuqdan tushgan pullarni uyda saqlashga qo'rqqanidanmi, lippasiga qistirdi-da, buyog'iga nima qilish to'g'risida o'ylay boshladi. Tovuq o'g'irlash xamirdan qil sug'urgandek bitgani uni yanada jonlantirib yuborgandi.

— Ko'rdingmi, anavi Mamat chol ham yolg'iz turarkan. — dedi u Valini bir chetga boshlab. — Puli juda ko'p bo'lsa kerak. O'marmaymizmi?

— E, qo'rqaman. Bilib qolsa yomon qiladi… Ke, shu ishni qo'yaylik!..

— Bu nima deganing, jinni? — Nodiraning jahli chiqib ketdi. — Osongina pul ishladik-ku! yoqmaydimi?..

— Yo'q, — keskin qo'l siltadi Vali. — Men bu ishni qilmayman. Otam senga qo'shilganimni bilib qolibdi. Rosa urishdi meni… Borsang o'zing boraver, meni aralashtirma!..

— Landovur-ey!.. Shu holing bor ekan-ku, yana o'g'il bolaman deb yuribsan-a!.. Bormasang borma!..

Validan hech ish chiqmasligiga ko'zi yetgan Nodira bir o'zi kunduzi borib Mamat cholning uyini «razvedka» qilib keldi. Ha-a, devorlari pastakkina ekan. Chol hov anavi yolg'iz uyda yotsa kerak. Pulini qaerda saqlarkin?.. Yo'q, namozga chiqishini poylashi lozim. Yo'qsa, ushlab olishi mumkin…

— Hoy yer yutkur, yana qaerga yo'l olding kech kirganda? — qorong'ida yugurgilab ko'chaga chiqib ketayotgan Nodiraning ortidan qichqirdi Salomat opa.

— E, nima ishingiz bor? O'tiravermaysizmi jimgina?!.

Nodira betinim yugurib Mamat cholning hovlisi ro'parasiga bordi. Shu tobda endi mahalladagi chollar xufton namozini o'qish niyatida to'planib machitga yo'l olishayotgan ekan. Oralarida Mamat chol ham bor edi. Nodiraga ayni muddao bo'ldi. Chollar o'zaro gurunglashib undan uzoqlashgach, Nodira uyoq-buyoqni ko'zdan kechirdi. Hech kim yo'q.

Bir sakrab devordan oshib o'tdi. Iti yo'qligini bilardi. Shaxdam yurib borib chol yotadigan xonaga yaqinlashdi. Eshikka qulflog'lik.

“Obbo, ayyor-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Nodira. — ichidan pishgan ko'rinadi bu sassiq chol…”

Nodira sekin derazani itarib ko'rdi. Ochilmadi. Jahli chiqib qorong'ida timirskilana-timirskilana kichkinagina tosh topdi. Hovliga birpas ko'z tashlab hammayoq osuda ekaniga amin bo'lgandan so'ng keskin harakat bilan deraza oynasini sindirdi. Unchalik baland ovozda jaranglamadi. U qo'lini tiqib ichkaridagi zulfinni sug'urdi-da, xonaga kirdi. Bir chetda karavot, uning yonidagi tokchada quti turardi. Boshqa hech vaqo yo'q.

— Demak, shu qutida pul!

Nodira avval karavot ustidagi ko'rpa-to'shaklarni ag'darib ko'rdi. Pul ko'rinmadi.

So'ngra qutiga yaqin bordi. Qutiga kattagina qulf osilgan. Tag'in tashqariga chiqdi. So'rining bir chetida tosh yotgan ekan. Og'zi qulog'iga yetib o'sha tosh bilan qulfni urib sindirdi.

— Voh!..

Qutidagi dasta-dasta pullarni ko'rgan o'g'ri qizning ko'zlari quvonchdan yonib ketganday bo'ldi. Egniga shim, futbol maykasi kiyib chiqqandi. Maykaning ichiga hamma pullarni soldi-da, qutini yopishni ham unutib hovliga chiqdi…

Bilmaydi… Endigina devordan oshmoqchi bo'lgandi… Kimdir sochidan qattiq tortib o'ziga qaratdi.

— Qani, yaramas, menga qara-chi!..

Bu Mamat chol edi. U Nodirani bir zarb bilan o'ziga qaratdi-da, tosh qotib qoldi.

— Sen?.. Astag'firillo!.. Qiz bola boshing bilan-a?.. Qani, buyoqqa yur!..

Chol qizni ichkariga olib kirdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, quti lang ochiq, ko'rpa-to'shaklar ag'darilib yotibdi.

— Enangga tortibsan-da-a, yaramas?.. — xirillab Nodiraning qo'ynidagi pullarga yopishdi Mamat chol. — Qoningda bor-da!.. Senlarni eshakka teskari mindirib sazoyi qilsayam oz!.. Yur menminan!..

Mamat chol har ehtimolga qarshi qizning qo'llarini orqasiga qilib bog'ladi-da, uyiga olib ketdi…





* * *





Salomat opa onda-sonda qizidan yashirib qo'lbola vino ichib turardi. Shu kuni ham Nodiraning o'zboshimchaligi joniga tegib to'ygunicha vino ichdi. Mamat chol hovliga kirib kelganda g'irt mast edi.

— Hoy, kelin, manavi seni qizingmi? — kirar kirmasdan Salomat opaga qichqirdi Mamat chol.

Salomat opa so'rida astoydil kayf qilib o'tirardi. Ko'rdiki, qizining qo'llari orqasiga boylangan, qandaydir qariya uni mahkam ushlab turibdi. Jon-poni chiqib ketdi. Yo'q, rashkdan emas, qizini ko'rib…

— Ha, m-meni qizim, nima deysiz? — asta o'rnidan turib Mamat cholga yaqin bordi u. — S-sen qanjiq, yana nima ish qilib qo'yding?..

Nodiraning o'rniga Mamat chol javob qildi.

— Bu mening uyimga o'g'irlikka tushibdi. Qulflarimni sindirib, bor pullarimni opchiqib ketayotgan ekan, tuzukmi?

— Shu gaplar rostmi? Gapir!.. — o'dag'aylagancha Nodiraning tepasiga keldi Salomat opa. Nodira dimog'ida spirt hidini tuydi. Boshini dast ko'tarib onasiga nafrat aralash boqdi.

— Nima bo'pti?.. Siz… Farishtamidingiz?..

— Voy juvonmarg o'g'ri-ey! Hali menga gap qaytarishniyam bilasanmi?.. Hozir otangni yoniga jo'natvoraymi sen juvonmargni?!.

— Ha, sen shunaqasan! Odam o'ldirib o'rganib qolgansan!.. O'ldir! O'ldir!.. Qani, nega qarab turibsan?..

Salomat opaning mushtlari tugildi. Kayfdan qizarib ketgan ko'zlari kappa-kappa ochilib, qizini urishga chog'landi. Ammo urmadi. Sochidan bir qo'li bilan mahkam g'ijimladi-da, ikkinchi qo'li bilan darvoza tarafni ko'rsatdi.

— Yo'qol! Meni senday qizim yo'q!.. Ikkinchi uyim bor deb qaytib yurmagin! Yo'qol dedim!..

— E, to'xtang! — gapga aralashdi Mamat chol. — Men sizlarning janjallaringizni eshitishga kelganim yo'q… Ie, qiziga tanbeh berish o'rniga…

— Bor-e senam!.. — kutilmaganda cholni itarib yubordi Salomat opa. — Bor chiq uyimdan!..

Mamat chol ham bosh chayqay-chayqay, lablarini burgancha hovlini tark etgan Nodiraning ortidan uyiga yo'l oldi…





* * *





Qishloq ko'chasiga kechalari uncha-muncha bo'y yigit ham o'ylab chiqadi. Yo'l chetidagi qator qayrag'ochlar qorong'i kechalarda juda haybatli ko'rinadi. Keksalarning aytishlaricha, bu qayrag'ochlarga ajinalar yashiringanmish. Bir yili traktorchi Qulmat aka yarim kechasi kelayotganda, bo'yi uch metr keladigan ajina uning yo'lini to'sib olganmish. To o'ziga kelib kalima qaytarmaguncha qotib turaverganmish…

Lekin bu narsalar Nodirani sira qo'rqitolmasdi. Ajina degan narsalarga ishonmasdi. Qo'rqmasdan ariq hatlab o'tdi-da, so'qmoq bo'ylab keta boshladi.

Shu tobda ko'ziga hech narsa ko'rinmasdi. Zarda bilan yurib so'qmoq yo'lning yarmini bosib o'tdi. Keyin birdan to'xtab, lippasini paypaslab ko'rdi.

— Ie, bu nimaykin?..

Jonholatda do'mpaygan narsani qo'liga oldi.

— Pul-ku!..

Qizning ko'zlari yonib ketdi. Shosha-pisha ko'ziga yaqinroq olib keldi. Hammasi mingtalik.

— Oh, qanday baxt!.. Endi men boyman!.. O'lib ketsin o'sha uylariyam. Boshida qolsin onamning!..

Pullarni g'ijimlab turib Nodiraning xayoliga bir fikr keldi. Beixtiyor Valini esladi.

— Orqamga qaytib Valini chaqirsammikan? — ko'nglidan o'tkazdi u. — Birga ketarmikan menminan?.. E, ketib bo'pti… Otasidan qo'rqadi… Hozir tuman markazigacha borvolsam, uyog'im zo'r bo'ladi…

Nodira pullarni qaytadan lippasiga qistirdi-da, yo'lida davom etdi…

Ko'z ochib yumguncha qishlog'i ham ortda qolib, katta yo'lga chiqib oldi. Endi buyog'iga shoshilmasdan ketaversa ham bo'ladi…

Yana qancha yurdi bilmaydi. Kimsasiz ko'chaning narigi tomonida ikki-uch nafar yigitlar nimadir qilib o'tirishgan ekan. Nodira hozir-hozir to'xtatib qolishlarini sezgan bo'lsa-da, oyoq uchida yurib keta boshladi.

Yigitlar shirakayf edi. Bittasi kutilmaganda o'rnidan turib Nodira tomonga tikilib qoldi.

— Qara, Hoshim, «ish» shekilli! — dedi u sheriklaridan birini turtib.

— Ie, to'xtat!..

Yigit yugurib Nodiraga yetib oldi.

— Yaxshi qiz, yarim kechasi qaerga shoshib ketayapsiz? — hiringlagancha Nodiraning yo'lini to'sdi u. Qiz indamay yo'lida davom etmoqchi bo'ldi.

— Ie, qayoqqa?.. Keling, birpas gaplashaylik!..

— Vey, yo'limni to'sma! Men shoshib turibman…

— Oborib qo'yamiz o'sha shoshayotgan yeringizga!..

Yigit hiringlashdan to'xtamay Nodiraning bilagidan tutdi.

— O', ja yetilibsiz-ku-a?.. Qani…

Orqasini g'ijimlab ezayotgan qo'llar Nodiraning g'ashini keltirdi. Poylab turib yigitning chotiga tepdi.

— Ih, Hoshim!..

Bezori engashib bir yerda aylana boshladi. Lekin sheriklari allaqachon qizning yonida paydo bo'lishdi. O'ttiz metrlar narida paxta dalasi bor edi.

Ular ikkovlashib Nodirani mahkam quchoqlashdi-da, o'sha yoqqa sudrab borishdi. Tepki yegan yigit ham o'ziga kelib sheriklariga yetib oldi. Nodira qancha siltanib, chiranmasin, uch yigitning qo'lidan chiqib ketolmasdi.

— Hali sen buzuqi bizni tepadigan bo'ldingmi? — deya qizning tomog'idan oldi Hoshim deganlari. — Hozir biz sening esingni kiritib qo'yamiz!..

Nimadir qilish kerak edi…

Jon-poni chiqib ketayozgan Nodira ularga yalinishga tushdi.

— Jon akalar, m-men… Buzuqimasman… Menga tegmanglar!.. Mana, pul beraman sizlarga!.. F-faqat… Menga tegmanglar!..

Qon yig'lab lippasini kovlashtira boshlagan Nodiraga qarab yigitlar xoxolab yuborishdi.

— Sen qiynalib nima qilasan, jonidan?.. — kulishdan o'zini tiyolmayotgan Hoshim qizning lippasiga qo'l yubordi. — Kel, pulingni o'zim olib qo'yaman…

— T-tegma!.. Qo'lingni tort hezalak!..

— Nima?.. Hezalak?.. Eshitdingmi, Meli?.. Hezalak dedi meni!.. Hozir…

Hoshim astoydil Nodiraning ustiga yotib oldi-da, hirs bilan ko'kraklarini eza boshladi. Qolganlari esa, u uzatgan pullarni sanash bilan band bo'lishdi.

— Q-qo'lingizni oling mendan!.. Men buzuqimasman!.. — derdi nuqul Nodira yig'lab. — Hozir baqiraman…

— Baqir!.. Qani, baqir-chi, qanjiq!.. Kimningdir tagidan chiqib kelayapsan-u, tag'in noz qilasan-a?..

— Biz teskari qarab turaylikmi? — kuldi Meli. — Uyalmay harakat qilaver, og'ayni!.. Biz borib pivo opkelamiz! Mana, bir dunyo puli borakan…

Sheriklari ketgach, Hoshim battar quturdi. Nodiraning tomog'i bormi, ko'kraklari bormi, tishlab tashladi. Qiz baribir ojizligiga bordi. Qilgan qarshiliklarining hammasi behuda ketdi…





* * *





Qiz hushidan ketgan ekan. Tongga yaqin o'ziga keldi. O'rnidan turdi-yu, qo'rqib ketdi. Notanish dalaning egatida yotar, kiyimlari yirtilgan, bo'yinlari momotaloq edi.

— Xudoyo pes bo'lib o'lgurlar! — deya qarg'ana-qarg'ana oqsoqlangancha (oyoqlari negadir simillab og'rirdi) yo'l tomonga keta boshladi u. — Endi nima qilaman?.. Kim edi u yer yutkurlar? Nimaga hushimdan ketdim?.. Pullarim qani?..

Nodira shu ahvolda odamlar ko'ziga ko'rinishga or qildi. Orqasiga qaytib ancha vaqtgacha dala kezib yurdi. Harqalay bu yerlarda hech kim ko'rinmas, faqat katta yo'ldan o'tib borayotgan mashinalarning ovozi, o'tkinchilarning baqir-chaqiri eshitilib turardi xolos…

Tushga yaqin juda ochiqdi. Ko'ziga hech narsa ko'rinmasdi. O'ylay-o'ylay, yig'lab tavakkal katta yo'lga chiqdi. Kechasi bilmagan ekan. Tuman markaziga kelib qolibdi…

U boshini eggancha ketib borarkan, orqasidan kimdir chaqirgandek tuyuldi. Nodira to'xtadi.

— Ha, qizim, qaerliksan? — qarshisida o'rta yashar, bashang kiyingan, lablari, ko'zlari qalin qilib bo'yalgan bir ayol turardi. — Nima bo'ldi senga? Nimaga kiyimlaring yirtilib ketibdi?..

Nodira yig'lab yubordi. Shuncha gapiray desa-da, yig'idan o'zini to'xtata olmadi…

Ayol ham ahvolini tushunib, yelkasidan tutib o'ziga qaratdi.

— Mayli, uyda gapirib berarsan. Yur-chi, biznikiga boramiz!..

Qiz indamay ayolning ortidan ergashdi. Ular kasalxona orqasi bilan yurib mahallaga kirishgach, ayol darvozalardan biri yonida to'xtadi.

— Mana yetib keldik! Kir, uyalmay kiraver!..

Hovli ko'rimsizgina edi.

Ayol Nodirani ichkari uyga boshlab kirdi. Xona ichida bir taxmon ko'rpa-to'shak-u, eski javondan bo'lak hech vaqo yo'q. O'rtada ikki bo'y yetgan qiz pishillab uxlardi.

Nodira ayol ko'rsatgan yerga o'tirib ko'zlarini yumdi. Ko'zlarini ochib o'tirishga ham majoli yetmadi.

Ayol darrov uxlayotgan qizlarni turg'azib, mehmonning oldiga dasturxon yozdi. Qotgan-qutgan nonlardan ushatib, bir cheti uchgan piyolada choy uzatdi.

— Ol, qorningni to'yg'az!..

— Yo'q, rahmat…

— Olsang-chi! Rangingni qara!..

Nodira biroz tortinib o'tirgach, sekin qo'liga ushatilgan nonni oldi…





* * *





Nodira qo'shmachining qo'liga tushib qolganini bilmagandi. Sharofat uning ich kiyimlarini ko'rishi bilan hammasini tushundi. Qizni kimlardir zo'rlagan. Endi bemalol bu qizdan foydalansa bo'ladi. Faqat… Uyidagilar payqamasa bas…

— Meni onam haydab yubordi. — dedi Nodira tiniqib uxlab, ancha o'ziga kelib qolgach. — Endi qaytib u uyga bormayman…

Sharofat qizdan haydalishi sabablarini surishtirib o'tirmadi. Shu kuni «nozik mijozlar»ga yoshginasini va'da qilib qo'ygandi. Xudoning o'zi yetkazdi. Ishqilib, buyog'i silliq kechsa bo'ldi…

— Menga yaxshilab quloq sol, — dedi u Nodirani yoniga o'tqazib. — uyingga borishni istamasang, mayli, borma!.. Lekin o'zing bilasan, bu dunyoda hech kim hech kimni tekinga boqmaydi…

— Bilaman.

— Bilsang, endi menikida yurasan. Faqat bitta shartim bor.

— Aytavering!..

— Hov anavi qizlarni ko'rding-a? Ularning ham boradigan joylari yo'q. O'zim asrab olganman… Bilasanmi ular nima ish qilishadi?

— Yo'q…

— Erkaklarni xursand qilib pul topishadi.

— Nima?.. Qanday qilib?..

— Kecha seni nima qilishdi bezorilar?

— Bilmadim… Zo'rlashdi… Hushimdan ketib qoldim…

— Ana, ko'rdingmi?.. Buyog'iga hushingdan ketmaysan. Bo'lar ish bo'lgan… Endi sen qiz emassan… Xo'sh, shu holingga uylanmagan yigit senga uylanadimi?

— Bilmasam…

— Uylanmaydi… Xo'sh, nima qilish kerak?.. E, hozirgi erkaklarning hammasi bir go'r. Sen yaxshisi, men topgan boy erkaklarning qo'yniga kirib pullarini shilib olasan. Ana shunda biz senminan til topishamiz… Istamasang, katta ko'cha… Bir burda nonga zor bo'lib yuraverasan…

Nodir bu gaplarni eshitib qotib qoldi. Nima deb javob qilishga ham tili aylanmadi…

Aslida bu taxlit narsalarga unchalik tushunavermasdi. Yuragi hamon o'g'irlik sari talpinardi… Ammo… Endi qaerga boradi? Ko'chaga chiqsa, kech kirishi bilan yana qandaydir bezorilarning qo'liga tushadimi?.. Qarindoshlarinikiga borishi ham befoyda. Kiritishmaydi… Onasidan battar ular ham. Ayniqsa, o'g'irlik qilib qo'lga tushganini eshitishsa, milisaga topshirib yuborishdan ham toyishmaydi…

Nodira o'ylay-o'ylay, Sharofatning shartlariga ko'ndi. Qo'shmachi xursand bo'lib ketganidan yonidan pul sarflab qizga yangi ko'ylak-lozim sotib olib berdi. Bu kiyim atlasdan edi. Nodira kiyib olsa, har qanday erkakning so'lagi oqmay qo'ymasdi…

Afsuski…

Shu kuni mijozlar kelishdi. Nodira Sharofat ko'rsatgan xonaga qo'rqa-pisa kirib bordi. Ichkarida bir yigit o'tirardi. Kelishgan, ammo o'rta yashar… Barmog'ida tilla uzuk, bo'ynida tilla zanjir…

Qizni ko'rdi-yu, chehrasi ochildi.

— O', opamiz aldamabdi! — dedi u Nodiraning belidan olarkan. — Qani, qushcham, tizzamga o'tir-chi!..

Erkak uni uzoq vaqt qiynadi…

Og'riqdan joni chiqib ketgudek bo'lsa-da, chidadi…

Bilmaydi… Qancha vaqt ustida yotdi erkak…

Bir mahal u bo'shashgancha o'rnidan turib tashqariga yo'l oldi.

— Chiqib ketmay tur, men hozir!..

Nodira sekin o'rnidan turib temir karavotga cho'kdi. Shu payt… Oyog'iga nimadir urilgandek bo'lib pastga egildi…

Ne ko'z bilan ko'rsinki, polda bir dasta dollar yotardi…

Aslida dollarni umrida ko'rmagan, kimlardandir eshitgandi…

Hovliqib qoldi. Shosha-pisha qo'liga olib pullarni lippasiga joyladi. Shu ko'yi indamay o'tiraverdi…

Oradan besh daqiqalar o'tib erkak yana ichkariga kirdi. Kiriboq atrofni aylangancha nimanidir qidira boshladi. Nodira sezdi. Pullarini qidirayapti. Indamadi.

— Menga qara, shu yerda bir dasta pulga ko'zing tushmadimi? — so'radi erkak qizga gumonsiragannamo tikilib.

— Yo'q, ko'rmadim…

— Shunaqa degin?.. Rostdan ko'rmadingmi?..

— Aytdim-ku, ko'rmadim…

— Sharofat!.. Buyoqqa kirib keting!..

Poylab turgan ekanmi, qo'shmachi shu zahoti ichkarida paydo bo'ldi.

— Ha, inim, nima gap?..

— Pul yo'qoldi, opa, katta pul yo'qoldi!..

— Voy men o'lib qo'ya qolay!.. Hoy, Nodira, sen ko'rmadingmi mabodo?..

Nodira yo'q degandek bosh chayqab qo'ydi…

— Yechin! — kutilmaganda buyurdi erkak qizga. — Tez yechin!..

Nodiraning rangi quv o'chib, peshonasini sovuq ter bosdi.

— Nimaga?

— Yechingin, keyin bilasan!..

U qo'rqa-pisa ko'ylagini yechdi.

— Lozimniyam!.. Mana, opa, ko'ring qizingiz nima ish qilgan!..

Erkak lippadagi bir dasta pullarni olib Sharofatga ko'z-ko'z qildi.

— Bu o'g'ri ekan-ku, opa! Kimni qo'ynimga solib qo'ydingiz?..

— Hali shunaqamisan?.. — Nodiraning tepasiga keldi Sharofat. — O'g'rimisan hali? Voy qanji-iq!.. Sharmanda qildi-ku bu!.. Nozimjon uka… Kechiring!.. Men buning adabini berdiraman hali!.. Faqat siz kechiring, uka!.. Men bu qanjiqqa ko'rsatib qo'yaman o'g'irlik qilishni!..

Sharofat ko'rsatib qo'ydi. Shu kechasi Nodirani uch to'rt yigit o'lasi qilib kaltaklashdi. So'ngra nafslarini qondirishdi. To hushidan ketmaguncha zo'rlashdi…

Sharofat uning qaerdan ekanini o'zidan so'rab bilib olgandi. Erta tongga yaqin yigitlar qizni qip-yalang'och holda qishloqqa kiraverishdagi anhor bo'yiga — o'sha qayrag'ochlar ostiga tashlab ketishdi…





* * *





Har kuni tong yorishgach, Mamat chol tovuq ko'tarib bozorga o'tardi. Qarasa, anhor bo'yida yalang'och qiz yotibdi. Avvaliga ajinamikan degan xayolda bir-ikki kalima qaytardi. Qiz ko'zdan g'oyib bo'lmagach, sekin tepasiga bordi. Darrov tanidi…

— Astag'firillo!.. Qara-ya, Xudo jazosini berib qo'yibdi-ku buning!..

Bozor ham esidan chiqib qishloqqa yugurdi…

Hovliga kirib kelganda, Salomat mast bo'lsa kerak, so'rida pishillab uxlardi.

— Hoy, ojiza, tur!.. Tursang-chi!..

Salomat sapchib o'rnidan turib ketdi.

— Ha-a!.. Yana nima?..

— Bor, latta-putta olib ko'cha boshiga bor!.. Qizing qip-yalang'och o'zini bilmay yotibdi…

— Nima?.. Yalang'och yotibdi?..

Ko'z ochib yumguncha behush Nodirani uyga olib kelishdi. Ko'karmagan yeri qolmabdi. Kayfi hanuz tarqamagan ona unga nafrat aralash tikildi.

— Kuydirgi!.. O'g'irlik qilganing yetmay, bu qilig'ing ham bormidi? Otangga tortgansan sen buzuqi!..

Salomat sekin borib darvozani yopib keldi. Nodira hamon hushsiz cho'zilib yotardi…

Qo'liga boltani oldi-da, qizining tepasiga keldi.

— Men qamoq ko'rgan bo'lsam ham, yolg'iz yashasam ham, buzuqlik qilmaganman!.. — dedi shivirlab. — Sen meni sharmanda qilding!.. Qo'y, shunday yashagandan qamoqlarda o'ligim qolsin!.. Sen baribir odam bo'lmaysan…

O'tkir bolta qizning naq bo'yniga kelib tushdi…

Nima qilib qo'yganini qon daryodek oqa boshlagandan keyingina anglab yetgan ona hovliqib qoldi. Xuddi birov ko'rib qolganday bir necha marotaba darvozaxonaga borib keldi…

Jonholatda og'ilxonaga kirib qanor topib chiqdi-da, murdani buklay-buklay joyladi va tomorqa tarafga olib o'tib qo'ydi…

Baribir tinchiy olmasdi…

— Shoshilishim kerak!.. Ha, shoshilish… Shoshilish!..

Salomat yana og'ilxonaga qaytdi. Timirskilanib mol boylanadigan arqon topdi. Katta tog'orani oyoqlari ostiga qo'yib ustiga chiqdi. Arqonning bir uchini aylana qilib bog'ladi-yu, ikkinchi uchini shiftdagi mixga mahkamladi…

Tushga borib ona-bolaga qo'shnilar aza ochishdi.
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 22 | Теги: O'G'RIGINA QIZ… (Voqea real hayotda | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar