Вт, 17.07.2018, 07:01
Приветствую Вас, Mexmon

Montyorning hiylasi
— Savob uchun Ramazon oyini kutib o'tirish shartmi? — deb qoldi Anvar bir payt choyxonada ulfatlar bilan gaplashib o'tirsak.

— Yo'q.

— Yo'qmi? — Anvar uning fikrini keskin rad etgan Jamolga yuzlandi. — Aniqmi?

— Ha, aniq, — dedi Javlon «Buning nimasi hayratlanarli», degandek ikkilanib. — Savobni istagan paytda qilish mumkin.

— Unda menga ellik ming so'm pul berib tur!

O'rtada kulgi ko'tarildi. Aslida, Anvarning pismiqligini bilganimiz uchun ham biz jim o'tirgandik, ammo Jamol, baribir, soddaligiga bordi-da. Hazil-huzil bir yonga bo'lib, suhbat jiddiylashib ketdi deng.

U unaqa deydi, bu bunaqa deydi. Hammasiga e'tibor berib o'tirib anglaysizki, bular oldingi hayotlarida yo fiqhshunos bo'lgan, yoki shayxulislom.

— Sen nima deysan, usta? — deb qoldi bir payt Anvar menga.

Hali og'iz juftlab ulgurmagandim hamki, Yusufning qitmirligi tutib qoldi.

— Usta usta-da, aytib o'tirmaydi, ko'rsatib qo'ya qoladi.

Ular xandon otib kula boshlashdi…

Buni nega bugun eslab qolganimni aytaymi?

Shuhrat akaning asl basharasini bilganimdan so'ng choyxonadagi ulfatlar bilan «Ramazonda bitta savob qilish»ga kelishganimizni esladim. Hech narsani tushunmayapsiz-a? Unda yotig'i bilan tushuntiraman. Men qishlog'imizdagi Murod akaning uyida edim. U menga qo'ng'iroq qilib, uyidagi barcha elektr nosozliklarni tuzatib berishimni va menga nima kerak bo'lsa, kelinoyimga aytsam, muhayyo qilishini aytdi. Kelganimdan so'ng ish bilan tanishib, yordamchi kerakligiga ishonch hosil qildim, ammo so'raganimga pushaymon bo'ldim. Nigora kelinoyi shartta Murod akaga qo'ng'iroq qilib, «Ustaga yordamchi kerak ekan, haydovchingizni jo'nata qoling, bozorlik ishlari chiqib qolganida ham qulayroq bo'ladi», dedi-yu, boyagina men sizga aytgan Shuhrat aka deganlari yetib keldi.

* * *

Mening ismim… Ha, mayli… Ozodbek Nazarbekovmidimki, hozir men ismimni aytamanu, sizlar darrov taniysizlar meni. Aslida, ismimni hatto qishloqdoshlarim ham bilmaydi. Nimaning ustasiman bilmaymanu, bolaligimdan «Usta» deb chaqirishadi meni. Darvoqe, keyinchalik chindanam usta bo'ldim. Montyorman. Tomingiz ketadimi, kechirasiz, tomingizdagi sim ketadimi, simyog'ochdagini ulash kerakmi, uy ichidagi montajmi, xullas, bemalol menga murojaat qilavering, bu yog'ini boplaymiz.

Murod akani bolaligimdan taniyman. Katta akamning sinfdoshi. O'zi juda kamtarin, kamsuqum, sodda odam. Ko'pchilikning tilidan aytganda esa — la-pa-shang. Ammo Nigora kelinoyini juda ko'pchilik gapiradi. Saodat xolaning tili bilan aytganda, «so'zi chatoq», Farog'at xolaning tili bilan aytganda, «o'zi chatoq» ayollardan. Ahli qishloq tilidan aytganda, «engiltabiat» juvon.

Hech qachon bir narsaga amin bo'lmagunimgacha tovushim chiqmagan. Birovga tuhmat qilishdan qo'rqaman. Ammo erining haydovchisi, juvonning rusiyzabon tili bilan aytganda, «Shukrat» akasi kim bo'libdiki, bo'sag'adan kirishi bilan ko'zlarini alang-jalang qilib ishshaygancha: «— Zoti shariflari jo'natdi xonim, sizga yordamim kerak ekan», — deya xo'jayinining xotiniga ko'z suzishi kerak.

— Boring-e, shunaqa yo'qlatmasam, kelmas ekansiz-da, Shukrat aka, — deya unga ayyorona ko'zlarini qisgan bo'ldi arazchi xonim.

Nigora kelinoyi bilinar-bilinmas anortus olayotgan mayin dudoqlarini qimtib, «Shuhrat aka»si esa ko'z o'ynatib, tirjaygancha bir muddat bo'sag'ada turib qolishdi.

Ko'z oldimga Murod aka keldi. Mana men nima uchun choyxonadagi ulfatlarim bilan «Ramazonda bitta savob qilish»ga kelishganimizni eslab qoldim. Hammasi shundan boshlandi. Yeng shimarib, ishga kirishdim. Zimmamdagi mas'uliyat negadir ikki hissadek tuyulardi. Birinchi hissa tokning nosozligini, ikkinchi hissa nomus nosozligini ta'mirlash.

Birinchi qilgan ishim qo'limdagi metrlab o'lchab turganim — simning bir uchidagi ikki tomonini jipslashtirib, ikkinchi tomonidagi ikki simni rozetkaga ulash bo'ldi.

Nimadir paqilladi. Qandil «Pat-puss» qildiyu, yo'lak bir zumda qop-qorong'i bo'lib qoldi. Shartta xuddi o'zimni bilmay qolgandek tutib ortimga o'girildim.

Juvonning bilaklaridagi boyagi ikki qo'l havoda muallaq turar, Shuhrat akasining bo'ynidan opichlamoqchi bo'lgan oppoq bilaklar esa dir-dir qaltirab, kiraverishda — poyabzallar uchun qo'yilgan javonga o'tirib qolgan juvon qo'yniga tupurayotgan ekan.

— N-n-nimasi bu? — o'ziga kela boshlaganidan so'ng ko'zlari olayib ketdi Nigoraning. — Shunaqayam befarosat bo'ladimi odam?

— Uzr, kelinoyi, bilmay qoldim…

Kelinoyidan uzr so'ragan bo'lib, rozetkadagi uchi qorayib, sal kam yopishib qolgan simni tortib oldim-da, o'rnimdan turdim.

Shundoq ularning o'rtalaridan kesib o'tib, devorga o'rnatilgan hisoblagichni qayta ishga tushirdim. Tabiiyki, qandil yonmadi.

— Nima bo'ladi endi? — asabiylashdi Nigora.

— To'layman, — dedim bo'sh kelmay.

— To'laysiz?!

Juvonning hayrati oshdi. Boshdan-oyoq menga razm soldiyu, aftini bujmaytirib, Shuhrat akasiga qaradi.

— Qarang, to'lar ekan! — dedi so'ng kinoya qilib.

— Bo'ldi, Nigor, asabiylashmasang-chi, bitta qandil ekan-ku! — gapga suqildi xirmonda hozir.

— Bitta qandil?! — ensasi qotdi Nigoraning. — Shuniyam to'lashi uchun bu kishim necha oy simyog'ochma-simyog'och yurishini tasavvur qilasizmi?

Uning gaplaridan asablarim chunonam o'ynadiki, ammo nachora, ayb o'zimda. Tishimni-tishimga bosib, jim turaverdim. Shuhrat akaning vijdoni bo'lmasayam, insofi bor ekanmi yoki janjal boshlanmasin, dedimi, aralashgan bo'ldi.

— Bo'ldi-da, endi, uyat bo'ladi, — deya Nigorani sal yupatib, so'ng menga «e'tibor bermang», qabilida ishora qilib qo'ydi.

Yuz so'm berib, muhtojlarga sadaqa qilishni bilmaydigan, kimsani, xalqona talaffuz etsak, aqlli ahmoq — Shuhrat akasini Nigora mehmonxonaga boshlayotganida ham, dasturxon tuzash mahali ham chakagi tinmadi. Yurgan joyida «To'larmish, oladigan puli yarim kilo go'sht bilan to'rtta nonga zo'rg'a yetadi-yu», deya ming'irlab yurardi.

Ish shu zaylda boshlandi. Juvon uni shohona kutib oldi. «Hay-hay»lashiga ham qaramay, oldiga dasturxon yozib, choy va yeguliklar keltirdi. Tabiiyki, men o'z ishim bilan mashg'ul yuraverdim. Bot-bot biror narsa bahonasida ularga bir yaqinlashib ketar, yana o'zimni bilmaganga olib, ortga qaytardim. Bu orada zimmamdagi ishimdan tashqaridagi vazifamni yana ikki marta ado etishimga to'g'ri keldi. Ikki marta Shuhrat aka juvonning qo'llaridan tutgan mahal «xirmonda hozir» bo'ldim:

— Shuhrat aka, yordamlashvoring!

Juvonning nazarida g'irt lapashangga aylandim. Qo'lidan ish kelmaydigan, yakka o'zi biror ishni eplolmaydigan uquvsiz ekanimni Shuhrat akasiga shivirlab noliyotganini o'zim eshitdim. Alam qiladigani shu ediki, ular haliyam hech narsani ilg'ay olmayotgan, o'z ishining ustasi bo'lgan usta bor uyda «diydor»dan haliyam umid qilayotganliklarida edi.

Oshxonadagi ishimni yakunlab, ikkinchi xonaga o'tdim. Ish aslahalarimni taxlab qo'yayotgan mahalim ularning pichir-pichirlaridan angladimki, «tormoz» vaqti keldi yana.

To'g'ri mehmonxonaga kirib keldim.

— Sim tortib kelish kerak bo'lyapti. Faqat tomga chiqish kerak. Biz hozir foydalanayotgan tok juda ham kuchsiz. Muzlatkich va televizor ishlamay qoladi. Boshqa liniyaga ulaymiz. Boshqa liniyadan tortib kelsak, yaxshilanishi aniq, faqat menga yordam kerak bo'ladi.

Men gapiryapmanu, ular toshdek qotib turishardi. Nazarimda, Shuhrat aka ichida «Toza jonga tegding-da», deb turibdiyu, juvon esa «Buni qara-ya, sal bo'lmasa sharmanda bo'larkanmiz» deb o'ylayotgan bo'lsa kerak. Chunki men kirganimda Shuhrat aka juvonning belidan bilaklarini olishga arang ulgurgandi.

— M-m-mayli, — birinchi bo'lib erkak tilga kirdi. — Mayli, yuring…

— Yo'q, men emas, siz borasiz. Menga o'n metr sim, to'rt metr plastik qoplama va tirgama, bitta bir fazalik yangi hisoblagich kerak bo'ladi.

Uyni hech bo'lmasa yarim soatga, Shuhrat aka xo'jalik mollari do'koniga borib kelgunga qadar «tozalab» turishni epladim. Bu payt men o'z ishimni bajarish bilan, juvon esa vaqtini ko'zgu oldida o'tkazdik.

Aytgan narsalarimni olib kelganidan so'ng, afsuski, ular yana xoli qolishga musharraf bo'lishdi. Men ishimni qilishim kerak edi. Ammo buniyam epini qildim. Oldin devorga po'lat mix yordamida barcha plastik qoplamalarni o'rnatib chiqdim. So'ng raqamimni «ko'rinmas» qilib, telefonimni esa «ovozsiz» rejimga qo'yib, ularga qo'ng'iroq qildim. Qo'ng'iroq qilmadim, qo'ng'iroqlar qilib tashladim. Keyin qoplamalar ichidan simni o'tkazib, bir uchini balkon derazasidan tashqariga, ikkinchi uchini hisoblagich oldiga tushirdim. So'ng yana qo'ng'iroq qilish rejasini sidqidildan bajardim. Ularni shunday xunob qildimki, endilikda telefon qilishga hojat ham qolmagan, o'zlari «Hozir yana qo'ng'iroq bo'ladi», degan o'yda go'shakka tikilib o'tirishardi.

Birozdan so'ng Shuhrat akaga:

— Men tomga ketyapman. Simning uchini uzatvorasiz, — dedimu, uning javobini ham kutmay, eshikka yo'naldim.

Sababi oddiy, chunki simning uchini ilgak qilib, derazadan sal osiltirib qo'ysam ham bo'lardi. Tepaga chiqib, ilib olaverardim. Ammo shu narsaga Shuhrat akaning fahmi yetib qolmasidan oldin ko'chaga yo'nalgandim.

Pod'yezd tuynugidan tomga chiqdim. Nigora opaning derazasi yuqorisidan turib arqonni tashladim. Ozgina vaqt tevarakni kuzatib o'tirdim. Tezroq harakat qilib ular vaqtlarini «bo'sh» o'tkazishmasin, dedim. Shunday qilsam, xoli qolishmaydi, deraza oldida mening arqon tashlashimni kutib turishadi.

So'ng qo'ng'iroq qildim. Shuhrat aka arqonga simning uchini bog'lab uzatdi. Men esa unga:

— Derazadan uzoqlashmang, kabelga simni ulaganimdan so'ng tok keldimi, yo'qmi, aniqlab berasiz, yonmasa, yordamingiz kerak bo'ladi, — dedim.

U rozi bo'ldi. Bo'lmay qayoqqa borardi. Aslida, bu ularni ushlab turish uchun navbatdagi hiylam edi. Axir qo'limda indikator bor. Tok kelganmi, yo'qmi, o'zim aniqlasam ham bo'ladi turgan joyimda. Ularning pastdan turib, beradigan yordamlari shart ham emasdi.

Simni kabelga ulab, tekshirdim. Tok keldi. Ammo hisoblagichning richagini urib ko'ring, deb aytmadim. O'zim indamay, pastga tushib ketaverdim. Pod'yezdga tushib, kvartiraga kirib kelganimda Shuhrat aka haliyam derazadan tomga qarab turgan ekan.

— Ie, aka, shu yerdamisiz, chaqirsam, javob bermaysizmi, — dedim yolg'ondakam asabiylashib, — tomdan tushib kelib o'tiribman-a?!

— Men eshitganim yo'q, chaqirdingizmi? — dedi u hayrat bilan yelka qisib.

Tekshirdim, hammasi joyida. Simning ikkinchi uchini hisoblagichga ulagandim, tok keldi.

Bu yog'iga endi tashvishlana boshlagandim. Sababi, ikki-uch dona rozetkani hisobga olmaganda, ishimni deyarli yakunlagandim. Ammo, baribir, bitta hiyla o'ylab topdim. Hikoyani o'qiyotganlar, kerakli joyga xabar berib o'tirmanglaru, ammo haqiqatni aytaman. Hisoblagichni orqaga aylantirib yubordim. O'g'rincha nuqta degan narsa bor. Shunaqa yasadim, qarabsizki, hisoblagich orqaga aylana boshladi.

Bo'ldi janjal, bo'ldi to'polon. Uni arang to'g'rilagunimga qadar, yana yarim soat o'tdi. Nihoyat, Shuhrat aka bu yerda qiladigan ishi qolmaganini fahmladi chog'i, jo'nab ketdi. Ana shundan so'nggina yengil nafas oldim. Montyorlar odatda, bunday nafasni simyog'ochdagi to'rtta simning orasidan yoki shitdan eson-omon o'tib olganidan so'ng oladi.

* * *

Shomga yaqin Murod aka kirib keldi. Meni ko'rib juda xursand bo'ldi. Nafaqat ishni qoyillatganimga, qadrdon do'stining ukasini ko'rib, o'zini ko'rgandek bo'ldi, shekilli, ikki karra xursand edi. «Ovqat yemasdan ketmaysan», deb ichkariga sudrab ham ko'rdi. Ammo ketishim kerakligini aytib, oyoq tirab turib oldim. Shundan so'ng u xonasiga kirib ketdi-da, bir dasta pul ko'tarib chiqdi. Bu orada men narsalarimni yig'ib, ryukzakimni yelkamga tashlab bo'lgandim.

— Mana, ukajon, xizmat haqing!

Pulning hajmi juda katta edi. Undan bir bo'lagini olib, qolganini qaytarib berdim:

— Qandilning chiroqchalarini olasiz, g'aflat bosib, bir kuydirib qo'ydim-da, aka, — dedim xijolat bo'lgandek qandilga ishora qilib.

— Ey, o'ylama, ol pulni, — dedi Murod aka qandilga bir qarab. — Uni o'zim yangilayman.

— Yo'q, aka, baribir, sizdan ko'p so'ramasdim. O'zingiz bilasiz-ku, shunchaki, yarim kilo go'sht bilan to'rtta non olib borsam bo'ldi uyimga.

Murod aka pod'yezdga chiqqanimizdan so'ng ham «Akangga salom ayt, oilasi bilan mehmonga kelsin, o'zing ham ko'rinib tur», deya uqtirib-uqtirib qoldi toki ko'chaga chiqqunimga qadar.

Ko'chaga chiqqanimda esa xayolimdan: «Xayriyat, muqaddas qo'rg'onni vaqtincha bo'lsin asradim», degan o'y o'tdi va hovuchimdagi pulni mahkam siqdim.

Endi uyimga yarim kilo go'sht bilan to'rtta non olib boraman…

Vahob RAHIM
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 28 | Теги: Montyorning hiylasi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar