Вт, 17.07.2018, 06:52
Приветствую Вас, Mexmon

GUNOHKOR AYoLNING TAVBASI… (Voqea real hayotdan olingan)
* * *





Farog'atning ko'zlariga dunyo qorong'i edi. Qoq tush payti bedazor o'rtasiga borib berkingancha o'tirib yig'lar, a'zoyi badanidan sovuq ter oqar, titrab-qaqshab borardi.

«Nima qilib qo'ydim? — o'ylardi u atrofga alanglab. — Nega bunday qildim? Nega Toshtemirga qarshilik qila olmadim?.. Yo'q, ota-onam, qarindosh-urug'larim oldida sharmanda bo'ldim! Eshitib qolishsa, sezib qolishsa, meni ur kaltak qilib yuborishadi. Toshtemir esa, indamasdan yuraveradi. Bilaman, erkak kishiga oson. Men aytib qo'ymasligimniyam yaxshi biladi. Shuning uchun ham indamasdan sharmanda bo'lishimni tomosha qilib turaveradi u!.. Men-chi?.. Nima deb o'zimni oqlayman?.. Qay so'z bilan hammasini tushuntiraman?.. Yo'q, baribir gunohga botdim! Juda og'ir, kechirilmas gunohga botdim! Nimaga boshida o'ylamadim. Nega o'sha yaramas Toshtemirning shirin so'zlariga, aldovlariga uchdim? Men ham boshqalarga o'xshab turmushga chiqsam, kelinlik libosini kiysam bo'lardi-ku! Nega shoshdim?.. O'zimni o'ldiraman! Bundan boshqa yo'l yo'q!.. Lekin qanday qilib?.. Osaymi o'zimni? Yo cho'lga borib kanalga o'zimni tashlaymi? Unda nima o'zgaradi?.. Yana qayta gunohga botmaymanmi?.. Yo bironta ayolga tushuntirib ko'raymi? Nima deb aytaman? Hammasini ochiq gapirsam, nima qilish kerakligini aytisharmikan? Lekin… Qanday aytaman?.. Yo'q, Xolnisa ayaga aytaman. Har holda u ayol kishi. Buning ustiga namoz ham o'qiydi. Kitob ko'rgan…

Yo'q, unga ham aytmayman. Bu dunyoda meni tushunadigan odamning o'zi yo'q. Baribir ko'ziga yomon ko'rinaman. Meni buzuqiga chiqarib qishloqdagilar oldida sharmandai sharmisor qiladi. Aniq bilaman. Eng yaxshi yo'l bitta. Dorixonaga boraman-u, dori sotib olib hammasini ichaman. Shunda ko'nglim taskin topadi. Yorug' dunyoning meni kutayotgan og'ir zarbalaridan xalos bo'laman. Hech kimning qarshisida mulzam bo'lmayman. Hech kim mening nima sababdan o'z jonimga qasd qilganimniyam bilmay qoladi… Shunday qilaman!.. Men uchun bundan to'g'riroq yo'l yo'q!..»

Farog'at boshidagi ro'molini to'g'riladi-da, jonholatda qishloq chetidagi dorixona tomon chopib ketdi.

Qishloq ko'chasida zog' ko'rinmasdi. Tush mahali bo'lgani sababmi, daladagilar ham uy-uylariga kirib ketishgan. Endi ular kech tushib, quyosh nuri pasanda bo'lgandan keyingina chiqishadi…





* * *





Farog'at dorixonadan ikki quti dori sotib oldi va yana bedazorga qaytib zovur suvi bilan qo'shgan ko'yi dorilarning hammasini bir-bir ichib tashladi…

Oradan besh daqiqalar chamasi vaqt o'tdi, yo o'tmadi. Avvaliga boshi aylandi. Keyinroq qusgisi kelib o'qchidi. Bu ham o'tib ketib boshi qattiqroq aylanib, yuragi tez-tez ura boshladi.

Farog'at jonini tezroq Azroil qo'liga topshirish ilinjida bedalar orasiga cho'zildi-yu, ko'zlarini yumdi…

Kim bilsin? U olamdan o'tdimi, yoki hushdan ketdimi?.. Bir mahal ko'zlari o'z-o'zidan ochilib ketdi. Lablari quruqshagan, tomog'i achishar, miyasi lo'qillab og'rirdi… Ko'zlarini kaftlari bilan ishqalab-ishqalab ko'rdi…

Ne ko'z bilan ko'rsinki, tepasida oppoq soqolli, lekin kiyimlari yirtiq-yamoq darvish qiyofasidagi bir chol tikilib turardi.

Farog'at qo'rqib dast o'rnidan turdi-da, ortga tislandi.

— Qo'rqma, chirog'im! — tilga kirdi qariya uzun hassasiga qo'llarini tiragan ko'yi. — Nega ranging dokaday oqarib ketibdi? Faqat mendan berkitma!.. Senda bir gap bor. Nima bo'ldi?..

— H-hech narsa… — zo'rg'a gapira oldi Farog'at.

— Aldama. Aldash ham gunoh, — dedi qariya. — Agar bir gap bo'lmasa, ranging bu qadar oqarmasdi, tizzalaring titrab-qaqshamasdi, a'zoyi badaning qora terga botmasdi…

— Siz… o'zi kimsiz?.. — so'radi Farog'at qo'rqa-pisa.

— Menmi?.. — qariya kulib qo'ydi. — Men bir darvishman. Qishloq kezaman. Tirikchiligim tashvishida yuraman. Sen-chi?.. Nima ish o'tdiki boshingdan, bu qadar bezovtasan? Anavi dori qog'ozlari senikimi?

— H-ha…

— Qara-ya, shuncha dorini birdaniga ichibsan. Axir, o'lib qolsang nima bo'lardi?

— Bu kunimdan o'lganim yaxshi, — nihoyat Farog'at yorilgan bo'ldi.

— Nega? Aytsang-chi sababini?

— Men… Bir yigitga… Nomusimni…

— Nima?.. Ha-a, tushunarli… Nahotki?.. Hali yoshsan-ku!.. Zo'rladimi o'sha yaramas?

— Yo'q, o'zim…

Qariya birpas jim turdi-da, yana kulib qo'ydi.

— Shuning uchun o'zingni o'ldirmoqchi bo'ldingmi, qizim? — so'radi u xotirjam ohangda.

— Ha.

— Qo'y, o'ldirma. Sen adashgansan xolos. To'g'ri, yaxshi ish qilmagansan. Ota-onangning yuzini shuvut qiladigan ishga qo'l urgansan… Bu gunohing uchun ham hali qiyomatda, albatta, javob berasan. Chunki, javobsiz qoladigan gunohning o'zi yo'q. Lekin shu gunoh tufayli o'z joningga qasd qilishing yana bir katta yukni yelkangga ortib qo'yadiki, senga hech kim yordam bera olmaydi…

Shu tobda qariyaning ko'zlari yoshlanib yerga boqdi va jim qoldi.

— Nega yig'layapsiz, bobo? — sal jonlangandek bo'lib so'radi Farog'at.

— E, so'rama!.. — dedi qariya. — Men sendan ham og'irroq gunoh qilganman. Oqibatda ko'rib turganingdek darvish bo'lib yuribman.

— Nima gunoh qilgansiz?

— Ilgari boshqalar qatori machitga qatnardim, besh vaqt namozni kanda qilmasdim. Shayton yo'ldan urib bir-ikkita yaramasning gapiga kirdim. Ichkilikka, qimorga berildim… Xullas, namozni tashladim. Hech qancha o'tmay, ishlarim chappasiga ketdi. Uy-joyimdan, oilamdan ayrildim. Mana, endi shu ko'yi yuribman…

— Namozni tashlasa yomon bo'larkanmi? — soddalarcha savol tashladi Farog'at.

— Ha, oldin bilmagandim. Yaqinda bir kitobda o'qib qoldim. Namozni qasddan tashlab ketishdan og'irroq gunoh yo'q ekan. Shuning uchun, qizim, sen o'zingni qo'lga ol va yashashda davom et!.. Mayli, shu gunohing uchun u dunyodami, bu dunyodami jazoingni olasan. Ammo yashab qolishning o'zi sen uchun katta mukofot. Bor, uyingga borib Yaratganga tavba qil!..

Qariya shu gapni aytdi-yu, yo'l tomon keta boshladi.

Farog'at esa… O'yga toldi…

Yo'q, endi o'zini o'ldirish niyatidan qayta boshlagandi. Uyga borish va shu kundan boshlab gunohlari uchun qariya tayinlaganidek tavba qilish haqida bosh qotirardi. Shunday qilsa, yengil tortishiga, hayotga qaytishiga ishonardi.
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 30 | Теги: GUNOHKOR AYoLNING TAVBASI… (Voqea r | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar