Вт, 17.07.2018, 06:57
Приветствую Вас, Mexmon

Dardkash izlagan ko'ngil
— «Oyoqlarimiz qumda kuyib ketyapti, yurib bo'lmayapti», deb rais buvaga shikoyat qilibmiz. U kishi bo'lsa «Qizlarim, cho'l sizlarga asfalt ko'chalaringiz emas. Bu yerda faqat etik kiyish kerak. Ana o'shanda oyoqlaring rohat qiladi», desalar hammamiz kulisha-kulisha ko'chma do'kondan kirzavoy etik sotib olib, kiyibmiz. Lekin bir-ikki soatdan keyin umuman yura olmay qoldik. Oyoqlarimiz qumda kuygan bo'lsa, endi shilinib ketdi. Chunki bunaqa etik kiyishdan avval paypoq kiyib, paytava o'rash kerak ekan-da…

Risolat buvi namlangan ko'zoynagini olib, doka ro'molining uchiga artdi. Shahardan Gulistonga onasidan xabar olgani kelgan katta o'g'il Bahodir aka birpas zavqlanib xotiralarini gapirayotgani onani tinglagandek, uni-buni so'rab, gapiga qo'shilgandek bo'ldiyu, so'ng zerikdi, shekilli:

— Onajon, dorilaringizni ichib turibsizmi? Tugagan bo'lsa, Baxtiyorga pul beray, olib kelib bersin, — deya mehribonchilik qilgandek bo'ldi.

Risolat buvi yana nimalarnidir hikoya qilishga chog'langan edi, o'g'lining gapini bo'lgani unga malol keldi, lekin sezdirmaslikka urindi. Bo'g'ziga tiqilgan ranju malolni bosiqlik bilan o'tkazib yuborishga harakat qildi.

— Ichim dorixona bo'lib ketdi, bolam. Har qancha dori ichsam ham Xudoyimning menga atagan umridan bir soat ham ziyod yashay olmayman. Shuning uchun o'sha doriga atagan pulingni o'zingda qoldir-da, mening oldimga tez-tez kelib tur. Seni bag'rimga bosib, nafasingni nafasimda his qilsam, haroratingni sezsam, ovozingni eshitsam, shuning o'zi menga dori…

Gapirar ekan, Risolat buvining ovozi titradi. Bahodir esa qo'lidagi so'nggi rusumdagi telefonini titkilaganicha:

— Onajon, Xudoyim ham asranganni asraydi. Bu dorilarni ham kimlardir mehnat sarflab, ixtiro qilgan. Qancha-qancha olimlar sinovdan o'tkazgan. Shularning ham mehnatini inobatga olish kerak. Endi sizga bizning yoqar-yoqmas gaplarimizdan ko'ra o'sha dorilarning foydasi ko'proq tegadi, — dedi-da, Risolat buvining javobini ham eshitmay yana qo'lidagi telefonga engashdi.

Risolat buvi birpas o'g'liga termilib o'tirdi. Necha kunki uning ko'z oldidan yoshlik xotiralari kino tasmasidek o'tayotgan edi. Mirzacho'lda qo'riq yer ochishga kelgani, bolalarining dadasi bilan tanishgani… Ayniqsa, o'sha tanishuv, ilk eshitgan muhabbat izhori haqida kimgadir juda gapirib bergisi kelayotgan edi. Xuddi shu istagini sezgandek, Baxtiyorning xotini — Zamira kelini choy ko'tarib kirib keldi. Bahodirga kelinning kelgani, ya'ni keyingi paytlarda ancha so'zamol bo'lib qolgan onasining yonida bir quloqning paydo bo'lgani ma'qul keldi, shekilli, u o'rnidan turdi:

— Onajon, siz keliningiz bilan choy ichib o'tira turing. Mening bir-ikkita ishlarim bor. Bitkazib, tezda kelaman.

Ishi shaharda, yashashi shaharda bo'lgan Bahodirning qishloqda qanaqa ishi bo'lsin? Risolat buvi biladi, o'g'li choyxonaga chiqib, eski og'aynilari bilan valaqlashmaydi ham, ular nazariga kirmaydi, shunchaki, Baxtiyor ukasi barpo etib qo'ygan bog'dagi ikki qavatli shiyponning tepasiga chiqib, uxlaydi. Lekin Risolat buvi bilib turgan narsalarini to'ng'ich o'g'liga aytib o'tirmadi. Aytganidan nima foyda? Eshitib, o'g'li ranjisa, aytib o'zining dili g'ashlanadi…

— Mayli, bora qol, bolam. Harna bo'lsa-da, ishing bitsin, sizlar ish odamisizlar, — deb yaxshilik bilan kuzatib qoldi.

Zamira kelinning ham o'ychanligini sezib turardi. Uning ham qandaydir ishi bor. Lekin Risolat buvi bolalarining dadasining dil izhori haqida gapirgisi kelardi.

— Shu deng… dadangizning ko'z qarashlarini sezib yuribman. Lekin sira sir boy bermayman, o'zimni bilmaganlikka olaman.

Zamira kelin boshini ko'tarib qaynonasiga bir qarab qo'ydi-da, yana dasturxonning popugini o'ynay boshladi.

— Shunday kunlarning birida dadangizning yonida yuradigan bir traktorchi o'rtog'i bo'lardi, doim qoramoyga belanib yurardi. Uning yonida yoshlar brigadasiga rahbarlik qiladigan dadangiz chaqnab ko'rinardi. Rahmatli qum, chang-to'zonning ichida ham o'ziga juda qarab yurardi. O'sha o'rtog'i kabutarning qanotidek qog'ozchada xat keltirib berdi. «Qalandar o'rtog'im berib yubordi, oxirigacha o'qib chiqing», dedi. Tavba, nimalar yozdi ekan, deb qavat-qavat o'ralgan qog'ozni ochsam, bor-yo'g'i uchta so'z yozilgan: «Menga turmushga chiqing!» Qog'ozning qolgan joylari ko'p nuqtalar…

Risolat buvi o'sha betakror damlarning xayoli bilan band bo'ldi, shekilli, birpas jim qoldi. Zamira kelin esa qaynonasining gaplarini mutlaqo eshitmagandek, butunlay boshqa mavzuda gap ochdi:

— Ayajon, Bahodir akam kelganidan foydalanib bir narsani hal qilib olsak, degandim. Baxtiyor o'g'lingiz bu gapni hech qachon sizga ayta olmaydi. Huv Tolmazordagi qarindoshlarimiz vaqtincha o'tirib turgan uy Bahodir akamning nomlarida. To'g'ri, yer u kishiga berilgan, poydevoru devorni u kishi tiklagan. Lekin qurilishni Baxtiyor akam oxiriga yetkazgan. Tong demay, shom demay, loy changallaganlaridan xabardorsiz. Hademay Maqsud nabirangiz o'qishni tugatib keladi, uni uylantiramiz, uy kerak. Shu uyni Bahodir akam ukalarining nomiga o'tkazib bersa, yaxshi bo'lardi. Baribir, ertami, kechmi, shunday bo'ladi. Lekin bo'ladigan ishning tezroq bo'lgani yaxshi-da. Nima dedingiz, ayajon?

Risolat buvi bolalarining dadasiga aylangan Qalandar oldiga qizil brizent etik, qarg'ashoyi ko'ylak, iroqi do'ppida qizarib-bo'zarib turishi haqida o'ylayotgan edi. Keliniga: «Ichimda «jon» deb tursam-da, dadangiz xatiga intiqlik bilan javob kutayotganini sezsam-da, hech narsa deya olmasdim. Yakkash «Ota-onam biladi»dan nariga o'tmasdim», deya o'sha unutilmas damlar haqida gapirib bermoqchi edi. Lekin kelini… Risolat buvi xo'rsindi, kelini uzatgan piyolani barmoqlari uchiga qo'ndirib aylantirdi:

— Bu aka-ukalar orasida hal bo'ladigan ish. O'zlari bilib-bilib qilishadi, bolam. Bu savdoga sizu bizning aralashgiligimiz yo'q.

Zamira kelinning qovog'i uyuldi:

— Siz ona bo'lib bir og'iz gapirsangiz bo'ladi-ku, doim to'ng'ichingizga qayishasiz!

* * *

Tavba, Risolat buviga nima bo'lyapti o'zi? Zamira kelin bilan qisqa davom etgan dahanaki jangdan so'ng shu o'tirgan joyida yostiqqa suyanib yonboshlagan edi, ko'zi ilinibdi. Rahmatli erini tush ko'ribdi. Endi to'ylari bo'layotgan emish. Qiziq eri hozirgi zamonning kuyovlaridek yoqasiga kapalak nusxa bo'yinbog' taqib, orqasi uzun kostyum kiyib olganmish. Sochlari ham nabiralarinikidek po'rim olingan. O'zi ham sochini baland turmaklagan emish, bilaklari, oldi ochiq oq ko'ylakda emish. Darvozadan qaynonasi kirib kelayotganmish. Risolat buvi qaerga berkinishini bilmay, erining orqasiga yashirinar emish…

— Buvi, buvijon, alahsirayapsiz, yonboshingizga qarab yoting… Nabirasi Zilola maktabdan kelibdi, shekilli, buvisini uyg'otdi.

Aslida, Zilola uyg'otmasa ham, Risolat buvi tushida qaynotasidan yashirinib yurib, uyg'onib ketgan edi. U o'rnidan turib, yostiqni so'rining suyanchig'iga tirab, o'zi ham yostiqqa tayandi.

— Muzday suv obke, bolam. Yuzimni chayay, — dedi.

Nega bunaqa tush ko'rdi ekan? «Tushdagi to'yni aza bo'ladi», deya ta'birlashar edi… Nahot safari oxirlagan bo'lsa! Axir xotiralar bostirib kelayotganini hisobga olmasa, jismu jonida hech qanday o'zgarish yo'q-ku.

— Tush ko'ribman, bolam… — Risolat buvi tinmay kompyuter titkilaydigan Zilola nabirasidan hozirgi ko'rgan tushining yangicha bir talqini bormikin, shu haqda so'ramoqchi edi, nabirasi:

— Buvijon, tush bu yashalgan hayot haqidagi xotiralar yoki siz orzu qilayotgan narsalarning suratdagi in'ikosi. Tushga mutlaqo e'tibor bermaslik kerak. Buvijon, yaxshisi, siz birorta ermak toping. Masalan, shaxmat o'ynashni o'rganing. Kitob o'qing, serial ko'ring, desam, «Boshim og'riydi, ko'zim tinadi», deysiz. Aslida, kitob o'qiganingizda zo'r bo'lardi. Kutubxonamizdan dasta-dasta kitob olib kelib berardim. Shunda tush ham ko'rmasdingiz. Qotib uxlab qolardingiz…

Aytmoqchi bo'lgan gapi yana Risolat buvining bo'g'zida qoldi. U nabirasiga «Bu boshqacha tush, butunlay boshqacha tush», deb ham ayta olmadi. Chunki Zilola uning yuzini yuvdirdi-da, qayoqqadir kirib ketdi.

«Ha, hammasining o'z hayoti, o'z tashvishi bor, Risolat. Kim ham sening xotiralaringni eshitgisi kelyapti», deb o'yladi. Negadir xo'rligi keldi. Hatto ko'zidan bir-ikki tomchi yosh ham dumaladi.

— Ayajon, Jamila qo'ng'iroq qilyapti-da, hanuz qovog'i ochilmagan kelin uy telefonini Risolat buviga olib kelib berdi.

«Qiz bola bilan onaning kindigi bitta bo'ladi, deyishadi. Yurakdan gaplashgim kelib turganini qizim sezdi, shekilli», deb o'yladi Risolat buvi.

— Alyo, qizim, omonmisan? Uyga bir kelsang edi, iyakni iyakka tirab, bir gaplashsak edi, juda to'lib turibman, — dedi Risolat buvi.

— Ayajon, qizimga ketma-ket sovchi kelib yotibdi. Shoshib qoldim. Ona bo'lib uyimga kelib hamma narsaga bosh bo'lib o'tirmaysizmi? Sandiqdagi sarpolarimni ko'rmaysizmi? Kam, ziyodimni aytmaysizmi? Faqat o'g'illaringizga yopishganingiz-yopishgan! Men bittagina qiz bo'lsam, bundoq yonimda turing-da!

Jamilaning ginasi ham o'ziga yetarli edi. Risolat buvi telefonda ham hech narsa ayta olmadi. Jamila onasini tinglagisi kelmadi. Uning uzatiladigan qizlaru ularning sep-sidirg'asi haqida aytadigan gaplari bor ekan, shuning uchun Risolat buvining ich-ichidan qaynab-toshib ketayotgan gaplarini eshitmadi. O'zining aytadiganini aytaverdi.

* * *

Risolat buvi odmi ko'ylagini kiydi. Boshiga zangor, to'q zangori rangli ro'molini tashladi. Oyog'iga kalish ildi. O'g'li Kavkaz tomonlardan olib kelgan uchi naqshli hassasiga tayandi-da, do'q-do'q yurib, ko'chaga chiqdi. Bu paytda kechagi voqealardan bir kecha o'tgan, yana tong otgandi. Hamma kechqurun yarim tungacha televizor ko'rgani uchun hali mast uyquda. Risolat buvi yana tush ko'rgan edi. Tushiga yana rahmatli choli, uning oshiqlik davrlari, Mirzacho'l, tuproq, loy changallab uni o'zlashtirganlari kiribdi…

«Takror-takror bir xil voqealar tushimga kiryapti. Bejizga bo'lmasa kerak. Nimadir qilishim kerak. Yaxshisi, cholimning boshiga boraman», deb o'yladi. Kecha Jamila bilan telefonda gaplashayotganda qizi: «Aya, uyda gapirib odamlarning g'ashiga tegmang. Hozirgi zamonda sergap odam birovga yoqmaydi. Hamma undan qochadi», degan edi.

Shundan so'ng hech kimga gapirmadi. «Ha» yoki «yo'q»dan nariga o'tmadi.

Mana, qabriston. Rang-barang atirgullar ochilib yotibdi. Mayin sabo bilan gullarning ifori uzoq-yaqinlarga taraladi. Har yer-har yerda majnuntollarning uzun kokillari sollanadi.

Risolat buvi cholining qabrini oson topdi. Oyoq tarafidagi o'rindiqqa o'tirib, nafasini rostladi. So'ng Qur'on tilovat qildi. Yengil epkinda ancha yillar avval o'tkazilgan atirgullarning shoxlari, g'unchalari, gullari, barglari tebranar edi. Risolat buvi ularga yaqinroq o'tirdi, kaftlarida siladi:

— Cho'lga yangi borgan paytlarimiz, o'z ixtiyorimiz bilan otilib chiqqanmiz. Usti ochiq mashinaga yigit-qizlar xuddi to'yga ketayotgandek kulisha-kulisha chiqibmiz. Ertadan kechgacha do'qir-do'qir yo'lda silkinib cho'lga yetib bordik. Hammayoq qamishzor. Yigitlar mashinadan tushib, tayoq uchiga latta cho'qmor qilishib chelakdagi solyarkaga botirib, mash'ala yasashdi. Har yer, har yerda mash'ala, qamish gulxanlar yoqilgach, ichimizga yorug'lik kirgandek bo'ldi. Men bolalarimning dadasini ilk bor mash'ala yog'dusida ko'rganman. Yuz-ko'zlarida olov aksi o'ynar, yanayam ko'zlari cho'g'lanib ko'rinardi…

Risolat buvining so'zlarini gullar ham, shabada ham bo'lmasdi. Shabada gullarni u tomonga egar, ular chindan ham buvini tinglayotganga o'xshardi. Buvi necha kundan buyon yuragida tug'yon qilayotgan, farzand, nabiralariga aytgisi kelayotgan xotiralarni gapirar, gapirgani sayin ovozi ochilib, ko'ngli ravshanlashib borardi…

Qutlibeka
RAHIMBOYEVA
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 25 | Теги: Dardkash izlagan ko'ngil | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar