Вс, 22.07.2018, 11:33
Приветствую Вас, Mexmon

Bo'lgan voqea: Qaynog'asini sevib yashagan kelin
— Butun umr qanday yashadim? Yashadimmi?.. O'ttiz besh yil rol o'ynab, yashamadim… Kimman? Taqdirim nega bunday bo'ldi? Hislarimga qulmanmi? Yaratgan meni nega bunday achchiq sinov bilan siyladi? Savollarimning cheki yo'q…

Avval vaqtni yengish uchun yashar, kurashar ekansan. O'ttiz besh yil vaqt bilan kurashdim, o'zim bilan olishdim. Faqat vaqtni yengdim. Na ichimdagi olov o'chdi, na dardlarim barham topdi. Yolg'iz vaqtgina ortga chekindi, yuzimni ajin qopladi…

O'ttiz besh yil oldin sochlari jamalak qiz edim. O'shanda o'ninchi sinfni endi tugatgan, o'n yettiga to'lib-to'lmagandim. Tuman markazida yashardik, o'qishga imkonim bor edi. Biroq otam meni o'qitishni istamadi. Oilada olti qiz edik. Men eng kattasi edim. Ular meni uzatishdan o'zgasini o'ylamasdi. Shunday bo'ldi ham. Sovchilar kelishi to'xtab qoladiganday shoshishardi. Bir kuni onam kelgan sovchilarni qaytardi. Ular qayta-qayta kelaverishdi, kelaverishdi. Axiyri o'g'li bilan uchrashishga onamni ko'ndirishdi. Uchrashuvga chiqdim. U paytlar to'ydan oldingi uchrashuvlar urf emasdi. Ko'pchilik qizlar nomus qilib bo'lajak turmush o'rtog'ini ko'rmay rozilik berar, suratini bir ko'rib yo ko'rmay tegib ketaverardi. Shu boismi, ko'rishishimiz uzog'i bilan besh daqiqaga cho'zildi. Suhbatlashish, yaxshiroq tanishishga vaqt, imkon qayda deysiz. Bir-birimizni ko'rishga zo'rg'a ulgurdik. Yetib borgungacha oyoqlarim qaltiray boshlagandi, qattiq hayajonlanardim. Aytilgan joyda bo'ylari baland, kelishgan bir yigit kutib turardi. U o'zini Asqar deb tanishtirdi. Qaytib qarashga yuragim betlamadi. Titrog'imni sezdirib qo'ymay dedim. Tezda xayrlashdik. Yurishga majolim yo'q — baxtiyor edim. Uyga kelib onamga roziman dedim. Qarorimdan hamma hayron edi.

Osmonlarda uchardim. Tunlari qiyofasini ko'z oldimga keltirib uxlar, tongda ismini aytib uyg'onardim. Sevgi-muhabbat deganlari shunday yoqimlimikin, derdim o'zimga. Uni o'zimdan ham qizg'anardim. Yursam ham, tursam ham qo'shiq kuylagim kelar, suvga chiqsam ham ariq bo'yida xayol surardim. Umrimda ilk bor sevib qolgandim…

Ular qo'shni tumanda turishardi. Uchrashuvdan so'ng bir marta sovchilar keldi. Ular juda shoshishardi. Umumiy tanish-bilishlar yo'qligi sabab chuqurroq so'rab-surishtirilmadi ham. Unashtiruv bo'lib o'tdi.

Men mast edim. Atrofimda nimalar bo'layotganini to'la anglamasdim ham. O'zim bilan o'zim bo'lib qolgandim. Baxtdan sarxush yurardim. Onam sho'rlik esa hali bozorga boradi, hali ko'rpa qaviydi, hali dalasiga chopadi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demaydi. Qizining baxti ochilganidan uning ham boshi osmonda.

To'yga bir hafta qolganda negadir kuyov bilan uchrashishimizga to'g'ri kelib qoldi. Bir kun oldin oynaning yoniga tanda qurib oldim. Sochimni ming xil taradim. Uni hayratlantirishni, o'zimday sevdirishni istardim. Ishonasizmi, shunchalar o'tli muhabbat bor edi ko'ksimda, o'zimdan katta edi u his. Ammo ko'rayotganlarimning bari tush ekan. O'sha kuni ustimdan bir chelak suv quyishdi, uyg'otib yuborishdi.

Erta tongdanoq uning yoniga shoshdim. Vaqtli yo'lga chiqqanim sabab ko'chalarda to'xtab-to'xtab oldim. Axir undan oldin borsam, uyat bo'lardi-da. Faqat ko'z oldimda baxt gavdalanardi.

Kechroq borgan bo'lsam ham negadir uni topolmasdim. Butun vujudim ko'zga aylanib izladim. Biroq topolmasdim. Ko'nglim g'ashlana boshladi. Xuddi noxushlik yuz beradiganday edi. Yonimga bir notanish yigit kelib to'xtadi. Unga najot bilan tikildim. U xuddi meni taniydiganday:

— Nigora sizmisiz? — dedi.

— Ha, menman, — dedim.

U biroz o'ng'aysizlanib:

— Men Asqarman, — dedi.

Nima bo'layotganiga tushunmasdim. «Qaysi Asqar?» desam, «Bo'lajak turmush o'rtog'ingiz», dedi. Avvaliga ishonmadim.

— Hazillashyapsizmi? — dedim.

— Yo'q. O'tgan safar ish bilan uzoqqa ketgandim. O'rnimga akam siz bilan ko'rishdi, — dedi.

Men tosh kabi turgan joyimda qotdim. Na biror gap eshitaman, na atrofimda nima bo'layotganini anglayman. Qarshimdagi yigit ko'zimga balo-qazoday ko'rinardi. Koshkiydi, u akasiga o'xshasa. Uning g'irt teskarisi tashqi ko'rinish ham, muomalayu o'zini tutishi ham. Ularni aka-uka deb ham o'ylamaydi birov. Damim ichimga tushib ketdi, oyoq-qo'llarim bo'shashib shalvirab qoldi. Meni aldashgandi, hislarim bilan o'ynashishgandi. Eng yomoni, men bo'lajak erimning akasini, qaynakamni jonimdan ortiq ko'rardim. Xunuk iljayib turgan taqdirimga yozilgan insondan shunday
nafratlandimki, xayrlashishni ham unutib uyga jo'nadim.

Kelib hammasini onamga aytib berdim. O'zimni bilmay yig'lardim. U ham karaxt bo'lib qoldi, so'ng otamga aytdi bo'lgan voqeani. Otam esa pinagini ham buzmadi. Men yolvora boshladim, to'yni qaytaraylik, dedim. Onamning oyoqlariga yiqildim, otamni ko'ndiring, dedim. Baribir, ko'ndirolmasdi, ko'ndirmasdi ham. Axir onam bitta emas, oltita qiz tuqqan. Mening to'yim qaytsa, ularning qismatiga bu, albatta, ta'sir etardi. Xullas, hech kim rozi bo'lmadi.

Men bir hafta ichida ado bo'ldim. To'yim bo'lmasligini Xudodan kechayu kunduz so'radim. Meni kutib turgan dahshatlarni to'liq tasavvur etolmasam-da, ko'nglim sezib turardi. Hammasi yolg'on bo'lishini, akasi hazillashgan, aslida, o'zi bo'lishini juda istardim. Aks holda, u bilan bir uyda yashash qo'rqinchli edi.

To'y bo'ldi. Men o'z to'yimni xuddi motamda o'tirganday o'tkazdim. Bu ham xatomdir. Balki, baxtimni quvnab kutib olganimda…

To'ydan oldingi azoblarim holva ekan, hammasi keyin boshlandi. Misli do'zaxda yona boshladim. Qaynakam harbiy, har kuni ishga ketadi. Xotinini sevadi, bitta o'g'ilchasi bor. Mening erim esa g'irt takasaltang edi. Hech qaerda ishlamaydi, yurish-turishining tayini yo'q. Bir-ikkita bekorchi o'rtoqlari bilan tentiragani-tentiragan.

Qaynakamga ham, boshqalarga ham hislarimni sezdirmaganman. Har holda, shunga harakat qilganman. Ayoli ishga kuzatayotganda ichimni it tirnardi, unga shunday havas qilardimki… Ishdan qaytadigan payti bo'lishini intiqib kutardim. Ovqatni uning uchun pishirardim. Har kuni ming marta o'lib, ming marta tirilardim. Ba'zan Xudoga qutqar, deb yolvorsam, ba'zida bir uyda yashayotganimga, har kuni ko'rib turishimga shukr qilardim.

Erimni shu qadar yomon ko'rardimki… Uyga kelmasin, deb yurak hovuchlardim. Ajrashib ketolmasdim. Suymaganim bilan umrimni o'tkazishga mahkum edim. Ko'z oldimga besh singlim kelardi. Norasidalarning taqdiri baxtiqarolikka burilmasin dedim. Qancha olov bo'lsa, yonishga ko'ndim.

Erimga biroz mehr ko'rsatmasam, oilam buzilib ketishi tayin edi. Ammo bunga o'zimni majburlay olmadim. Shunda xayolan erimning o'rniga akasini qo'ydim. Uni xayolimda tasavvur qilib yashay boshladim. Axir ular hayotda shunday qilishdi-ku!

Biroz tinchib yashadim. Ba'zan menga ishonayotganlarini ko'rib hayratlanardim. Qanday dahshatli sahna. Bu orada ikki farzandli bo'ldim. O'zimdan jirkangan paytlarim ham bo'ldi. Ammo nega? Nega o'zimdan nafratlanay, pok ishqim uchunmi, yo aldashga, o'zgalarning tinchini o'ylab tamom bo'layotganimgami? Shu o'ylar biroz bo'lsa-da, taskin berardi.

Qaynakam va ovsinim uy olib, ko'chib ketishdi. Endi shunday azoblana boshladim, asti qo'yavering. Ahyon-ahyonda yashirib doim olib yuradigan suratiga tikiladigan bo'ldim.

Hozirgacha shunday. U ko'zimga boshqacha ko'rinadi. Shuncha o'tgan yillar uni qalbimdan olib ketolmadi. O'ttiz besh yil olov ichida yashadim. O'ttiz besh yil adoyi tamom bo'ldim. Biroq hech kimga churq etmadim, nomus qildim. Goh o'zimni, goh ularni aybladim. Biroq bu hech narsani o'zgartirmadi. Qismat meni rol ijro etishga majbur qildi. O'lmadim. Ammo… Har kuni yuzlab sochim oqarayotganini, bitta tomirim chars uzilayotganini his etdim.

Pinhon qilgan gunohlarimni Xudo kechiradimi? Bilmayman… Ammo shunisi aniq, bularni o'z istaklarim bilan qilmadim.

NIGORA

Surxondaryo
Категория: Hikoyalar (Real Voqealar) | Добавил: Admin (28.06.2018)
Просмотров: 54 | Теги: Bo'lgan voqea: Qaynog'asini sevib y | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar