Xurmoning xosiyatlari

Qur’oni karimda xurmo mevasi jannat ne’matlari qatorida zikr etilgan. «Mevalar, xurmo va anorlar bordir» (Rahmon, 68).
Xurmo Qur’oni Karimning 8 ta joyida yolg‘iz va 12 joyida boshqa mevalar qatorida (uzum, anor va h.z.) zikr qilingan. Uning poyasini qadimda qurilish ashyosi, barglarini esa gilam, yelpig‘ichlar yasashda ishlatishgan.

Ramazon oyida iftorlik dasturxonining ko‘rki, albatta, quritilgan xurmo hisoblanadi. Uning mazfati, kabkab, barxi, anbara, xadravi kabi bir qancha turlari bor. Islom ta’limotida keltirilishicha, payg‘ambar Muhammad alayhissalom hayotlari davomida iste’mol qiladigan ozuqalar ichida aynan xurmo eng mashhuri hisoblangan. Bu borada ko‘plab hadislar ham rivoyat qilingan.

Oisha roziyallohu anhu dedi: “Oydan oyga qarab turardik, Payg‘ambar alayhissalomning uylarida qozon osilmasdi, yemagimiz faqat xurmo bilan sut bo‘lardi. Rasululloh alayhissalomning ansoriy qo‘shnilari ba’zan bizga ichishimiz uchun sut keltirib berishardi. Biz shuni ichardik” (Buxoriy rivoyati). “Sahihayn” kitobida Sa’d ibn Abu Vaqqosdan keltirilgan rivoyatda esa shunday deyiladi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimki ertalab uchta ajva xurmosidan tanovul qilsa, unga o‘sha kun zahar ham, sehr ham ta’sir qilmaydi”.

Xurmo salomatlik borasida ham juda foydali ne’mat hisoblanadi. Yoqimli va shirin ta’m beradigan uglevodlarga boy. Quruq meva tarkibida foliy kislotasi, shuningdek, RR, V va A vitaminlari, temir, sink va magniy miqdori ko‘p.

Alohida ta’kidlash joizki, A vitamini bolalarning o‘sishi va suyaklari mustahkam bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘rish quvvati, eshitish qobiliyatini oshiradi, asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi, qon tomirlarini yumshatadi. Ichak yallig‘lanishi, oshqozon yarasiga shifo bo‘ladi.

Xurmo boshqa mevalarga qaraganda fosforga boy. Yuz gramm xurmo mevasida qirq gramm fosfor bor. Bu esa suyak va tishning baquvvat bo‘lishini ta’minlaydi.
Ro‘zador kishining iftorlik va saharlikda xurmo tanovul qilishi kun bo‘yi toliqmasligiga ko‘mak beradi.

Ba’zi kishilarga ushbu mevani iste’mol qilish uchun cheklov mavjud. Jumladan, qandli diabetga chalingan kishilarga. Chunki u qondagi shakar miqdorini juda tez oshiradi. Qolaversa, yuqori kaloriyaga ega bo‘lgani uchun semirish va ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilarga ham tavsiya etilmaydi. Shuningdek, tishlarida kariyesning rivojlanishi yuqori bo‘lganlar ham uni me’yorida iste’mol qilishi maqsadga muvofiq.

Quritilgan xurmo mevasining foyda va zararlarini hisobga olgan holda kattalar kun davomida 3–5 dona, bolalar esa 1–2 dona yeyishi yetarli hisoblanadi. Quritilgan xurmoni butunligicha yeyish tavsiya etiladi. Uning po‘stlog‘ini zinhor archmang, chunki juda ko‘p qimmatli moddalarga ega.

Категория: Foydali Maqolalar | Добавил: Admin (26.04.2020)
Просмотров: 153 | Теги: Xurmoning xosiyatlari | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close