09:06
Xitoylik olimlar koronavirusdan ko‘proq erkaklar vafot etayotganini aniqladi

Xitoylik olimlarning yangi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, erkaklarning COVID-19’dan o‘lish darajasi ayollarga nisbatan 2,5 baravar yuqori, kasallikning o‘zi esa erkaklarda nisbatan og‘irroq shaklda o‘tadi. Tadqiqot natijalari Frontiers in Public Health jurnalida e'lon qilindi.

COVID-19 infeksiyasi ko‘p jihatdan olimlar uchun jumboq bo‘lib qolmoqda. Xususan, olimlar nima uchun kasallik ba’zilarda o‘lim xavfini yuzaga keltirayotgani, ba’zilarda esa belgilarsiz o‘tayotganini hali ham tushunmayapti.

Pandemiya boshlanganidan buyon asosiy xavf guruhiga keksalar hamda diabet, yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari kasalliklari kabi boshqa kasalligi bo‘lgan kishilar kirishi deyarli tushunarli edi. Bolalarda esa COVID-19 nisbatan yengil shaklda o‘tishi haqida ham ko‘plab ma’lumotlar berildi.

Pekinning Tongren kasalxonasi shifokorlari COVID-19 bilan xastalanish va undan vafot etish bo‘yicha jinslar o‘rtasidagi farq yuzasidan birinchi tahlilni amalga oshirdi.

Tadqiqot rahbari Jin-Kui Yanning ma’lum qilishicha, yanvar oyining boshida COVID-19’dan vafot etayotgan erkaklarning soni ayollarga nisbatan ko‘p ekanligi kuzatilgan.

Tahlilga shifokorlarning o‘zi tomonidan davolangan 43 nafar bemor va barcha uchun ochiq bo‘lgan bazadan 1056 nafar bemorning ma’lumotlari olingan. Yangi SARS-CoV-2 koronavirusi 2003-yilda tarqalgan SARS virusiga o‘xshashligi hisobga olingan holda, olimlar 2003-yildagi SARS virusi bilan kasallangan 524 nafar bemorning ma’lumotlarini ham olgan. Tanlab olingan bemorlar ichida kasallangan erkaklar va ayollarning yoshi va soni bir xil bo‘lgan.

Tadqiqot mualliflarining xulosalariga ko‘ra, COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar orasida kasallik belgilari nisbatan og‘ir bo‘lgan va o‘lim xavfi yuqoriroq bo‘lganlar guruhini asosiy kasallikka qo‘shimcha boshqa kasalliklari bo‘lgan keksalar tashkil qilgan. Biroq qolgan bemorlarning ichida erkaklarda kasallik ayollarga nisbatan og‘irroq shaklda o‘tgan.

COVID-19 bo‘yicha tahlil qilingan bemorlar ichida vafot etganlarning 70 foizini erkaklar tashkil qilgan. Bu esa erkaklarda o‘lim xavfi yoshidan qat’i nazar ayollarga nisbatan 2,5 baravar yuqoriroq ekanligini bildiradi. 2003-yildagi SARS virusi bilan kasallangan bemorlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan.

Qiziq tomoni shundaki, virusning hujumida ishtirok etadigan ACE2 oqsillarining darajasi SARS infeksiyasida ham, COVID-19 infeksiyasida ham yurak-qon tomir kasalliklari va diabeti bor bemorlarda, shuningdek, yoshidan qat’i nazar erkaklarda yuqori bo‘lgan. Tadqiqot mualliflarining fikricha, aynan shu omil virusning erkaklarga kuchliroq hujum qilishiga aosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Olimlarning fikricha, nima sababdan COVID-19 erkaklarda og‘irroq o‘tishi va o‘lim darajasi yuqori ekanligini aniqlash uchun qo‘shimcha va nisbatan keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish kerak. Olingan natijalar erkaklar koronavirus oldida nisbatan ojizroq ekanligini ko‘rsatuvchi va eng ko‘p zarar yetadigan guruhni aniqlashga yordam beradigan aniq dalil hisoblanadi.

Tadqiqot rahbari keksa yoshli erkak bemorlarga qo‘shimcha g‘amxorlik qilishni va zudlik bilan ularni intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirishni tavsiya qilgan.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 247 | Добавил: Admin | Теги: Xitoylik olimlar koronavirusdan ko‘ | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close