19:31
Xitoyda koronavirus sabab internet-foydalanuvchilar soni 900 mln kishidan oshib ketdi

Xitoyda COVID-19 pandemiyasi sabab internet foydalanuvchilari soni 900 milliondan oshib ketdi. Bu haqda Xitoy axborot tarmoqlari markazi tomonidan mamlakatda internetning rivojlanishi to‘g‘risidagi 45-hisobotida so‘z boradi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.

Hisobot 2019-yilning ikkinchi yarim yilligidan 2020-yilning mart oyigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilning mart oyi bo‘yicha Xitoyda internet foydalanuvchilari soni 904 million kishiga yetgan, bu 2018-yilning oxiri bilan taqqoslaganda 75 million odamga ko‘p demakdir. Mamlakatda internet tarqalishi koeffitsiyenti 64,5 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 99,3 foiz foydalanuvchilar tarmoqqa mobil telefonlari orqali kirgan, 896 million odam esa tezkor xabar alamashish servislaridan foydalangan — bu 2018-yilning oxiriga nisbatan 100 million kishiga ko‘p.

Xitoydagi internet foydalanuvchilarining 80 foizdan ortig‘i (731 million) yangiliklarni tarmoqdan o‘qigan — bu 2018-yilga nisbatan qariyb 56 million kishiga ko‘p demak.

Shuningdek, internet orqali xaridlarni amalga oshiradigan foydalanuvchilar soni 710 million kishiga yetgan.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi sabab ko‘ngilochar onlayn-platformalardan foydalanuvchilar soni ortib ketgan. 2020-yil mart holatiga ko‘ra, foydalanuvchilar orasida videoroliklarning ommabopligi tezkor xabar almashish servislardan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Raqamlarda keltirilishicha, onlayn-videorolik platformalaridan foydalanuvchilar 850 million kishiga yetgan — bu 2018-yil bilan taqqoslanganda 126 million kishiga ko‘p.

Bundan tashqari, masofadan turib ta’lim olish platformalariga bo‘lgan talab ham oshib ketgan — 423 million foydalanuvchi. Davlat xizmatlaridan onlayn foydalanuvchi fuqarolar soni esa 694 million kishiga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019/2020-o‘quv yili onlayn tarzda yakunlanadigan bo'ldi. Mamlakatda internet orqali tibbiy maslahat olish imkoniyati yaratilgan, shuningdek, bank, soliq, ta'lim sohasida ham sohalarida ish onlayn tashkil qilingan.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 152 | Добавил: Admin | Теги: Xitoyda koronavirus sabab internet- | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close