09:19
Surxondaryoda 20 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 2020-yil 12-aprel kuni Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qiymati 20 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga olib kirilishi rejalashtiriligan yirik miqdordagi sigaret mahsulotlari yuklangan avtotransport vositasini hujjatlarda go‘yoki yuksiz holatda ko‘rsatib, Surxondaryo viloyatidagi “Gulbahor” chegara bojxona postidan o‘tkazish evaziga bojxona xodimiga 10 500 AQSh dollarini pora tariqasida taklif etgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.

Tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro D.U. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Termiz tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida avtotransport yukxonasiga joylashtirilgan konteyner ichida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 749 900 quti Golden Club sigareti borligi aniqlangan.

Ushbu jinoiy rejani tuzishda ishtirok etgan va uni amalga amalga oshirish maqsadida qulay fursatni kutib Surxondaryo viloyatida yashirinib yurgan N.Z., N.A., A.A. va M.N. ismli jinoiy guruh a’zolari ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Shuningdek, bojxona xodimi bilan kelish uchun vositachilik qilgan fuqaro R.Ch. ham o‘zining yashash xonadonida ushlangan va vositachilik qilganligi evaziga haydovchi D.U. tomonidan berilgan 5 400 AQSh dollarini ashyoviy dalil sifatida topshirgan.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jinoiy guruh a’zolarining rejalari amalga oshsa, davlat budjetiga 11 milliard 349 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlari o‘tkazilmay qolishi mumkin edi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonunlarni buzish), 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborildi.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 155 | Добавил: Admin | Теги: Surxondaryoda 20 mlrd so‘mlik tamak | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close