05:31
Sadir Japarov Qirg'iziston qarzlarini to'lamasa muhim ob'yektlar Xitoy nazoratiga o'tishi mumkinligini aytdi

Qirg'izistondagi eng yirik elektr inshooti – Bishkek issiqlik elektr stansiyasi, shuningdek, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi Xitoy nazoratiga o'tishi mumkin.

Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov, agar rasmiy Bishkek XXR oldidagi tashqi qarzini to'lamasa, mamlakatdagi ba'zi muhim ob'yektlar Xitoy nazorati ostiga o'tishi mumkinligini istisno qilmadi.

Sadir Japarovning so'zlariga ko'ra, mamlakatning tashqi qarzi bankka beriladigan oddiy kredit kabi tizim bo'yicha to'lanadi va agar qarz oluvchi o'z majburiyatlarini bajara olmasa, ularni mol-mulk bilan to'laydi.

Xitoy nazorati ostiga o'tishi mumkin bo'lgan inshootlar orasida Qirg'iziston rahbari mamlakat shimolidagi eng yirik elektr inshooti – Bishkek issiqlik elektr stansiyasi, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi, shuningdek, respublikaning shimoli va janubidagi birlashtiruvchi yo'lni aytib o'tgan.

Qirg'iziston prezidentining ta'kidlashicha, ushbu infratuzilma loyihalari uchun mablag' ajratish to'g'risidagi kelishuvlar avvalgi prezidentlar davrida tuzilgani bois shartlar yumshoqroq bo'lishi mumkin.

«Ammo biz qarzlarni o'z vaqtida to'layapmiz. 2020 yilda, 31 dekabrga qadar biz 30 million dollar to'lashimiz kerak edi. Bu mablag'ni to'ladik. Bu yil ham to'lashimizga ishonamiz. Bizda mablag' manbalari mavjud», dedi Sadir Japarov.

Xitoy Qirg'izistonning eng katta kreditori hisoblanadi. Bu qo'shni respublikaning xorijiy kreditlari bo'yicha majburiyatlarining 40 foizdan ortig'ini tashkil etadi. So'nggi o'n yil ichida Xitoy Qirg'izistonga kreditlar berishni oshirdi va bir qator yirik infratuzilma loyihalariga mablag' ajratgan.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 25 | Добавил: Admin | Теги: Sadir Japarov Qirg'iziston qarzlari | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close