17:00
Qozog‘istonda tibbiyot xodimlarining 120 nafari koronavirus yuqtirib oldi
Qozog‘istonda 120 nafar tibbiyot xodimi koronavirus yuqtirib oldi, deb xabar bermoqda Tengrinews. Bu haqda brifingda mamlakat bosh sanitar shifokori Ayjan Yesmagambetova ma’lum qilgan.

“Ularning 67 nafari koronavirusga gumonlangan yoki kasallanib bo‘lgan bemorlarga yordam bergan tibbiyot xodimidir”, — deydi u.

Uning aytishicha, kasallangan shifokorlardan biri og‘ir ahvolda, 9 kishining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, qolganlarida kasallik alomatlarsiz, yengil kechmoqda.

“Xodimlarning tayyorgarligi va yetarliligiga kelsak, bugungi kunda 16 ming nafar tibbiyot xodimi davolash va profilaktika masalalariga jalb qilingan. Shuningdek, 10 ming nafar tibbiyot xodimlaridan iborat zaxira shakllantirilgan”, — deydi mamlakat bosh sanitar shifokori.

Uning ta’kidlashicha, karantin sharoitida barcha tibbiyot tashkilotlarida rejali yordam cheklangan bo‘lib, zarur holatda ushbu tashkilotlarning barcha tibbiy xodimlari koronavirusga chalingan bemorlarga yordam berish uchun jalb etilishi mumkin.

O‘tgan haftada sog‘liqni saqlash vaziri Eljan Birtanov onlayn brifing chog‘ida ish joyida koronavirus yuqtirib olgan 28 nafar shifokor haqida ma’lum qilgan. Vazir bundan tashqari koronavirus yuqtirgan yana bir guruh tibbiyot xodimlari borligi, ular virusni qarindoshlaridan yuqtirganini, ya’ni COVID-19’ga qarshi kurash faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda kasallanganligini bildirgan, biroq ularning soniga aniqlik kiritmagan.

Qozog‘iston hukumati qaroriga ko‘ra, mamlakatda epidemiyaga qarshi tadbirlarda ishtirok etgan shifokorlarga 212,5 ming tenge (taxminan 4,7 million so‘m)dan 850 ming tenge (taxminan 19 million so‘m)gacha pul to‘lanadi.

O‘zbekistonda esa koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etadigan shifokorlarga 25 million so‘mdan, hamshiralarga esa 15 million so‘mdan to‘lanadi. Ayni paytda mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar soni 504 kishiga yetgan bo‘lib, ularning 11 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti xodimidir.

Avvalroq Qirg‘izistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 228 kishiga yetgani, ularning 9 nafari tibbiyot xodimi ekanligi haqida xabar berilgan edi.
Категория: Yangiliklar | Просмотров: 870 | Добавил: Admin | Теги: Qozog‘istonda tibbiyot xodimlarinin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close