12:27
PFL Termizdagi ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan shifokorni futboldan umuman chetlashtirib yubordi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Birinchi ligasining 13-turidan joy olgan “Surxon” — “Andijon” o‘yinida hakam 8 ta qizil kartochka ko‘rsatgani va har ikki klubning 4 nafardan futbolchisini maydondan chetlatgani xabar berilgandi.

PFL Termizdagi o‘yin voqeasini atroflicha o‘rganib chiqdi va ommaviy mushtlashuv ishtirokchilarini jazoladi. Ma’lum bo‘lishicha, umumiy sakkiz futbolchidan tashqari “Surxon” klubining shifokori ham janjalda faollik ko‘rsatgan va andijonlik futbolchilardan birini jazolagan.

Bunga qadar “Championat.asia” nashri “Surxon” — “Andijon” o‘yinida nazoratchi bo‘lib ishlagan Shamil Jumayev bilan bog‘lanib, janjal tafsilotlarini bilishga harakat qilgandi.

Futbolchilar o‘zini boshqara olmay qoldi. Ikkala jamoaga ham g‘alaba zarur edi. Natijada janjal kelib chiqdi. Uni andijonlik futbolchi boshladi.

Goldan keyin o‘yin yana ikki daqiqa davom etdi va uning yakuniga futbolchilar bir-birini qo‘lini siqib xayrlashdi.

Shamil Jumayev, uchrashuv nazoratchisi



PFL qarori

PFL reglamenti (Tartib-intizom kodeksi 5-modda, 2-bo‘lim, 5.40 bandi hamda 5-modda, 4-bo‘lim, 5.37 bandi)ni buzgani uchun “Surxon” va “Andijon” futbol klublari jarimaga tortildi.

“Surxon” klubi yarim himoyachisi Timur Mamadaliyev (Tartib-intizom kodeksi 3-bo‘lim, 5.45 bandi va “i”, “p” bandlariga asosan) 9 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Surxon” himoyachisi Sanjar Shomurodov (Tartib-intizom qo‘mitasi 3-bo‘lim, 5.45 bandi va “e”, “i”, “k”, “o” hamda “p” bandlariga asosan) mavsum oxiriga qadar chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Surxon” himoyachisi Najmiddin Normurodov 5 ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi.

“Surxon” hujumchisi Akmal Abdurahmonov 2 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Surxon” klubi vrachi Fahriddin Abdusamatov agressiv hatti-harakatlari hamda “Andijon” PFK futbolchisiga jarohat yetkazgani uchun egallab turgan lavozimidan chetlatildi va bundan buyon O‘FF hamda PFL tasarrufidagi musobaqalarda ishlash vakolatidan mahrum etildi.

“Andijon” yarim himoyachisi Ibrohim Otaxonov 4 ta o‘yinga chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Andijon” yarim himoyachisi Farhod Bekmurodov 3 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Andijon” yarim himoyachisi Sanjar Asqaraliyev 4 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

“Andijon” himoyachisi Akbar Xo‘jayev 2 ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi.

Agar mazkur holat yana takrorlansa, “Surxon” va “Andijon” klublariga nisbatan yanada qattiqqo‘l choralar qo‘llaniladi. Shuningdek, har ikki klubning rahbarlari va murabbiylar shtabi egallab turgan lavozimlari muvofqiligi ko‘rib chiqiladi, deb yozilgan PFL saytida.

Tashkilot qo‘llagan jarimalari miqdorini odatiga ko‘ra oshkor etmagan. “Championat.asia” nashri PFL ko‘rsatgan reglament bandlarida quyidagi so‘zlar yozilganini qayd etgan.

Reglament bo‘yicha bu bandlarni buzgani uchun klublarga quyidagi jazolar qo‘llaniladi:

a) ogohlantirish;
b) Oliy liga, birinchi liga, O‘zbekiston kubogi o‘yinlarini o‘tkazishda rasmiy majburiyatlarni bajarishdan diskvalifikatsiya qilish yoki ma’lum muddatga futboldan chetlatish;
v) jarima — 10.000.000 so‘m;
g) murabbiy litsenziyasini qaytarib olish;
d) Har qanday futbol faoliyatidan noma’lum muddatga chetlatish.

PFL bu bandlarga rioya qilganmi yoki yo‘q — aniqlik kiritilmagan.

Manba: Daryo.uz
Категория: Sport Yangiliklar | Просмотров: 700 | Добавил: Admin | Теги: PFL Termizdagi ommaviy mushtlashuvd | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close