18:19
O‘zbekistonda koronavirusdan to‘liq tuzalganlar soni 66 nafarga yetdi
O‘zbekistonda yana 24 nafar bemor koronavirusdan butunlay forig‘ bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Vazirlikning bildirishicha, shifokorlarning bilimi va tajribasi tufayli koronavirus infeksiyasiga chalinganlar orasida o‘lim ko‘rsatkichlarining minimal darajada bo‘lishi va aksincha, sog‘ayganlarning maksimal darajada bo‘lishiga erishilmoqda.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan tashqari Xorazm va Namangan viloyatlari yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning butunlay sog‘ayishiga erishilmoqda. Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirus bilan kasallangan 4 nafar bemor butunlay sog‘aygan. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Tuzalganlarning ikki nafari (biri Andijondan, yana biri esa Toshkent viloyatidan) Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, 26-mart kuni ulardan olingan tahlillarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi. Ikki nafar farg‘onalik fuqaro esa charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga olib kelingan, ularda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangandi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirus infeksiyasiga chalingan yana bir nafar bemor butunlay sog‘ayib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Shu tariqa O‘zbekistonda ayni paytda koronavirusdan to‘liq sog‘ayganlar soni 66 nafarga yetgan.

Bu kabi samarali natijalarga erishishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonning pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi yetakchi mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalar olinib, ularning bir jamoa bo‘lib faoliyat ko‘rsatayotganligi ana shunday ijobiy yutuqlarni qo‘lga kiritishning muhim omiliga aylandi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 12-aprel soat 16:00 holatiga 833 nafarga yetgan. Avval Toshkentda koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarning navbatdagi guruhi o‘rin almashgani, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olgan yana bir bemorning vafot etgani, O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlar soni 46 mingtadan oshib ketgani haqida xabarlar berilgan.
Категория: Yangiliklar | Просмотров: 450 | Добавил: Admin | Теги: O‘zbekistonda koronavirusdan to‘liq | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close