18:11
O‘zbekistonda abituriyentlar hujjatlarini DTM sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish jarayonini Davlat test markazi sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori muhokama uchun e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining “‘Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida’ 2019-yil 7-iyundagi 468-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasiga ko‘ra, abituriyentlar hujjatlarini Davlat xizmatlari markazlarida qabul qilish tartibi bekor qilinadi va bu jarayonni Davlat test markazi sayti orqali amalga oshirish belgilanadi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga o‘n kun muddatda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi o‘n kun muddatda o‘zining rasmiy veb-saytida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish imkoniyatini yaratishi belgilab qo‘yilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish sxemasi quyidagi tartibda ishlaydi.

Birinchi bosqich. Abituriyent o‘z xohishiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tadi. Shundan so‘ng so‘rovnoma bo‘yicha ma’lumotlarni Davlat test markazida shakllantiriladigan abituriyentlar bazasiga maxsus dastur orqali elektron ravishda kiritadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar tomonidan to‘lov to‘lanadi.

Ikkinchi bosqich. Davlat test markazi abituriyentlar bazasiga kiritilgan ma’lumotlarni avtomatik tarzda qabul qiladi. Davlat test markazi abituriyentlardan hujjat qabul qilish muddati to‘liq tugagandan so‘ng test sinovi o‘tkaziladigan kun, vaqti va joyi haqidagi ma’lumotlarni rasmiy saytiga joylashtiradi hamda abituriyentlar bazasiga kiritilgan ma’lumotlar asosida test sinovi va tanlovni o‘tkazadi.

Uchinchi bosqich. Abituriyent imtihon natijalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda kerakli hujjatlarning asl nusxalarini tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘quv yilining 2-sentabr kuniga qadar taqdim etadi.

Loyiha Adliya vazirligi tomonidan 2-iyun kuni muhokama uchun e’lon qilgan va uning 17-iyungacha davom etishi ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus sababli O‘zbekistonda 2020-yilda OTMlarga kirish imtihonlari faqat 2ta mutaxassislik fanidan o‘tkaziladi.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 252 | Добавил: Admin | Теги: O‘zbekistonda abituriyentlar hujjat | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close