10:25
Moskvada koronavirus bilan kasallangan shifokor vafot etdi

Moskvadagi 3-sonli urush faxriylari gospitalida ishlagan urolog, 56 yoshli Maksim Starinskiy koronavirus infeksiyasining asoratlari tufayli vafot etdi. Bu haqda The Moscow Times nashri vrach bilan birga ishlagan ikki nafar hamshiraning ma’lumotiga asoslanib xabar tarqatgan.

Gospitalda aprel boshida koronavirusga qarshi statsionar davolash bo‘limi faoliyat boshlagandi. Hamshiralar kasalxonaning COVID-19 bemorlarini qabul qilishga tayyor bo‘lmaganini ta’kidlagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada gospitalning 64 nafar xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Kasallanganlarning ikki nafari intensiv terapiya bo‘limi palatalarida davolanmoqda.

20-aprel kuni 3-sonli urush faxriylari gospitalida koronavirusga chalingan tibbiyot xodimlarining borligi haqida sog‘liqni saqlash xodimlarining “Deystviye” hududlararo kasaba qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Konoval ma’lum qilgandi. U ham shifokorlardan biri vafot etgani haqida yozgan, biroq o‘lim sababi va vrachning ism-familiyasini oshkor qilmagandi.

The Moscow Times xabariga ko‘ra, Maksim Starinskiyning vafoti — COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolayotgan shifokorlar orasida kuzatilgan birinchi o‘lim holati. 16-aprelda Ulyanovsk viloyati rentgenologi Vladimir Fioshin ham koronavirus infeksiyasidan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan.

Rossiyaning bir nechta federal hududlarida kasalxonalar koronavirus infeksiyasi tarqalishining asosiy o‘choqlariga aylangan. Bu tibbiyot xodimlarida shaxsiy himoya vositalarining yetishmovchiligi kuzatilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Sankt-Peterburgda koronavirusga chalingan tibbiyot xodimlariga 4000 dollardan berilishi, Moskvada O‘RVI bilan xastalangan barcha bemorlar karantinga olinayotgani, Rossiyadagi kasalxonalardan birida 9 nafar tibbiyot xodimi koronavirusni yuqtirib olgani haqida xabarlar berilgan.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 180 | Добавил: Admin | Теги: Moskvada koronavirus bilan kasallan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close