12:17
Moskva viloyatida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 6 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Moskva viloyatidagi Ramenskoye tumanida 5-mayga o‘tar kechasi elektr simlarining nosozligi sababli muhojirlar yotoqxonasi yonib ketdi. Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida olti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, qolgan fuqarolar omon qolgan. Bu haqda “Moskovskiy komsomolets” xabar berdi.

Durnixa qishlog‘ida yonib ketgan ikki qavatli uy (maydoni 200 metr) ilgari mahalliy aholi vakiliga tegishli bo‘lgan, ammo bundan bir necha yil oldin uy migrantlar uchun yotoqxona barpo etgan tadbirkorga sotilgan. Bundan tashqari, migrantlar uchun bir nechta yashash vagonlari yer maydonining o‘zida o‘rnatilgan. Guvohlarning ta’kidlashicha, yotoqxonada hammasi bo‘lib ellikka yaqin odam bo‘lgan. So‘nggi vaqtlarda izolyatsiya tufayli migrantlar uyni deyarli tark etmagan.

Yong‘in haqida ma’lumot favqulodda xizmatlarga soat 04:21 da kelib tushgan. Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, keyin shifokorlar voqea joyiga yetib borgan. Yog‘ochdan qurilgan ikkinchi qavat butunlay yonib ketgan. Uch nafar erkak va uch nafar ayol vafot etgan: ular birinchi qavatga qulab tushgan. Aniqlanishicha, halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ularning yoshi taxminan 30 lar atrofida bo‘lgani aytilmoqda.

Hozirda tergovchilar migrantlarning Rossiya hududida bo‘lgani qonuniyligini tekshirmoqda. Bundan tashqari, tergovchilar uy egasini so‘roq qiladi.

Uy elektr uskunalar yordamida isitilgan, shuning uchun sodir bo‘lgan hodisaning asosiy versiyasi — simlardagi qisqa tutashuv. Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanmoqda. Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni Rossiyada turli baxtsiz hodisalar oqibatida vafot etgan 17 nafar fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingan edi.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 233 | Добавил: Admin | Теги: Moskva viloyatida sodir bo‘lgan yon | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
close