14:54 Kichkina qizaloq ukasini o`limdan qutqardi | |
Tessi — endigina olti yoshga kirgan bo`lsa-da, judayam aqlli qiz. Bir kuni u ota-onasining ukasi Ted haqida gaplashayotganliklarini, Tedning kasal bo`lib qolganini, ammo uni davolatish uchun pullari yo`qligini eshitib qoldi. Otasi yig`idan o`zini to`xtata olmayotgan onasini “Hozir Tedni faqatgina mo``jiza qutqarishi mumkin”, deb yupatardi. Shunda Tessi xonasiga yugurib kirib, murabbodan bo`shagan shisha bankada saqlaydigan tangalarini hisoblash uchun erga to`kdi. Ularni sanab bo`lgach, qaytadan idishga soldi va bankani bag`riga bosgancha, dorixonaga yugurdi. Tessi dorixonaga kirganda, dorixona sotuvchisi boshqa bir erkak bilan gaplashib turardi, u qizchaga umuman e`tibor bermadi. Tessi sotuvchining e`tiborini tortish uchun oyog`ini shapillatib ko`rdi. Sotuvchi hattoki o`girilib qaramadi. Shundan keyin qizcha qattiq yo`talib ko`rdi, foydasi bo`lmadi. Shunda u idish ichidagi tangalardan birini olib, u bilan peshtaxtani taqillatdi. — Senga nima kerak? — dorixona sotuvchisi jahl bilan. — Ko`rmayapsanmi, oldimda odam bor. Chikagodan kelgan, uzoq yillardan beri ko`rmagan ukam bilan gaplashyapman. — Men ham siz bilan ukam haqida gaplashmoqchi edim, — deb javob berdi Tessi ham qo`pollik bilan. — Ukam kasal... og`ir kasal... uning tuzalishi uchun mo``jiza sotib olishim kerak. — Tushunmadim, nima sotib olmoqchisan? — Ukamning ismi Ted, boshidan qandaydir o`simta o`sib chiqqan. Dadam uni faqatgina mo``jiza qutqaradi, dedi. Shu mo``jiza qancha turadi? — Qizaloq, uzr, men senga yordam berolmayman, chunki do`konimda sen izlayotgan mo``jiza sotilmaydi, — dedi dorixona sotuvchisi. — Menga yordam bering, uni sotib olishga pulim bor, agar pulim etmasa, yana olib kelaman. Faqatgina mo``jizaning qancha turishini aytsangiz bas! Yaxshi kiyingan dorixona sotuvchisining ukasi qizchaning oldiga borib, cho`kkalab o`tirdi. — Ukangga mo``jizaning qaysi turi kerak ekan? — Bilmadim, — deb xo`rsindi Tessi. — Faqatgina ukamning og`ir kasalligini bilaman. Oyimning aytishicha, uni operasiya qilish kerak ekan. Operasiya uchun dadamning puli yo`q, shunga o`zim yiqqan pulni ishlatishga qaror qildim. — Qancha puling bor? — deb so`radi chikagolik erkak. — Bir dollaru o`n bir sent, — deb g`o`ldiradi Tessi. — Bor pulim shu, mabodo etmasa, yana topib kelaman. — Bir dollaru o`n bir sent, ajoyib tasodif, — deb jilmaydi erkak. U qizchaning qo`lidan pulni olib, uyiga olib borishni so`radi: — Uylaringga borib, ukangni ko`rmoqchiman, keyin ota-onangdan ukang uchun aynan qaysi mo``jiza zarurligini bilmoqchiman! Dorixona sotuvchisining ukasi bo`lgan chikagolik erkak — mashhur jarroh, neyroxirurgiya bo`yicha etuk mutaxassis, doktor Karlton Armstrong edi. U Tedni bepul operasiya qildi, operasiya muvaffaqiyatli yakunlandi, bola uyiga sog`-salomat qaytdi. Tessining ota-onasi juda ham baxtiyor edi. Ular baxtli tasodif tufayli uylariga qadam ranjida qilgan jarroh haqida suhbatlashishardi. — Doktor haqiqiy mo``jiza yaratdi. Qiziq, operasiya qanchaga tushdi ekan? — deb shivirladi qizchaning onasi. Tessi jilmayib qo`ydi, axir faqatgina u mo``jizaning bahosini biladi, uning bahosi bir dollaru o`n bir sent va kichkina qizaloqning ishonchi edi... Manba: Darakchi.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |
|
|