Вс, 23.09.2018, 00:18
Приветствую Вас, Mexmon

10:52
Farg‘onalik 5 yoshli qizchaning o‘limiga sababchi bo‘lgan yigit 11 yilga qamaldi
Joriy yilning fevral oyi boshlarida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 5 yoshli qizni yo‘qolishi va keyinchalik vafot etgan holda topilganligi bilan bog‘liq jinoyat ishi barchani junbushga keltirdi, deb yozadi O‘zA.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqilib, 2018-yil 13-sentabr kuni ayblov hukmi e’lon qilindi.

“Bu holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Sud hay’ati tomonidan ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakillar, guvohlar, ekspert-mutaxassis va tergovchilarning ko‘rsatuvlarini, taraflar muzokarasini, sudlanuvchining muzokara va oxirgi so‘zlarini tinglab, jinoyat ishidagi hujjatlar va dalillar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Sud mazkur jinoyat ishi bo‘yicha adolatli hukmini chiqardi”, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi raisi M. Ibragimov.

Sudda aniqlanishicha, Qo‘shtepa tumanida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan Akmal Abdurahmonov 2018-yil 5-fevral kuni ertalab yashash xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda Poloson mahallasidagi 6-maktabgacha ta’lim muassasasi yonidan o‘tib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voyaga yetmagan Sh.G‘offoraliyev, X.G‘offoraliyeva va K.G‘offoraliyevani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirib, do‘kondan shirinliklar olib berishini aytib, aldab, Sh.G‘offoraliyev va X.G‘offoraliyevani velosipedining orqa o‘rindig‘iga, K.G‘offoraliyevani esa velosipedining old qismiga o‘tirg‘izib, ularni o‘g‘irlab ketgan.

Shundan so‘ng, A.Abdurahmonov o‘g‘irlab ketayotgan Sh.G‘offoraliyev va X.G‘offoraliyevani Oltiariq tumani, Toshxirmon ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yo‘l chetida qoldirib, K.G‘offoraliyevani esa o‘zi bilan birga velosipedda Toshkent – Marg‘ilon – Andijon yo‘nalishidagi temir yo‘lning Oltiariq – Marg‘ilon qismidan Marg‘ilon shahri yo‘nalishi tomonga olib borib, voyaga yetmagan, ojiz ahvoldagi K.G‘afforaliyevani ushbu temir yo‘lning 244 kilometri, 6-piketida uning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirib, shu joyda yolg‘iz o‘zini tashlab ketgan.

Natijada o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, voyaga yetmagan K.G‘offoraliyeva tungi vaqtda Qo‘qon – Marg‘ilon yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan 62-sonli yo‘lovchi poyezdi vagonlarining pastki qismidagi metall qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A. Abdurahmonov qo‘lga olingan. Tergov harakatlarida davomida A.Abdurahmonov voqea kuni boshqarib, jinoyat sodir etishda foydalangan oq-kulrang rangdagi, keyinchalik yashil ranga bo‘yab yashash xonadoniga yashirib qo‘ygan velosiped, yashash xonadonida bo‘lgan yashil rangli sepiladigan kraska uch dona bankalari, voqea sodir bo‘lgan kuni uning egnida bo‘lgan kulrang-qora rangli kurtka, qora rangli qalpog‘i daliliy ashyo tariqasida olingan. Bundan tashqari, Oltiariq tumani Hamza nomidagi mahalla hududida joylashgan jome masjidiga o‘rnatilgan video kuzatuv kamerasiga yozilgan videoyozuv bir dona kompakt diskka tushirilib, jinoyat ishiga qo‘shilgan. Bir necha turdagi ekspertizalar xulosalari bilan ham bu jinoyat ishi o‘z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi A. Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 117-moddasining (xavf ostida qoldirish) 2-qismi va 137-moddasi 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud qarori e’lon qilingandan so‘ng raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va jabrlanuvchining vakillariga tushuntirishlar berildi.

“Albatta, Oltiariq tumanida sodir bo‘lgan bu jinoyat barchani yanada ogoh va mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Maktabgacha ta’lim viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tarbiyalanuvchilarni maktabgacha ta’lim maskaniga olib kelish va undan olib ketish bilan bog‘liq jarayonga muhim e’tibor qaratishlari lozim bo‘ladi. Sud ana shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga mazkur jinoyat ishi yuzasidan xususiy ajrim chiqardi. Shuningdek, ota-onalar ham hech qachon farzand taqdiriga befarq bo‘lishlari kerak emas. Mana bu jinoyat ishi barchaga saboq bo‘lishi shartdir”, — deyiladi xabarda.
Категория: Yangiliklar | Просмотров: 62 | Добавил: Admin | Теги: Farg‘onalik 5 yoshli qizchaning o‘l | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar